«Biznesni rivojlantirish banki»ning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi

O‘zbekiston 16:39 / 04.07.2024 14632

KPMG xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bankni rivojlantirish strategiyasida kelgusi 3 yildagi istiqbolli vazifalar va asosiy maqsadlar belgilab olingan. Xususan, 2026 yilgacha «Biznesni rivojlantirish banki» aktivlari 2,3 baravarga oshirilib, bugungi 27 trln. so‘mdan 62 trln. so‘mga, kapital bo‘yicha 3,2 trln. so‘mdan 7,1 trln. so‘mga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mijozlarga eng qulay hamda foydali shartlarda mahsulotlarning taqdim etilishi natijasida bankning kredit portfeli 25 trln. so‘mga yoki 2,1 barobarga oshirilib, 46,8 trln. so‘mga va depozitlar hajmi 12,2 trln. so‘mga yoki 2,3 barobarga oshirilib, 21,6 trln. so‘mga yetkaziladi.

Kichik biznes vakillari bo‘lgan mijozlar sonini 115 mingtagacha oshirib, bozorning 17,7 foizini hamda chakana biznes mijozlari sonini 2,5 mln. tagacha oshirib, bozorning 16,7 foizini egallash belgilab olingan.

Mijozlarning 75 foizini onlaynga o‘tkazib, ularni faol mobil ilova va internet-banking foydalanuvchilariga aylantirish rejalashtirilgan.

Bankni 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish uchun 250 dan ortiq tashabbuslar ishlab chiqilgan. Bunda 27 ta tashabbus axborot texnologiyalarini rivojlantirishga, 48 tasi inson kapitalini rivojlantirishga hamda 83 tasi biznesni rivojlantirishga qaratilgan.

Shundan 39 ta tashabbus kichik biznes yo‘nalishida, 44 tasi esa chakana biznes yo‘nalishida amalga oshiriladi.

Anjumanda mas’ullarning ta’kidlashicha, bank uchun biznes yo‘nalishida xizmatlarning soddaligi, ommabopligi va tezkorligi muhim mezon etib belgilandi. 

«Biznesni rivojlantirish banki» ATB kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va eksportni ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, zamonaviy bank xizmatlarini taqdim qilish orqali moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlashga intiladi.

Bank axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: