Chet davlatda yashash uchun ruxsatnoma olgan deputat va senatorlarning vakolatlari tugatiladi

O‘zbekiston 10:01 / 06.07.2024 5213

Davlat rahbari imzolagan qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, quyidagi holatlarda deputat va senatorning vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi:

  • deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda;
  • tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir yil ichida 30 yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;
  • chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
  • partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda.

Shuningdek, qonun 11-1-modda bilan to‘ldirilib, deputat, senator tomonidan odob-axloq qoidalari buzilgani uchun qo‘llaniladigan choralar belgilandi. Unga ko‘ra, deputat yoki senator odob-axloq qoidalarini buzganida ogohlantirish berish, uzr so‘rashni talab qilish, odob-axloq qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi faktini o‘qib eshittirish, deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish, deputatning, senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qo‘llaniladi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlariga nisbatan ham xuddi shu kabi choralar belgilanmoqda.

Deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator tegishli palata, o‘zi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat uchun bir kunlik ish haqi ushlab qolinadi.

Ko‘proq yangiliklar: