Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi

O‘zbekiston 11:00 / 04.07.2024 3973

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.

Bunda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ bo‘ladi.

Shuningdek, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (68 mln so‘m) etib belgilandi.

Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 10 baravari (3mln 400 ming so‘m) etib belgilangan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: