Orban Kiyevga keldi. Bu uning urush boshidan buyon ilk tashrifi

Jahon 15:47 / 02.07.2024 13466

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Kiyevga tashrif buyurdi. Ukrainaga g‘arbning harbiy yordamini tanqid qilishi bilan tanilgan vengrlar yetakchisining safari urush boshlanganidan buyon birinchisi bo‘lmoqda, bu safar Vengriya Yevropa Ittifoqi kengashi raisligini qabul qilib olganining keyingi kunida amalga oshirildi.

Orbanning matbuot xizmati rahbari Bertalan Havashi Magyar Nemzet gazetasiga ma’lum qilishicha, Zelenskiy va Orban urushni yakunlash istiqbollarini muhokama etishadi.

«Muhokamalarning eng muhim mavzusi — tinchlikka erishish imkoniyatidir. Viktor Orban va Volodimir Zelenskiy Vengriya-Ukrainaning ikkitomonlama munosabatlaridagi dolzarb masalalarni ham muhokama etishadi», — deya Havashining so‘zlarini keltirgan «Interfaks-Ukraina» agentligi.

Orbanning Kiyevga kelishi haqida dushanba kuni birinchi bo‘lib Britaniyaning Financial Times va Guardian gazetalari anonim manbalarga tayanib xabar qilgandi.

Ushbu nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina o‘zining YeIga a’zoligi muzokaralar boshlanishiga vengrlar tomonidan qo‘yilgan veto bekor qilinishi evaziga Karpatortida ozchilikni tashkil etuvchi vengrlarning alohida huquqi masalasida yon berganidan keyin Orban Kiyevga tashrif buyurish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

1 iyuldan Vengriya yarim yil muddatga YeIga raislik qiluvchi mamlakatga aylandi, ammo Kiyevdagi suhbatdoshning Guardian nashriga aytishicha, hozircha Orban Ukrainaga kim bo‘lib kelgani ma’um emas: o‘z mamlakati bosh vaziri sifatidami yoki YeI raisi sifatida. «Bu yerda [YeI va Budapesht manfaatlari o‘rtasida] ziddiyat borligi aniq», — degan gazeta suhbatdoshi.

Orban Yevropada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqalarni saqlab qolayotgan yagona davlat rahbari bo‘lib turibdi. YeIning boshqa barcha mamlakatlari rahbarlari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin Kiyevga kelgandi.

U shuningdek Ukrainaga yordamga qarshi chiqqan va yaqinda YeIning Kiyevga keng ko‘lamli moliyaviy yordam ajratish to‘g‘risidagi qarorini bloklagandi. Yevroittifoqning boshqa yetakchilari maxsus sammitda Orbanga uning bu boradagi pozitsiyasini qabul qilib bo‘lmasligini bildirishganidan keyingina Vengriya o‘z vetosini olishga rozi bo‘lgandi.

Orban shuningdek NATOning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda faolroq bo‘lish borasidagi qaroriga ham qarshi chiqqan. Alyans Kiyevga yordam dasturini Vengriya o‘z vakillari unda ishtirok etmasligiga kafolat olganidan keyingina ma’qullay olgandi.

May oyi o‘rtalarida Zelenskiy va Orban telefon muloqoti o‘tkazgandi, Ukraina prezidenti bu suhbat davomli va puxta o‘tganini aytgan.

Yozda Vengriya Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga e’tirozlarini ham qaytarib olgandi. Ukraina matbuotiga ko‘ra, bunga javoban Kiyev mamlakat hududida yashovchi vengrlarning holati bo‘yicha yon berishga rozi bo‘lgan.

«Ukrainskaya pravda» nashri yozishicha, gap Budapeshtning maktab o‘quvchilariga dars berishda vengr tilidan foydalanish hamda etnik vengrlar yashovchi hududning alohida maqomiga oid 11 talabi haqida bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: