Quvasoyda turk investori ishtirokidagi loyiha to‘xtab qoldi. Bunga hokim sababchimi?

O‘zbekiston 09:32 / 03.07.2024 11584

Quvasoyda bog‘cha bolalarini sifatli ovqatlantirishga qaratilgan investitsiya loyihasi to‘xtab qoldi. Loyiha tashabbuskori va turkiyalik investor shahar hokimi Zafar To‘raqulovni loyihani o‘ziniki qilib olishga uringanlikda ayblayapti. To‘raqulov ayblovni rad etdi, lekin ta’sis etilgan firmadagi 40 foiz ulush uning qarindoshi nomiga rasmiylashtirilgani – fakt.

2023 yilning dekabridan boshlab Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida “Sog‘lom taom – sog‘lom millat” loyihasiga qo‘l uriladi. Loyihaga ko‘ra, hududdagi ayrim bog‘chalarga markazlashtirilgan holda umumiy ovqat tayyorlash korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatilishi, bunda 5 ming nafar bola maxsus ishlab chiqilgan ratsion asosida taomlanishi ko‘zda tutilgan.

Buni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, obekt qurilgan, xorijdan uskunalar va jihozlarning bir qismi import qilingan. Ammo ko‘p o‘tmay, loyiha boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Kun.uz'ga murojaat qilgan loyiha mualliflaridan biri Muazzam Ibrohimova bunga Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov sababchi ekanini aytdi. O‘z navbatida, To‘raqulov bu ayblovlarni rad etmoqda.

Zafarjon To‘raqulov Quvasoy shahar hokimi

Ibrohimovaning ta’kidlashicha, uning maqsadi – bog‘chalarda sifati kafolatlangan sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yib, bolalar salomatligini saqlashga hissa qo‘shish edi. Shu maqsadda Quvasoy shahar hokimiyati delegatsiyasi bilan birga Anqaraga borganida, delegatsiyaga o‘sha yerdagi keytering loyihasini namuna qilib ko‘rsatgan.

Muazzam Ibrohimova loyiha hammuallifi

“Shahar delegatsiyasining Anqaraga tashrifini o‘zim rejalashtirganim uchun, ya’ni hamma korxona, tashkilotlarga borishlariga o‘zim yordam berganim uchun, keytering loyihasiga ham olib bordim. Maqsadim hokim va delegatsiya shuni ko‘rib, o‘zimizda ham targ‘ib qilsak, afzalliklari bilan tanishishlarini xohlagandim. Hokim borolmadi, lekin delegatsiya ko‘rib juda maqtadi. Quvasoyga qaytganimizdan keyin, hokim Zafarbek To‘raqulov chaqirtirib, “Muazzam opa, shularni chaqirtirib, o‘zimizda ochaylik, rosa maqtashdi”, dedi.

Men: “Bu ishni biz mutaxassislar bilan anchadan oldin gaplashib yurgan edik, xursand bo‘ldim”, dedim. Keyin hokimning o‘zi chipta olib berib, [turk mutaxassislarni] chaqirishdi. Ikki nafar mutaxassis sarmoyador keldi.

Shundan so‘ng joy ko‘rishni boshladik, bizga 500 kvadrat metrlik joy yetarli edi. Shahardagi bir qancha joyni ko‘rdik, lekin qaysi joy bo‘lmasin, [hokim] “bu zo‘r loyiha, iloji boricha yurt rahbarlariga ko‘rsatish kerak, lekin siz topgan joy xaroba, bu yerga viloyat hokimi, prezidentni olib kelolmayman, bo‘lmaydi bu yerlar”, deganidan keyin, Pakana qishlog‘idagi sanoat zonasining ichidagi yerga taqaldi. O‘zaro kelishdikki, hokim: “Men qurib beraman, sizlar menga oyiga 5 ming dollardan to‘lab, ishlatib yurgazasizlar”, dedi. Shunga kelishdik”, – deydi Ibrohimova.

Loyiha realizatsiyasi uchun harakat boshlandi

Loyiha Farg‘ona viloyati hokimiga ham taqdim etiladi va viloyat rahbari tomonidan jarayonni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq beriladi. 2024 yil aprel oyida Quvasoyda “Turan Catering International” MChJ tashkil etilib, Pakana qishlog‘ida 2 ming kvadrat metr maydonga ega obekt qurilishi boshlanadi.

Statistika agentligi saytidan olingan “Turan Catering International” MChJ haqidagi ma’lumotlar
Quvasoy shahrining Pakana qishlog‘ida loyiha uchun qurilayotgan obektdan surat

MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaga turk investorlari (50 foiz), Muazzam Ibrohimova (10 foiz) va Quvasoy hokimining qarindoshi Elbek Jo‘rayev (40 foiz) ta’sischi bo‘ladi.

“Loyihani amalga oshirish, bolalarni sog‘lomlashtirishda birinchi qadamni qo‘yish uchun “mayli, hokim tijoriy tomonini o‘ylayapti, shunday bo‘lsa ham 40 foiz bilan kira qolsin”, deb rozi bo‘ldim. Shundan keyin ish tezlashib ketdi.

“Bilasiz, men davlat odamiman, bu ishga men kirolmayman, o‘zimni odamimni kirgazaman”, dedi. Rozi bo‘ldim, Jo‘rayev Elbek Vohidjon o‘g‘li ta’sischi bo‘lib kirdi. O‘zi yosh bola, bu odamni biz MChJ ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtda yagona darchada ko‘rdim, xolos. Undan keyin na ta’sis shartnomasini imzolashga, na bankda hisob raqamini ochishga topolmadim”, – deydi MChJ rahbari Muazzam Ibrohimova.

Kun.uz'ning ishonchli manbalari bergan ma’lumotga ko‘ra, Elbek Jo‘rayev – haqiqatan ham Zafarjon To‘raqulovning qarindoshi (turmush o‘rtog‘ining jiyani).

“Biz boshqaramiz, sizlar ishlab berasizlar”

Ibrohimovaga ko‘ra, viloyat hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan obekt may oyining oxirigacha tayyor qilinishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda kompaniya rahbari Turkiyaning Vital zavodi bilan oshxona uchun jihozlarni O‘zbekistonga yuborishni kelishishga uringan.

Muzokaralardan keyin zavod rahbari 552 ming dollarga olinishi kerak bo‘lgan oshxona jihozlarining 300 ming dollarini hozir to‘lash kerakligini, qolgan 252 ming dollarini esa oxirgi TIR chiqib ketgunicha berilishini aytgan. Buning uchun eksport-import shartnomasi tuzilib, 300 ming dollar pul turk investorlari tomonidan to‘langan. Bu haqda Kun.uz suhbatlashgan turkiyalik investorning vakili Ali Kirlangich so‘zlab berdi.

Turkiyaning Vital zavodi bilan tuzilgan shartnoma va 300 ming dollar to‘langani haqidagi hujjatdan skrinshot

“Biz zavodga 552 ming dollarga o‘zimiz uchun moslashtirilgan barcha pechlar, uskunalarni tayyorlattirib, shuning 300 ming dollarini zavodga to‘ladik. 2 ta TIRga 154 ming dollarlik yukni yuklattirib, Besh bola postigacha (“Vodiy” TIF bojxona posti – tahr.) olib keltirgan vaqtimizda uni yana ortga qaytarib yubordik. Chunki Zafarbek 552 ming dollar miqdoridagi tovarlarning hammasi kelganidan keyin pulini to‘lab beraman dedi. Biz unga ishonmadik, hech bo‘lmasa, tovarlar kelgach pulini qoplab berishingiz uchun rasmiy hujjat yozib bering deb so‘radik, uni ham yozib bermadi. Shuning uchun hokimning bu pulni to‘lab berishiga ko‘zimiz yetmadi. Shunday bo‘lsa ham biz 154 ming dollarlik tovarlarni olib kelgandik. Lekin ularni reeksport qildirib, chegaradan qaytarib yuborishga majbur bo‘ldik.

Ali Kirlangich loyiha hammuallifi

Biz bu loyihani boshlagan vaqtimizda hech qanday muammo bo‘lmayotgandi. Bizga ishlashimiz uchun bir ofis va yashashimiz uchun esa bir joy tayyorlab berishdi. Loyihamiz va obektning qurilishi 80-90 foizi bitgancha, biror to‘siqqa uchramadik. Lekin oxiriga kelganda Zafarbekning 2 ta odami Mo‘ydinbek, Dilshodbek va Toshkentda tadbirkorlik qiladigan 2 nafar Turkiya fuqarolari kelib, bizga bosim o‘tkaza boshlashdi. 4 kishi ishimizga aralashib, stol ustiga urib “bundan keyin biz boshqaramiz, sizlar ishlab berasizlar” deb qo‘pol munosabatda bo‘la boshlashdi.

Undan keyin biz yashayotgan joyda internetimizni, chirog‘imizni o‘chirib qo‘yishdi. Biz o‘sha joydan chiqib ketishimiz uchun maksimal harakat qilishdi. Hokimning so‘nggi qilgan harakatlari xuddi “hamma foyda turklarga emas, o‘zimga bo‘lsin” degan ma’noni berdi. Biz bu ishdan katta zarar ko‘rdik”, – deydi loyiha hamkori Ali Kirlangich.

Muazzam Ibrohimova ham hokim turkiyalik hamkorlar bilan aloqani uzish istagida bo‘lgani haqida gapirmoqda.

“Hokimga telefon qilib, turklar o‘zining mas’uliyatini bajarganini, endi qolganini ikkalamiz bajarishimiz kerakligini, hisobraqam ochib, “Turan Katering International” nomidan qolgan pulni chiqarib yuborishimiz kerakligini aytdim. Hokim esa jim, javob yozmadi. O‘sha kuni qurilish obektiga borib, ukamga bir so‘m chiqarmasligini, qurilishga pul sarflaganini aytgan.

Keyin shu yerda bir g‘alati gap bo‘ldiki, “opa, nima qilasiz, bularning pishirgan ovqatini it yemaydi-ku, shularning sotib olgan narsasini olib, o‘zini ketkazib yuboraylik, o‘zlaringiz ishlayveringlar, foydasi siz va menga bo‘ladi”, dedi. Men kelgan odamlar mutaxassis ekanini, ularni yo‘qota olmasligimni, [ularsiz] tizimni ishlata olmasligimni aytdim. Bular har bir bolaga individual yondashilgan dasturlar yozib chiqishgani, dasturlarda oila, bog‘cha, umumiy ovqatlanish korxonasi, shifoxona, vazirliklarning hammasi ulanib, bolaning salomatligini nazorat qilishi mumkinligini gapirdim. Ya’ni har bir ota-ona bolasi uchun nima ovqat pishirilayotgani, nima ovqat yeyotganini ko‘radi, vazirning o‘zi ham videokameralar orqali kirib tomosha qilishi mumkin. Shularni aytsam, hamma gaplarim safsata ekanini, pul bermasligini ta’kidladi. Men uchinchi ta’sischi bo‘lib qo‘shilganini eslatdim, shu bilan fikridan qaytmadi”, – deydi Ibrohimova.

“Xohlasang-xohlamasang go‘shtni o‘g‘irlashga majbur bo‘lasan”

Ibrohimova hokim bilan suhbatda masalani ijobiy hal qilolmagach, turk hamkorlarini chaqirgan va hokim bilan qayta uchrashuv belgilagan. Suhbatdoshga ko‘ra, shahar rahbari uchrashuvga kelmagan, o‘rniga uning katering tizimini bilmaydigan qo‘l ostidagi odamlari kelib, ikkinchi tomonni so‘roq qilib, qo‘pol gaplashgan.

“Xullas, ertasi kuni hokimsiz oldimga kelib, “hokimni esdan chiqaringlar, u bilan bog‘lanmaysizlar, telefon qilmaysizlar” deb menga buyruq berishyapti. “Sizlar nega bu yerga keldinglar”, desak, stolga tars etib urib, “senlar ishlaysan, biz nazorat qilamiz”, dedi. Professional kateringchilar ishini pardachi nazorat qiladimi? Qaysi qonunda yozilgan? Biz hamma narsani boshidan oxirigacha o‘ylab, dasturlarni tuzib chiqqanimizda, menga “xohlasang-xohlamasang go‘shtni o‘g‘irlashga majbur bo‘lasan” deb tavsiya beryapti. Biz qilgan tizimda bir gramm go‘shtni o‘g‘irlab bo‘lmaydi. Ya’ni bolaga ajratilayotgan haq to‘la-to‘kis bolaga yetkaziladi. “Majbur bo‘lasan o‘g‘irlagani”... Agar aldayapti desa, ovozli yozuvlari bor. Yoki menga oldindan narxini oshirishni aytishyapti. Kechiradi-yu, bolalarga ajratilayotgan pul kam bo‘lsa ham ishimni ko‘rsatmasdan turib uni o‘zgartirolmayman.

Shu bilan pul jo‘natmasligini aytdi, biz shokdamiz. Oshxona jihozlarini yuboradigan zavod oyog‘imizni bitta etikka tiqyapti, tezroq pul chiqarishimizni aytyapti. Pul to‘lamaganimiz uchun zavod Gruziya chegarasiga yetgan 2 ta TIRimizni orqaga qaytardi. Juda xunuk ish-da. Hattoki, borib o‘zimning chekimdagi 55 ming dollarni “Turan Katering International” nomidan chiqarib yuboraman desam, hisobraqami ocha olmayapman, chunki 3-ta’sischining pasporti bilan kelishi talab qilindi, lekin bu ta’sischining na telefoni, na boshqasi bor.

Faqat pulni o‘yladi, shuncha tikdim, buncha tikdim... Men tushunyapman, lekin men undan katta xayhotdek joy qurib berishni so‘raganim yo‘q. Agar boshidan kelishuvimizda “men qurib beraman, ichini o‘zing to‘ldirib, manga 5 ming dollardan berasan” deganida rozi bo‘lmas edim. Buni o‘zining manfaati, o‘zini o‘ylab, ko‘proq pul topish uchun qurgan”, – dedi Ibrohimova.

Suhbatdoshga ko‘ra, 40 foizli ulush egasi, ya’ni Jo‘rayev Elbek Vohidjon o‘g‘li oshxona uskunalarini olib kelish uchun jami 154 ming dollar to‘lov qilishi lozim bo‘lgan. Ammo bu amalga oshirilmagan.

Hokimiyat bergan izohga ko‘ra, Elbek Jo‘rayev 15 mlrd so‘mga bino qurgan, tashabbuskorlar (turkiyalik investor va Ibrohimova) esa o‘zining vazifasini bajarmagan. Biroq, Ibrohimova jami 6 ta TIR'dan 2 ta TIR bo‘lsa ham jihozlar vaqtida olib kelingani va bojxona postida turganini aytdi. Yana 2 ta TIR esa pul to‘lanmagani uchun Gruziya chegarasidan qaytib ketgani, qolgan 2 tasi yuklashga tayyorligi ma’lum qilindi.

Quvasoy shahar hokimiyati saytida berilgan rasmiy munosabatdan skrinshot

Kun.uz'ga taqdim qilingan hujjatga ko‘ra, “Turan Katering International” MChJning 10 foiz ulushdori Muazzam Ibrohimova 60 ming yevro (812,8 mln so‘m), 40 foiz ulushdor Elbek Jo‘rayev 240 ming yevro (3,3 mlrd so‘m), qolgan 50 foiz ulushdor turk tomoni esa 300 ming yevro (4,6 mlrd so‘m) miqdorida ustavni shakllantirishi kerak bo‘lgan.

“Turan Katering International” MChJning Ustav hujjatidan olingan skrinshot

Ishtirokchilarning ustav fondidagi ulushlari pul mablag‘lari, mol-mulk, ko‘chmas mulk, asbob-uskunalar, intellektual mulk va boshqa ko‘rinishda kiritilishi mumkinligi qayd etilgan.

Vaziyatning eng e’tiborli nuqtasi tomonlar o‘rtasida shartnoma tuzilmagani bilan bog‘liq.

“2 ta shartnoma tashlaganman. Men shartnomani eslatgan paytlarimda: “Viloyat hokimining kelgani, viloyat hokimining gapi 10 ta shartnomadan ortiq emasmi, viloyat hokimining unday-bunday degani sizlarga shartnomaning o‘rnini bosmaydimi, Muazzam opa, sizlar avval jihozlarni olib kelinglar, keyin shartnomalar ham tuzilaveradi”, dedi. Biz yutqazgan joyimiz ham shu bo‘ldi. Ya’ni hozir sudga murojaat qiladigan bo‘lsak, “qani shartnomalaring, sen ahmoqmisan, jinnimiding bunday ish qilgani? Nega hamma joyiga qo‘l qo‘ydirmading, muhr yo‘q, kelishuv qilmading, nega ularning gapiga yosh boladek ishonib qolding”, deydi. Ha, yosh boladek ishondim”,– dedi Ibrohimova intervyu so‘nggida.

Hokim: “Investorlar o‘zaro kelisholmayapti”

Holat yuzasidan Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov loyihada shaxsiy manfaati borligini rad etib, mojaroga investorlar o‘rtasidagi kelishmovchilik deb baho berdi.

“Ularning investorlari O‘zbekistonga kelishgan, bu borada hech qanday qarshiliklar yo‘q. Ularga qanday joy kerak bo‘lsa, sanoat zonalarida bo‘sh yerlarimiz bor dedik. Investorlar o‘rtadagi mablag‘ni kelisha olmayapti. Ular buncha pul tikasan desa, bunisi buncha tikasan deyapti, o‘rtada qozilik qilib beryapman. Endi investor kelib qolsa, Quvasoyga investitsiya kirsa deb harakat qilyapmiz, lekin bularning o‘rtasida moliyaviy mojaro kelib chiqyapti-da. Hozir firmani ochishgan, lekin ikkala tomon ham bir so‘m kiritmagan, shuning uchun to‘xtab turibdi. Binolari yo‘q, bitta binoni topib bergandim, o‘rtada uning ham xarajatlarini kelisha olmadi, shu bilan to‘xtab turibdi-da”, – dedi u.

To‘raqulov loyiha faqat bog‘chalar uchun mo‘ljallanmaganini aytdi.

“Bu loyiha faqat bolalar uchun emas-da. Quvasoyda sanoat korxonalari ko‘p, “Kvars” bor, Quvasoy sement zavodi bor, yangi sanoat korxonalarimiz tushyapti – bularning hammasini rivojlantirish bo‘yicha bir loyiha qilinyapti. Boshqa gap yo‘q bu yerda. Faqat bolalarni ovqatlantirish haqida gap ketmayapti-da. Bolalarni ovqatlantirish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishilib, shartnoma qilinishi kerak, bu bo‘yicha 100 foizlik kafolat berilgani yo‘q hali”, – dedi Quvasoy shahri rahbari.

U ta’sischilardan biri bo‘lmish Elbek Jo‘rayevga aloqasi yo‘qligini, bu borada aytilayotgan gaplarning hammasi noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Barcha savollarga yozma ravishda javob taqdim qilinishini aytib, matbuot kotibi Kun.uz bilan aloqaga chiqishi va savollarimizni matbuot kotibiga berishimizni aytdi.

Ammo hozirda Quvasoy shahar hokimiyatining axborot xizmatida hech kim ishlamayotgani sabab savollarni hokim Zafarjon To‘raqulovning o‘ziga yubordik. Shuncha vaqt o‘tishiga qaramay, shahar hokimi savollarimizga javob bermadi, takroran qo‘ng‘iroqlarimizni esa ko‘tarmadi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: