O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil delegatsiyasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralarni davom ettirish uchun Qatarga keldi. G‘azo bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun “Mossad”ning rahbari David Barnea kelgan.
Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Baydenga xabar bergan, deb yozadi Reuters.
Agentlik manbasining ta’kidlashicha, HAMAS taklif etilgan kelishuv shartlariga ayrim o‘zgartirishlar kiritgach, kelishuvga erishish uchun real imkoniyatlar paydo bo‘lgan.
Isroilning muxolifatdagi “Milliy birlik” partiyasi yetakchisi Benni Gans garovda ushlab turilgan isroillik fuqarolarni qaytarish uchun HAMAS bilan har qanday kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilldi. U bu borada Netanyahu bilan muhokama ham o‘tkazgan.
Agar garovda ushlab turilganlarni almashish bo‘yicha kelishuv parlament muhokamasiga qo‘yiladigan bo‘lsa, u hukumatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ham ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniyada bosh vazir o‘zgardi
Leyborist Kir Stamer partiyasi bilan saylovlarda g‘alaba qozongach, Starmer qirol Charlz III dan yangi hukumatni shakllantirish uchun mandatni qo‘lga kiritdi.
Buyuk Britaniyaning leyboristlar partiyasi rahbari Kir Starmer rasman mamlakat bosh vaziri lavozimiga kirishdi va millatga murojaat bilan chiqish qildi. U millatga katta qayta yangilanish zarurligini ta’kidladi.
«Shubhasiz, har bir inson uchun mamlakatimiz katta qayta yangilanish o‘tkazish zaruriyati borligi tushunarli. Biz aslida kimligimizni qayta kashf qilishimiz kerak... Bu mamlakatning kuchli tomonlaridan biri doimo tinch suvlar tomon yo‘l topa olish bo‘lib kelgan. Lekin baribir bu siyosatchilarga bog‘liq, ayniqsa, men kabi barqarorlik va mo‘’tadillik yo‘lini tanlaydigan, tanlangan yo‘lni qay onda o‘zgartirish kerakligini anglaydigan siyosatchilarga», — deya Starmerning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda The Guardian.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat «doktrinalar yuki ostida qolmaydi» va faqat fuqarolar manfaatini ko‘zlab harakat qiladi. Starmer shuningdek Buyuk Britaniya hukumati «milliy yangilanish missiyasi»ga sodiq qolishini aytgan.
Kir Starmer 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan avvalgi parlament saylovlarida Leyboristlar partiyasi g‘alaba qozongach, bosh vazirga aylandi. Leyboristlar 412 ta o‘ringa ega bo‘lishdi (avvalgisidan 211 ta mandatga ko‘proq), bungacha ular 14 yil davomida muxolifatda bo‘lishgan. Konservativ partiya parlamentda 250 o‘rnidan judo bo‘lib, atigi 121 ta o‘rinni qo‘lga kiritishgan. U mamlakat tarixida leyboristlardan saylangan yettinchi bosh vazir bo‘ldi.
Putin va Orban uchrashuvi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan Ukrainadagi urushni tartibga solishning imkonli yo‘llarini muhokama qilganini ta’kidladi.
Putinga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi urushni tartibga solishni muhokama qilish uchun doim ochiq qolmoqda, biroq Ukraina tarafi buni istamayapti.
Putin har doimgidek, urushda G‘arbni aybladi va G‘arb davlatlari Ukrainadan Rossiyaga qarshi “taran” sifatida foydalanganini ta’kidladi.
Moskva Ukrainadagi urush shunchaki yarashuv qilinishi yoki pauzaga qo‘yilishini emas, Rossiya tomonidan sanab o‘tilgan shartlarda yakunlanishini istaydi, degan Putin.
Rossiya prezidenti Vengriya bosh vaziri bilan Yevropada kelgusidagi xavfsizlik arxitekturasining ehtimolli prinsiplarini ham muhokama qilganini aytib o‘tdi.
Ukrainadagi urush
So‘nggi oylarda Ukrainada Rossiya armiyasining kuniga 250 nafargacha askari o‘ldirilmoqda, urush boshlanganidan buyon esa halok bo‘lgan askarlar soni 120 mingdan oshgan. Bu raqamlarni «Meduza» nashri meros ishlari reyestri va o‘z hisob-kitoblariga asoslanib keltirmoqda.
Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilning boshidan buyon Rossiya armiyasining tiklab bo‘lmas yo‘qotishlari 39 ming kishiga oshgan. Bu o‘tgan yilning so‘nggi choragidagi halok bo‘lgan yo‘qotishlarning o‘rtacha sur’atidan qariyb ikki barobardan ham ko‘proq. O‘shanda kunlik yo‘qotishlar taxminan 120 kishiga baholangan edi, bugungi kunga kelib Ukrainada kuniga 200–250 rossiyalik askar halok bo‘layotgani ta’kidlanmoqda.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, yo‘qotishlar miqdorining oshishi shu yilning qishidan va Avdiyivka shahrining shturm qilinishidan boshlangan va butun front chizig‘i bo‘ylab hujumlar chog‘ida va Xarkiv oblastiga hujum chog‘ida davom etgan. Hozirgi bosqin Baxmut va Soledar uchun janglardagi yo‘qotishlardan oshib ketgan. O‘shanda Rossiya qo‘shinlari taxminan 21 ming askaridan ayrilgan.
AQSh, Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari razvedkasiga ko‘ra, Rossiya armiyasi urushga yollagan askarlarining barchasidan jang maydonida judo bo‘lmoqda, hattoki ayrim joylarda bundan ham ko‘proq. Kamida vaziyat may oyida shunday bo‘lgan, o‘shanda Rossiya Xarkiv oblastiga bostirib kirgan edi. Britaniya razvedkasi may oyini butun urush davomidagi eng qonli oy deb atagan va kunlik yo‘qotishlar o‘rtacha 1200 kishi bo‘lganini iddao qiladi. Agar taxmin to‘g‘ri bo‘lsa, may oyining o‘zida Rossiya armiyasi 31–37 ming askaridan ayrilgan.
Bu holda amerikalik mulozimlar Rossiya oyiga 25–30 ming askar bilan armiya safini to‘ldirishda davom etayotganini aytishmoqda. Bu qo‘mondonlarga askarlarning sonini o‘ylamasdan, ularni o‘limvor «to‘pemi shturmlari»ga tashlashda davom etish imkonini beradi.
Iyun oyi boshlarida Rossiya prezidenti V.Putin ikki yarim yillik urush chog‘ida Rossiya armiyasining yo‘qotishlarini 130 ming kishiga baholagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukrainaning tiklab bo‘lmas yo‘qotishlari nisbati birga besh nisbatda. Shunday qilib, Rossiya armiyasining rasmiy yo‘qotishlari soni oyiga 10 ming askarga teng. 27 oylik urushda bu 270 ming raqamini beradi va ularning 135 nafari halok bo‘lganlar.
Shunga yaqin raqamni Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne keltirgan edi. Uning baholashlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi shu choqqacha 150 ming askaridan ayrilgan.
Britaniya Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning apreli oxirigacha Rossiya armiyasining 450 ming askari Ukrainada yo og‘ir yarador bo‘lgan yoki halok bo‘lgan. Bu raqam ichiga Rossiya qamoqxonalaridan o‘n minglab mahbuslarni yollab, «to‘pemi shturmlar»ga tashlagan «Vagner» singari xususiy harbiy kompaniyalarning yo‘qotishlari kirmaydi. Amerika razvedkasi o‘tgan yilning avgustida Rossiya yo‘qotishlarini 360 kishi, jumladan 120 mingta halok bo‘lgan askarlarga baholagan edi.
«Mediazona» va BBC Rossiyaning 50 mingdan ortiqroq askarining o‘limini birma-bir tasdiqlab hujjatlashtirgan. O‘lganlarning 43 foizi Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanguncha armiyaga aloqador insonlar bo‘lmagan. Tasdiqlangan yo‘qotishlarning 18 foizini mahbuslar, 13 foizini ko‘ngillilar, 12 foizini safarbar qilinganlar tashkil etadi. Halok bo‘lgan yana 28 foiz askarlarning qay bir guruh yoki qo‘shinlarga aloqadorligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.
Demokratlarning Baydenga xati
Demokratlar Donald Tramp bilan ilk teledebatda dovdirab yutqazib qo‘ygan Jo Baydenning saylovda ishtirok etmasligini istashmoqda. Donorlar poygadan chiqishini so‘rab, Baydenga xat ham yozishdi.
Demokratik partiya yirik homiylari, partiya a’zosi bo‘lgan taniqli shaxslar va tadbirkorlar Jo Baydenga xat yozib, undan iste’foga chiqishini so‘rashdi. Bu haqda The Washington Post yozmoqda.
«Demokratiyamiz va davlatimiz uchun hurmat bilan ikkinchi muddatga saylovda qatnashmasligingizni so‘raymiz», deyiladi Oq uyga yuborilgan va 168 kishi imzolagan xatda.
Xatni imzolaganlar orasida milliarder Maykl Novograts, Harvard huquq maktabi professori Lourens Lessig, Nyu-York universiteti professori Skott Hellouey, Weyco Group bosh direktori Tom Florshaym va boshqalar bor.
Xatni imzolaganlar Tramp Oq uyga qaytishi xavfi oshganidan xavotir bildirgan. Uning qaytishi esa global va ichki barqarorlikni buzishi aytilgan. «Estafetani topshirish vaqti keldi, janob Bayden. Xuddi Jorj Vashington qilganidek», deyiladi xatda.