Talablarni to‘liq bajarmagani uchun 90 ming abituriyent arizasi rad etildi

O‘zbekiston 15:52 / 05.07.2024 9545

Davlat imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning 805 ming 688 nafari test sinovlarida ishtirok etish shartlarini to‘liq bajargan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, jami 894 ming 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan va ro‘yxatdan o‘tish talablarini to‘liq bajargan 805 ming 688 nafar abituriyentga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan. Bu 2023 yilda – 948 ming 486 nafar edi. Abituriyentlarning 52,4 foizini xotin-qizlar, 47,6 foizini erkaklar tashkil qilgan. 60,7 foiz abituriyent esa test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan to‘lovdan ozod etilgan.

Shuningdek, agentlik doimiy yashash hududi bo‘yicha eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar bo‘yicha ham ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, eng ko‘p Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Farg‘ona viloyatida 79 808 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Ko‘rsatilishicha, abituriyentlarning 46 ming 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 12 ming 851 nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan. Ro‘yxatdan o‘tishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan. Ularning 20 ming 63 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Bundan tashqari, 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Agentlikka ko‘ra, test sinovlarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish uchun 73 ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176 ta guruhda 35 ming 280 nafar, bir kunda esa 70 ming 560 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi va test sinovlari 12 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

BMBA test sinovlari uchun 2 690 nafar guruh nazoratchisi keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olinganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etilishi ko‘rsatilgan.

Agentlik test sinovlarida foydalaniladigan 15 ta (tillar kesimida 29 ta) umumta’lim fanidan 40 mingdan ortiq yangi test topshirig‘i shakllantirilgani va ekspertizadan o‘tkazilganini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: