EHNAT hisoblagichlarining ortiqcha kilovatt yozayotgani o‘rganiladi, Jizzax viloyatiga yangi prokuror tayinlandi, Rishtondagi melisaxonada hushidan ketgan yigit va turli shaharlardagi ayanchli avtohalokatlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Hisoblagich ortiqcha kilovattlar yozayotgani o‘rganiladi
So‘nggi kunlarda elektr energiyasidan foydalanuvchilarning hisoblariga ortiqcha energiya iste’moli yozilayotgani shunga mos pul yechib olinayotgani borasidagi shikoyatlari ko‘payib qolgan edi
Raqobat qo‘mitasi elektr energiyasi ortiqcha hisoblananayotgan holatlarni o‘rganadigan bo‘ldi.
Hisoblagichlarning elektr quvvatini ortiqcha hisoblayotgani va bu qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani holatini o‘rganish hamda muammolarni hal etish choralarini ko‘rish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan tezkor ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh tarkibiga energetika sohasi vakillari ham jalb qilingan.
Jizzax viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Baxtiyor Toyirjonovich Ibrohimov Jizzax viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi.
U avval Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori lavozimida ishlagan. 2021 yil yanvarida Bosh prokuraturaning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan, so‘nggi vaqtlarda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Bungacha Jizzax viloyati prokurori lavozimida 2017 yil noyabridan buyon esa Islomjon Ergashxo‘jayev ishlayotgan edi. U 2023 yil martida Jizzax viloyati prokurori lavozimiga ikkinchi muddatga tayinlangandi.
Ayanchli avtohalokatlar
O‘tgan kun davomida yosh bolalar va kattalar o‘limiga sabab bo‘lgan ayanchli avtohalokatlar ro‘y berdi.
3 iyul kuni Samarqandda Nexia 2 urib yuborgan 7 yoshli bola halok bo‘ldi. Avariya 3 iyul kuni sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 9 yoshli qiz mashina bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni BYD mashinasi urib, bosib o‘tib ketdi. Haydovchi mashinani aholi yashash hududida 142 km/soat tezlikda boshqargan. Qizaloqni tog‘asi tuman markazidagi parkka aylantirgani olib chiqqan bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ikkita avtomobil yo‘lda quvlashmachoq o‘ynagani va birinchisi yo‘lovchilarga yo‘l bermasdan piyodalar yo‘lagidan tezlik bilan o‘tib ketgani aks etgan. Uning ortida harakatlangan ikkinchi mashina esa piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan va oldindagi mashinaning harakatidan yiqilib tushgan qizchani bosib o‘tgan. Ikkinchi mashina tagida qolib ketgan 9 yoshli qiz olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Qarshi shahrida BYD Song Plus ortga qayrilib olmoqchi bo‘lgan Spark bilan to‘qnashdi. Spark haydovchisi shifoxonada vafot etdi. BYD Qashqadaryo viloyati hokimligiga tegishli bo‘lgan.
Voqea 4 iyul kuni soat taxminan 7:53 larda Qarshi shahrida sodir bo‘lgan. Haydovchi o‘z boshqaruvidagi Spark mashinasida orqaga burilayotganida haydovchi X.L. boshqaruvidagi BYD Song Plus yo‘liga chiqib ketgan va to‘qnashuv yuz bergan. Spark qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia bilan ham to‘qnashgan.
YTH oqibatda Spark haydovchisi R.A. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan, lekin shifokorlar tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda BYD Song Plus shahar hududi bo‘lishiga qaramay, katta tezlikda harakatlanganini ko‘rish mumkin.
Toshkentda Spark haydovchisi ikki piyodani urib yubordi. Voqea 4 iyul kuni soat 22:30 larda Yunusobod tumani Yuqori Qoraqamish ko‘chasida sodir bo‘lgan.
1995 yilda tug‘ilgan haydovchi B.X. Spark mashinasini boshqarib ketayotib, ikki piyodani urib yuborgan. YTH oqibatida piyodalar tan jarohat olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Melisaxonada hushidan ketgan yigit
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida IIB xonasiga olib kirilgan fuqaro hushini yo‘qotib, reanimatsiyaga yotqizildi
33 yoshli haydovchi yo‘lning harakatlanish mumkin bo‘lmagan qismida mashina boshqargani nizoga sabab bo‘lgan. 4 iyul kuni yuz bergan janjal asnosida IIB xodimlari haydovchiga elektroshoker qo‘llagan va xizmat xonasiga olib borgan. Lekin bu xonadan fuqaro hushsiz holda, zambilda olib chiqilgan: uni tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizishgan.
5 iyul kunning birinchi yarmi holatiga, fuqaro haligacha o‘ziga kelmagan.
Haydovchi mashinasini yo‘lning boshqa bir qismiga olmoqchi bo‘lganida xodimlar mashina yo‘lini to‘sib olgan. Nizo paytida mashinaning old qismi bukilgan.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi Ravshan Madaliyev 2022 yilda avtohalokatga uchrashi oqibatida miyasidan og‘ir jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan.
Murojaatchi janjal tasvirga tushib qolgan do‘kon kamerasidan barcha kadrlar 5 nafar PPX xodimlari tomonidan, asl holatni yashirish maqsadida o‘chirtirib yuborilganini aytmoqda.