Yevropa chempionatida 1/8 finalning navbatdagi o‘yinlari o‘tkazildi. Quyida har kungi dayjestda kunning asosiy voqealari haqida.
Fransiyaga yana avtogol yordam berdi
Fransiya – Belgiya 1:0
Gol: 1:0 – 85, avtogol Vertongen.
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kante, Rabio, Tchuameni, Grizmann, Tyuram (Kolo-Muani, 62), Mbappe.
Belgiya – Kastels, Kastan (de Ketelare, 88), Vertongen, Fas, Teate, Karrasko (Lukebakio, 88), de Bryuyne, Onana, Lukaku, Openda (Mangalya, 63), Doku.
Ogohlantirishlar: Tchuameni (14), Grizmann (23), Rabio (24), Vertongen (76).
Guruh bosqichini kutilganidek ko‘tarinki ruhda o‘tkaza olmagan fransuzlardan pley-offda nihoyat to‘liq kuch bilan harakat qilishni kutgandi. Ammo Desham jamoasi hozircha yorqin futbolsiz ham yurishini davom ettirmoqda.
Fransiya bu bosqichda Belgiyani minimal hisobda mag‘lub etdi (1:0) va Yevroning chorakfinal bosqichiga o‘tdi. Jamoa 85-daqiqada g‘alabani ilib ketdi — o‘yindagi yagona gol Kolo Muanining zarbasini qaytarishga uringan Yan Vertongenning oyog‘idan «qizil iblislar» darvozasiga borib tushdi. Belgiyalik himoyachining avtogoli — turnirdagi to‘qqizinchisi. Oldingi Yevropa chempionatida o‘rnatilgan rekordgacha yana ikkita qoldi.
Bu avtogol turnir davomida Fransiya raqiblari darvozasiga urilgan uchinchi gol bo‘ldi: shundan birortasi o‘yindan urilmagan. Guruh bosqichining birinchi turida avstriyaliklar himoyachisi Maksimilian Veber o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ygandi. Ikkinchi turda fransuzlar Niderlandiya darvozasiga yo‘l topolmadi (0:0). Polsha bilan o‘yinda esa Mbappe penaltini aniq ijro etdi (1:1).
Fransuzlar belgiyaliklar darvozasi tomon 20 bor zarba yo‘lladi va shundan faqat ikkitasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. «Qizil iblislar»da ham ikki zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan, ammo bunga besh urinishda erishilgan. Yevro boshidan buyon to‘rt o‘yinda «Uchranglilar» jami 66 zarba yo‘llagan, shundan 16 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan — ammo hamon o‘yindan gol urilmayapti.
Fransuzlar endi 5 iyul kuni chorakfinal o‘yinida o‘z kuchi bilan gol urishga urinib ko‘radi. Bu bosqichda jamoaga Portugaliya — Sloveniya juftligi g‘olibi raqib bo‘ladi.
Ronalduda drama
Portugaliya — Sloveniya 0:0
Aniq ijro etilmagan penalti: Ronaldu (105).
Penaltilar seriyasi — 3:0.
Portugaliya – Koshta, Kanselu (Semedu, 117), Pepe (Ruben Nevesh, 117), Diash, Mendesh, Fernandesh, Bernardu Silva, Palinya, Vitinya (Jota, 65), Leau (Konseysau, 76), Ronaldu.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich (Verbich, 86), Karnichnik, Drkushich, Biyol, Balkovets, Gnezda-Cherin, Elshnik (Ilichich, 105), Shporar (Tselar, 75), Sheshko, Mlakar (Gorens-Stankovich, 74).
Ogohlantirishlar: Drkushich (32), Karnichnik (37), Gorens-Stankovich (101), Biyol (106), Balkovets (107), Kanselu (107).
Sloveniyaga qarshi o‘yin Krishtianu uchun Yevro-2024 dagi debyut golini urish zarurati bilan ham muhim ei. Portugaliyalik yulduz ilk daqiqalardan katta ishtiyoq bilan harakat qildi va har bir xatoni ko‘ngliga yaqin olib, o‘ziga, sheriklariga va havoga jahl qildi.
Ronaldu har qanday nuqtadan gol urishga harakat qildi, o‘yin davomida u raqib darvozasi tomon sakkiz bor zarba yo‘lladi, shundan to‘rttasini jarima nuqtasidan. Bu bilan u yirik turnirlardagi rekordini takrorladi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, faqat chexoslovakiyalik hujumchi Antonin Panenka Yevrolarda bir o‘yinda bundan ko‘proq marta standart vaziyatlardan zarba ijro etgan — 1980 yilda GFRga qarshi o‘yinda (5 marta). Shu bilan birga, Ronalduning qit’a turnirlarida amalga oshirgan jarima zarbalari soni 34 taga yetdi va shundan faqat bittasi gol bo‘lgan.
Sloveniyaliklar himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatishdi va o‘yinni overtaymlarga olib o‘tishdi. Birinchi qo‘shimcha bo‘lim oxirida Diogu Jota reyd amalga oshirdi va raqib himoyachilari qurshovida bo‘lishiga qaramay to‘pni o‘zida saqlab qolib, jarima maydoniga kirib bordi, uni bolqonlar jamoasi himoyachisi Ivan Drkushich to‘xtatib qoldi va o‘yin hakami Daniele Orsato 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Nuqtaga portugallarning shtatdagi penaltichisi Ronaldu yaqinlashdi, ammo gol urolmadi: slovenlar darvozaboni Yan Oblak zarba yo‘nalishini topdi. Krishtianu bu safargi Yevroda gollar hisobini ochish uchun navbatdagi imkoniyatdan foydalana olmadi.
Ronaldu bu xatosidan shunchalik tushkunlikka tushdiki, xuddi 20 yil muqaddam Gretsiyaga qarshi boy berilgan finaldan keyin bo‘lgani kabi maydonda turib, barchaning ko‘z o‘ngida yig‘lab yubordi.
Qo‘shimcha bo‘limlar oralig‘idagi tanaffus vaqtida ham u ko‘z-yoshlarini tiya olmayotgandi va butun jamoa bo‘lib uni yupatishga urinishdi.
U o‘ziga kelib oldi va o‘yinni oxirigacha davom ettirdi. Rejissyorlar bu vaqtda Krishtianuning tribunada o‘tirgan onasini ham ko‘rsatishdi va u ham yig‘layotgandi.
Ikkinchi overtaym esa muxlislarga Qatardagi jahon chempionati finalini yodga solib yubordi. O‘yin yakuniga bir necha daqiqa qolganida Pepe qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni raqibga oldirib qo‘ydi va Sheshko darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, Diogu Koshta argentinalik hamkasbi Emiliano Martinesning seyvini takrorladi.
Qo‘shimcha bo‘limlarda ham hisob ochilmagach, penaltilar seriyasiga start berildi. Va Ronaldu hech ikkilanmasdan birinchi zarbani ijro etish uchun bordi. Undan oldinroq Yosip Ilichich xatoga yo‘l qo‘ygandi, shuning uchun Krishtianu aniq zarbasi bilan jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi va o‘yindagi xatosi uchun muxlislardan uzr so‘radi.
Diogu Koshta raqibning keyingi ikki zarbasini ham qaytarib, Yevropa chempionatlarda penaltilar seriyasida gol o‘tkazmagan va 3 ta seyv qilgan birinchi darvozabonga aylandi.
Brunu Fernandesh va Bernardu Silva o‘z urinishlarini aniq ijro etib, jamoani keyingi bosqichga olib chiqishdi. Ronaldu esa endi xursandchilikdan yig‘lay boshladi.
Chorakfinalda Portugaliyani Fransiya kutmoqda. O‘yin 5 iyul kuni Hamburgda o‘tkaziladi. Bu o‘yinda Krishtianuning xato qilishga haqqi bo‘lmaydi.