O‘zgidromet iyun oyini eng issiq iyunlar beshligiga kiritdi

O‘zbekiston 07:47 / 06.07.2024 8077

O‘zbekistonda iyun oyi kuzatuv yillaridagi eng issiq iyunlar beshligiga kirdi. Bu haqda O‘zgidromet ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkentda o‘tgan iyun oyi 2021 va 2023 yillarning iyunlaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi, ular me’yordan 2,8−3,2 darajaga issiqroq bo‘lgandi.

Oy davomida harorat foni deyarli tekis bo‘lishi qayd etilgan. Respublikaning katta qismida iyun oyida maksimal harorat asosan +32…+37, janubda va cho‘l hududlarda +36…+41 daraja atrofida bo‘lgan.

Eng issiq ob-havo 27−28 iyunkunlari kuzatilgan. Ushbu kunlarda harorat +39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42…+43 darajagacha ko‘tarilgan. Bu iyun oyi uchun eng yuqori harorat qiymatlari emas.

Iyun oyidagi maksimal havo harorati rekordlari +42…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajani tashkil etadi. Xususan, Toshkentda 154 yillik meteorologik kuzatuvlar uchun 1914 yil iyun oyining mutlaq maksimal harorati +43 daraja bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda barcha kuzatuv yillari uchun mutlaq maksimum harorat 1914 yil Termiz shahrida kuzatilgan. O‘shanda Termiz shahrida harorat +49,6 darajaga yetgan. 1990 yil Qizilqum cho‘lida +47,4 daraja va 2022 yil Muborakda +47,4 darajada hamda 2005 yil Buxoroda 46,2 daraja harorat kuzatilgan.

2024 yil iyun oyida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyun oyi ekstremal quruq oy deb tavsiflanishi mumkin.

Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 0,0−4 mm ni, ayrim joylarda 6−11 mm.gachani tashkil etgan. Faqat Andijon, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonning shimolida yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘lgan. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 15−22 mm.ga yetgan.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘irlar tez-tez kuzatilgan hamda ayrim kunlarda yomg‘ir kuchli — bir necha soat ichida 10−20 mm.gacha bo‘lgan. Bir oy davomida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 25−35 mm.ga yetdi, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining baland tog‘li hududlarida 60−100 mm.gacha bo‘lishi kuzatilgan.

Shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida jala yomg‘irlar hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelgan.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s.gacha esgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 22−25 m/s.ga yetgan. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamolning ko‘chayishi changli bo‘ronlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 1000 metrgacha yomonlashgan.  

Ko‘proq yangiliklar: