3 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:37 / 03.07.2024 6372

«Dok-1 Maks» ishida apellyatsiya yakunlandi, Yunusobodda texnogen suv toshqini ro‘y berdi, Qozog‘iston chegarasida maxfiy tunnel topildi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

«Dok-1 Maks» ishi

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi bugun, 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisi «Dok-1 Maks» ishida ushbu sud hay’atining 2024 yil 26 fevraldagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

7 nafar sudlanuvchi tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmadi.

Farmagentlik sobiq rahbari Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva tomonidan sudning depozit hisobraqamiga to‘langan 2,5 milliard so‘m mablag‘ jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga teng miqdorda taqsimlanishi belgilandi.

Yunusoboddagi toshqin

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida suv o‘tkazgich tarmog‘i yorildi. Hududning katta qismi suv ta’minotidan uzilgan. Ko‘chalarni suv bosgan.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ Moyqo‘rg‘on ko‘chasi va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasida 1200 mm diametrli katta suv o‘tkazgich quvuri yorilganini aytdi, so‘ngra nosozlik 800 mmli quvurda ekanini aniqlagan.

Yuqori Qoraqamish va Moyqo‘rg‘on ko‘chalarida suv quvuri yorilib toshgani sabab avtotransport vositalarini harakati vaqtinchalik cheklandi.

«Quvur yorilishiga asosiy sabab — yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr energiyasi uzilgani. Shu sababli quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgan va quvurlarning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan», deb ma’lum qildi «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Yoqubjonov.

Energetika korxonalari esa bu ma’lumotni rad etdi. Energetika vazirligi tizimiga kiruvchi «Toshkent issiqlik markazi» AJning bildirishicha, Yunusoboddagi 4-sonli qozonxonaning elektr ta’minotida 2-3 iyul kunlari «hech qanday uzilish yuz bermagan».

Qozog‘iston chegarasidagi tunnel

Toshkent viloyatining Qozog‘iston bilan chegara hududida 310 metrli noqonuniy tunnel aniqlandi.

DXX xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari va «Toshkent-Aero» IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Hindistondan Qozog‘iston orqali mamlakatimizga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shug‘ullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari «Dehli-Almati» aviayo‘nalishi orqali tranzit tarzda «Almati» xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariyog‘och tumani «Do‘stlik» aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yo‘li orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani «O‘rikzor» MFY hududiga o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a’zolaridan Hindistonda ishlab chiqarilgan jami 1 mlrd 94 mln 342 ming so‘mlik jami 107 nomdagi 17048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shvetsiyaga ishga taklif

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Shvetsiya Qirolligining yirik ish beruvchi kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama rejalarni ifodalovchi hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Uchrashuvda dastlab ish beruvchi kompaniya faoliyati, mazkur davlatda ishlab chiqarish, energetika va servis sohalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha mavjud tizim, agentlik faoliyati, migratsiya geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot almashilgan.

Tadbir yakunida kelgusidagi ikki tomonlama rejalarni ifodalovchi hamkorlik kelishuvi imzolangan.

MDH mamlakatlari bilan savdo-sotiq

O‘zbekistonning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 5 oyda 8,8 mlrd dollarga yetdi

MDH mamlakatlari bilan savdo aylanmasida eng ko‘p ulushlar Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, deb yozadi «Iqtisodiy sharh» jurnali.

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 4,9 foizga o‘sib, 8,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan: 3,1 mlrd dollari eksport, 5,7 mlrd dollari import. Ushbu davrda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 32,9 foizi MDH mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan savdo aylanmasida eng katta ulush — 4 mlrd 782 mln dollar yoki 55 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu summaning 1 mlrd 354,3 mln dollar qismi eksport, 3 mlrd 427,7 mln dollar qismi import hisoblanadi.

Bu boradagi yuqori beshlikni 1 mlrd 581,6 mln dollar bilan Qozog‘iston, 455,5 mln dollar bilan Turkmaniston, 294,3 mln dollar bilan Qirg‘iziston hamda 265,2 mln dollar bilan Belarus davlati yakunlagan. 

Ko‘proq yangiliklar: