“Mahsulotlar qayta laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda” – Sanepidqo‘mita anor ta’mli ichimlik bo‘yicha ma’lumot berdi

O‘zbekiston 20:39 / 05.07.2024 11917

Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli ichimlik tarkibida zaharli moddalar aniqlanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mahsulot O‘zbekistonga ham olib kirilgan. Har bir partiya tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, keltirilgan mahsulot partiyasiga sanitariya-epidemiologik xulosalar berilgan.

“Keltirilgan mahsulotlar tarkibida zaharli yoki inson salomatligiga zarar keltiruvchi moddalar aniqlanmagan. Hozirda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli mahsulotlardan qayta namunalar olinib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda”, deyiladi Sanepidqo‘mita rasmiy munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunga qadar aholi tomonidan aynan ushbu mahsulotning sifatsizligi va iste’mol qilish oqibatida zaharlanganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushmagan.

Avvalroq Qirg‘iziston hukumati Golden life anor ta’mli gazlangan ichimlik sotuvini taqiqlagani, laboratoriya tekshiruvlarida ushbu mahsulot tarkibida bolalar salomatligiga zarar beradigan azorubin E-122 bo‘yog‘i aniqlangani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: