Putin va Orban Moskvada muzokara o‘tkazdi. Asosiy gaplar 

Jahon 22:04 / 05.07.2024 20414

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 5 iyul kuni RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga keldi. «Tinchlikparvar missiya davom etadi. Ikkinchi bekat: Moskva», — deya yozgan Orban tvitter sahifasida va Vnukovo-2 aeroportining hukumat terminalida tushgan fotosuratini ilova qilgan. Orban boshchiligidagi delegatsiya qo‘nishi bilan Kremlga yo‘l olgan va vengrlar bosh vazirining Putin bilan uchrashuvi boshlangan. Vengriya TIV rahbari Peter Siyyarto Orban Moskvaga Ukrainada «imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatish» va tinchlik muzokaralarini boshlash uchun kelganini aytgan. «Umid qilamizki, Moskvadagi bugungi uchrashuv tinchlikni yaqinlashtiradi», — degan Siyyarto.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Orbanning Moskvaga tashrifi Vengriya tomoni tashabbusi bo‘lganini aytgan. «Bunday tashrif o‘tkazish bo‘yicha taklif tom ma’noda kecha kelib tushgandi», — degan u Kreml ta’siridagi propagandachi Pavel Zarubinga.

Kremldagi muzokaralarda Putin Orbanga Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik takliflarining «nyuanslari»ni muhokama etishga tayyorligini bildirgan. Muzokaralarning ochiq qismidan video Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan, unda tomonlar bir-biri bilan salomlashishi aks etgan. Putin Orbanga Rossiyaga «nafaqat bizning uzoq yillik hamkorimiz, balki YeI Kengashi raisi sifatida ham keldingiz» degan (Vengriya 1 iyuldan rotatsiya bo‘yicha yarim yil muddatga Yevroittifoq raisligini qabul qilib olgandi).

«Umid qilamanki, biz ushbu murakkab vaziyatda ikki tomonlama munosabatlarni qurish bo‘yicha fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz va albatta, Yevropadagi yirik inqiroz, Ukraina yo‘nalishidagi voqealar rivoji istiqbollari haqida gaplashib olamiz», — deya Putinning so‘zlarini keltiradi uning matbuot xizmati.

«Albatta, men siz bilan ushbu masaladagi [mojaroni hal qilish] nyuanslarni muhokama qilishga tayyorman, umid qilamanki, siz ham meni o‘z pozitsiyangiz, yevropalik hamkorlar pozitsiyasi bilan tanishtirasiz», — degan Putin (iqtibos «Kommersant»dan).

Muzokaralar kengaytirilgan tarkibda, vazir va maslahatchilar ishtirokida o‘tkazilgan. Vengriya TIV rahbari Kremldagi muzokaralar chog‘ida olingan fotosuratni namoyish etgan. Kadrda Putin va Orban RF prezidenti ma’muriyati do‘stona mamlakatlar vakillari bilan muzokaralarda foydalanadigan kichik stol atrofida o‘tirgani aks etgan (taqqoslash uchun: Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralarda ulkan, ko‘p metrlik stol qo‘yilgandi).

Muzokaralarda Rossiya tomondan Putindan tashqari TIV rahbari Sergey Lavrov, shuningdek prezident yordamchilari Yuriy Ushakov va Vladimir Medinskiy qatnashgan. Vengriya delegatsiyasida esa Orbandan tashqari tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto va Orbanning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Marsel Biro bor edi.

Kengaytirilgan muzokaralardan keyin Putin va Orban muzokaralarni tet-a-tet formatida davom ettirishgan. Yuzma-yuz muloqot uch soatga yaqin davom etgan.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Orban va Putin matbuot uchun bayonot berdi. Putin navbatdagi marta Rossiya Ukraina bilan urushni o‘zi ilgari qo‘ygan shartlar bo‘yicha to‘xtatishga tayyorligini aytdi, shuningdek Ukrainani diplomatik yo‘ldan borishni istamaslikda ayblab, Volodimir Zelenskiy go‘yoki o‘zining g‘olib chiqish imkoniyatlari «nolga yaqin bo‘ladigan» saylov o‘tkazishga to‘g‘ri kelmasligi uchun harbiy holat bekor qilinishini istamasligini aytdi. Orban Putinga «rostgo‘y suhbat» uchun minnatdorchilik bildirgan va tomonlarning pozitsiyalari bir-birinikidan juda uzoqdaligidan shikoyat qilgan. Rossiya va Vengriya rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob berishmagan.

Yevroittifoq vakillari Viktor Orbanning tashrifi yuzasidan tanqidlar yog‘dirishdi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Orban Moskvada YeI manfaatlarini ifoda etmasligi, uning tashrifi faqat «Vengriya va Rossiyaning ikki tomonlama munosabatlariga taalluqli ekani»ni aytgan. Borrel Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Yevrokengash YeI va Putin o‘rtasida rasmiy kontaktlar bo‘lishiga qarshi chiqqanini eslatgan.

Yevrokengash rahbari Sharl Mishel Vengriya YeIga raislik qiluvchi mamlakat sifatida Yevroittifoq nomidan Rossiya bilan hamkorlik qilish vakolatiga ega emasligini ma’lum qilgan. «Yevropa kengashi aniq qilib belgilab qo‘ygan: Rossiya — agressor, Ukraina —qurbon. Ukraina bo‘yicha biror muhokamani Ukraina ishtirokisiz o‘tkazish mumkin emas», — degan Mishel.

O‘z navbatida, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen «yon berishlar Putinni to‘xtata olmasligi», Ukrainada esa «keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik» faqat «birdamlik va qat’iyat» orqali o‘rnatilishi mumkinligini bildirgan. Yevrokomissiya vakili Erik Mamer Orbanning tashrifi «YeIning birdamligiga putur yetkazishi»ni ta’kidlagan.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida Orban Rossiya rahbariyati bilan muzokaralarda «NATOning emas, faqat o‘z mamlakati nomidan qatnashishi mumkinligi»ni aytgan. Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Orban «o‘z safari haqida oldindan xabardor qilgan». «Men Orban keyingi haftada [9-11 iyul kunlari] Vashingtondagi sammitga kelishini kutyapman, o‘shanda u bilan Moskvada nimalarni muhokama qilganini gaplashish imkoniyati bo‘ladi», — degan NATO bosh kotibi.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Orbanning tashrifini sharhlarkan, Vengriya hukumati rahbari tinchlikka olib boruvchi «instrument» bo‘lmoqchiligini aytgan. «Masala shundaki, bu instrument kimning qo‘lida», — deya yozgan Tusk tvitterida. Estoniya bosh vaziri Kaya Kallasning hisoblashicha, Orban «Yevroittifoq raisi lavozimidan parokandalik keltirib chiqarish» uchun foydalanmoqda. «Agar siz chindan ham tinchlikka intilsangiz, siz qonli diktatorga qo‘l bermasligingiz, balki Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishingiz kerak», — degan Litva prezidenti Gitanas Nauseda. Latviya prezidenti Edgar Rinkevich esa Mett Monroning «From Russia With Love» («Rossiyadan muhabbat bilan») nomli qo‘shig‘idan iqtibos keltirgan.

Ukraina TIV Orban Moskvaga «Ukraina bilan kelishmasdan» borganini ma’lum qilgan. «Bizning davlat uchun „Ukraina haqida Ukrainaning o‘zisiz hech qanday kelishuv yo‘q“ tamoyili buzilmas bo‘lib qolmoqda va biz barcha mamlakatlarni bunga qat’iy rioya etishga chaqiramiz», — deyilgan vazirlik xabarida. Ukraina tomoni «adolatli tinchlikni tiklashning yagona real yo‘li» Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan «tinchlik formulasi» bo‘lib qolishini ta’kidlagan.

«Shveytsariyada Vengriya ham ishtirok etgan ilk global tinchlik sammiti shuni ko‘rsatdiki, 100 dan ortiq davlatlar va xalqaro tashkilotlar Ukraina hududiy yaxlitligi va BMT Nizomiga hurmat asosida tinchlikka erishish nuqtayi nazariga qo‘shiladi», — deyiladi TIV xabarida. Unda mamlakat bundan keyin ham ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va Yevropa integratsiyasi masalalarida Vengriya bilan ishlashga tayyorligi qo‘shimcha qilingan.

Vengriya yarim yil muddatga Yevroittifoqqa rais bo‘lganidan keyin Viktor Orban urush boshlanganidan buyon ilk marta Kiyevga kelgandi. U 2 iyul kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida Orban Zelenskiyni o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini boshlash haqida o‘ylab ko‘rishni taklif etdi. Ukraina prezidenti ofisidagilar buni Ukraina tashkillashtirgan (hozircha — Rossiyaning ishtirokisiz) tinchlik sammitlaridan «alohida holda» ko‘rib chiqib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Orbanning taklifini «juda qiziq» deb atagan. «Rossiya tom ma’noda g‘alati vositachilar orqali Ukraina uchun mudofaa zarbalarini… taqiqlash bo‘yicha norasmiy qarorni qaytarishni so‘ramoqda», — degan Podolyak.

Ukrainaga qo‘shni mamlakat rahbari bo‘lgan Viktor Orban bir necha marta Ukrainaga g‘arbdan harbiy yordam ko‘rsatilishini tanqid qilgan. Vengriya ko‘p hollarda YeIning Ukrainaga moliyaviy yordamini bloklaydi, shuningdek ayrim rossiyaliklar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga qarshi chiqqan. Orban — keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin Vladimir Putin bilan uchrashgan kam sonli davlat rahbarlaridan biridir. Reuters Vengriya bosh vaziri YeI mamlakatlari rahbarlari orasida Putin bilan eng iliq munosabatlarni saqlab qolayotgan siyosatchi ekanini yozgan. Viktor Orban — Yevroittifoq mamlakatlari orasida Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon Moskvaga kelgan ikkinchi rahbardir. 2022 yil aprelida Rossiyaga Avstriya federal kansleri Karl Nehammer tashrif buyurgan va bu «do‘stona tashrif» emasligiga urg‘u qaratgandi.

Ko‘proq yangiliklar: