Urushdan charchagan TsAHAL, Trampning Putin bilan kelishuv rejasi va Moskvadagi jazirama - kun dayjesti

Jahon 13:57 / 03.07.2024 9687

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil kuchlari Rafahga hujum chog‘ida HAMAS jangchilari va qo‘mondonlaridan 900 kishini yo‘q qilganini iddao qilmoqda. Bu haqda TsAHAL bosh shtabi qo‘mondoni xabar bergan.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish Yaqin Sharq agentligining taxminiga ko‘ra, Isroil hujumlari tufayli qamal qilingan G‘azo janubidagi Xon Yunus shahrini 250 ming odam tark etishi kutilmoqda.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 37 ming 925 nafarga yetdi. Yaradorlar soni 87 ming 141 nafar.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil harbiylari uchta ommaviy qirg‘in o‘tkazishgan va 25 kishining o‘limi hamda 81 kishining yarador bo‘lishiga sababchi bo‘lishgan.

G‘azoda shu kungacha 21 ming bola bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

G‘azoga yordam

Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Indoneziya bilan birgalikda Falastin ekslaviga tinchlikparvar kuchlardan iborat kontingent jo‘natilishi mumkinligini ta’kidladi.

Siyosatchining qayd etishicha, bunday holda malayziyalik qo‘shinlar Indoneziya tinchlikparvar kuchlari bilan birgalikda harakat qilishini aytdi. Biroq, buning uchun BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli mandati zarur bo‘ladi.

Anvar Ibrohim Indoneziyaning saylangan prezidenti va mudofaa vaziri Prabovo Subianto bilan telefon orqali suhbatda «Malayziya-Indoneziya xalqaro tinchlikparvar missiyasi doirasida hamkorlik qilish g‘oyasini olqishlashi»ni aytgan.

«Falastindagi humanitar vaziyatga to‘xtalib, men Prabovoga agar BMT mandat bersa Malayziya Indoneziya bilan har qanday insonparvarlik missiyasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdim», — deb yozgan bosh vazir Facebook’da.

Bu ikki davlat Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olmaydi va u bilan biror bir diplomatik yoki iqtisodiy aloqalarga ega emas.

TsAHAL urushdan charchadi

Isroillik generallar G‘azo sektorida tinchlikka erishish istagida, hattoki bu bir muddat HAMASni hokimiyat tepasida qoldirsa ham, deb yozadi The New York Times.

Generallarga ko‘ra, sulh kelishuvi G‘azoda hamon ushlab turilgan 120 ga yaqin isroilliklarni o‘lik yo tirik bo‘lsa-da ozod qilishning eng yaxshi yo‘lidir. Nashr Isroil xavfsizlik xizmatining olti nafar sobiq va amaldagi xodimlari bilan intervyudan so‘ng shunday xulosaga kelgan.

Harbiylarning fikricha, TsAHALga uzoq davom etgan urushdan so‘ng tiklanish, shuningdek, «Hizbulloh»ga qarshi quruqlikdan olib boriladigan ehtimolli jangga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kerak.

Harbiylarning o‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan munosabati ularning so‘nggi oylarda fikri o‘zgarganidan dalolat beradi — Netanyahu hududni urushdan so‘ng boshqaruv bo‘yicha rejaga ega emasligi va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani oydinlashib bormoqda, natijada, harbiylar «abadiy urush»dan cho‘chishmoqda, deb yozadi jurnalistlar.

«Ular G‘azodagi pauza Livanda mojaro avj olishini to‘xtatishi ehtimoli katta ekanini tushunib turishibdi. Ularda o‘q-dorilar, ehtiyot qismlar, kuch-quvvat ham avvalgidan kamroq», — degan Isrolning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Eyal Hulata.

Material chop etilgach, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urush to HAMAS jangchilari to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom etishini ta’kidladi.

«Bunday bo‘lmaydi. Biz urushni barcha maqsadlarimizga yetishgunimizcha, jumladan HAMASni yo‘q qilib, garovda ushlab turilgan barcha odamlarimizni ozod qilmagunimizcha davom ettiramiz», — degan Netanyahu.

NYT jurnalistlari o‘z materiallarida Netanyahu HAMASni hokimiyat tepasida qoldiruvchi sulh kelishuvidan cho‘chishi, chunki bunday yakun uning hukmron koalitsiyasini barbod qilishini qayd etishgan. Netanyahuning kolitsiya bo‘yicha hammaslaklari Betsalel Smotrich va Itamar Ben Gvir agar voqealar bunday tus oladigan bo‘lsa koalitsiyadan chiqishini avvalroq ta’kidlab o‘tishgan edi.

Ukrainadagi vaziyat

Vengriya hukumati raisi Viktor Orban tashrif bilan Ukraina poytaxti Kiyev shahriga keldi va Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Orban Zelenskiyga o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishni, bu uning fikricha, tinchlik muzokaralarini tezlashtirishi mumkinligini aytgan.

«Tinchlik bu — muhim masala. Sizlar yashayotgan urush sharoiti ayni paytda Yevropa xavfsizligiga ham intensiv ta’sir o‘tkazmoqda. Biz, albatta, janob Zelenskiyning tinchlikka erishish bo‘yicha barcha tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Men Zelenskiyga bu tashabbuslar juda ko‘p vaqtni talab etishini aytdim. Aynan xalqaro diplomatiya qoidalariga ko‘ra ular juda murakkablashtirilgan. Men Zelenskiydan boshqacha yo‘l tutish haqida o‘ylab ko‘rishni so‘radim: avval o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ngra tinchlik haqida muzokaralar o‘tkazish. Chunki o‘t ochishning to‘xtatilishi bunday muzokaralarning tezlashishini ta’minlashi mumkin», – deya Orban matbuot anjumanidagi chiqishidan iqtibos keltirmoqda «Interfaks-Ukraina».

Viktor Orbanning Kiyevga tashrifi bugun ma’lum bo‘ldi. Bu uning Ukrainaga Rossiya bosqin uyushtirganidan buyon Kiyevga ilk tashrifi. Tashrifdan avval Vengriya hukumati matbuot kotibi muzokaralarning asosiy mavzusi «tinchlikka erishish uchun imkoniyatlar» bo‘lishini aytgan edi.

Tramp Putin bilan qanday kelishmoqchi?

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp yana Oq uy rahbari etib saylangan taqdirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishish maqsadida Shimoliy Atlantika alyansining sharq tomon kengayishidan voz kechishi mumkin.

Bu haqda Politico nashri ikki nafar milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlarga asoslanib yozmoqda.

Nashrga ko‘ra, Tramp Putinga NATOning sharq tomon kengaytirmaslik — alyansga Gurjiston va Ukrainani qabul qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv taklif etmoqchi. Shuningdek, tomonlar Ukrainaning okkupatsiya qilingan qismlaridan qanchasini Rossiya ixtiyorida qoldirish to‘g‘risida ham muzokaralar olib borishadi.

Trampning yana bir g‘oyasi NATOning ikki darajali tizimi bilan bog‘liq, deyishmoqda nashr manbalari. Unga ko‘ra, mudofaa uchun xarajatlari YaIMining 2 foiziga yetmaydigan alyans a’zolari «AQSh tomonidan taqdim etiladigan himoya va xavfsizlik kafolatlaridan foydalana olishmaydi».

Shunday qilib, bunday davlatlarga alyans shartnomasining 5-moddasi joriy etilmaydi, ya’ni ularga tashqaridan hujum bo‘lsa blok bo‘yicha ittifoqchilar ularga yordam ko‘rsatish uchun shoshilishmaydi. Boz ustiga, Tramp komandasi a’zolari mazkur modda juda turlanuvchan ekani va har qanday a’zoga o‘z harbiylarini safarbar qilish majburiyatini talab qilmasligiga urg‘u berishmoqda.

Rossiyadagi jazirama

Moskva shahrida kuzatilgan jazirama 134 yil avvalgi rekordni yangiladi. 2 iyul kuni Rossiya poytaxtida antitsiklonlik va quruq havo hukmron bo‘ldi va havo harorati +30...+33 darajaga ko‘tarilgan.

«Yozning eng tik quyoshli kunlari uchun ham bu iqlim normasidan qariyb 10 daraja yuqori anomal jazirama hisoblanadi. Moskvada avvalgi ob-havo rekordi — +31,9 daraja 1890 yilda qayd etilgan. Ya’ni 2 iyul kuni bunday issiq bo‘lmaganiga 134 yil bo‘libdi», — degan sinoptik Yevgeniy Tishkovets.

Meteorolog keyingi ikki kunda ham yangi harorat rekordlari qayd etilishini anons qildi: 3 iyul kuni +31…+33 (rekord +32,2 — 1917 yil), 4 iyulya +32…+34 (rekord +33,7 — 1938 yil) daraja issiq kutilmoqda. Dam olish kunlariga borib Moskvada harorat tusha boshlaydi va yilning shu fasliga xos ko‘rsatkichlarga qaytadi —+25…+28.

Harorat rekordi nafaqat Moskva shahrida, butun Rossiyada kuzatilmoqda. Tishkovetsning ma’lumotlariga ko‘ra, 2 iyul kuni termometr ustunlari 20 dan ortiq hududlarda «butun meteotarixda kuzatilmagan» darajalargacha ko‘tarilgan.

Ayrim hududlarda jazirama o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqargan. Masalan Saxa-Yoqutistonda yong‘in 750 ming gektar maydonni egallab olgan. Taqqoslash uchun: Moskva shahrining hududi 2012 yilda Moskva oblastidan qo‘shib olingan hududlar bilan hisoblanganda 256 ming gektarga teng. Tuvada 1 iyulda o‘rmon yong‘inlari maydoni 1800 gektargacha kengaygan. Har ikki hududda favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: