Hibsda qolayotgan g‘arbiy sohilliklar, Turkiyadagi aksilmigrant namoyishlari va ta’qibdan qutulgan Tramp - kun dayjesti

Jahon 13:33 / 02.07.2024 4885

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohilda shu kungacha 9,5 mingga yaqin falastinliklarni hibsga olgan. Kuni kecha yana 20 kishi kishanlangan.

So‘nggi hibsga olishlar Nablus, Al-Xalil, Tulkarma va Quddus shaharlarida o‘tkazilgan reydlar davomida amalga oshirilgan. Falastin tomonining bayonotiga ko‘ra, okkupantlar ayblanuvchilarga nisbatan kuch ishlatishgan va tinch fuqarolarning uylariga moddiy zarar yetkazishgan.

Shunday qilib, 2023 yilning 7 oktyabridan buyon Sharqiy Quddus va G‘arbiy sohilda yashovchi hibs etilgan falastinliklar soni 9450 kishiga yetgan.

Ularning aksariyati «ma’muriy qamoq» asosida Isroil qamoqxonalarida saqlanmoqda. Bu isroillik kuchishlatarlarga har qanday insonni, jumladan yosh bolalarni ham, har qancha muddatga ayblovlar taqdim etmasdan hibsda ushlab turish imkonini beradi. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning mahbuslar huquqi toptalayotgani, ularga shafqatsiz munosabatda bo‘linayotgani va qiynoq qo‘llanayotgani haqidagi tashvishli chaqiriqlari e’tiborsiz qolmoqda.

Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohil hududida isroillik harbiylar va yahudiylarning hujumi natijasida 9 oy ichida 553 nafar falastinlik o‘ldirilgan.

G‘azoda esa o‘tgan 9 oy ichida o‘ldirilganlar soni 37 ming 900 ga yetdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi ma’lumotiga ko‘ra, yaradorlar soni 87 mingdan oshgan.

So‘nggi bir sutka ichida isroillik okkupantlar 3 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazishgan. 23 kishi o‘ldirilgan. 91 kishi yaralangan.

Ayni paytda G‘azoda 21 mingga yaqin bola bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

Isroilning Livanga hujumi

Germaniyaning Bild nashri Isroilning Livanga bostirib kirishining ehtimolli sanasini ma’lum qildi.

Nashrning o‘z manbalariga tayanib ma’lumot berishicha, Isroil Livan janubida «Hizbulloh» harakatiga qarshi harbiy operatsiyani iyul oyining ikkinchi yarmida boshlashi mumkin.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, g‘arblik diplomatlarning taxmin qilishlaricha, Isroilning harbiy operatsiyasi «iyul oyining yo uchinchi yo to‘rtinchi haftasida boshlanadi».

Avvalroq, Livan-Isroil chegarasidagi potensial eskalatsiyalar fonida ko‘plab davlatlar, jumladan Kanada, Germaniya, Niderlandiya va AQSh o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirgan edi. AQSh bu chaqiruvni Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Vashingtonga borib kelganidan so‘ng e’lon qilgani ayniqsa xarakterli.

Turkiyada aksilmigrant namoyishlar

Turkiyaning janubidagi shaharlarda suriyalik migrantlarga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Barchasiga suriyalik migrantlardan birining 5 yoshli turk qizalog‘iga shahvoniy tajovuz qilib, uni videoga olib tarqatganidan boshlangan.

Mudhish voqea Qaysari shahrida sodir bo‘lgan. Eng avvalo 1 iyulga o‘tar kechasi Qaysarida tartibsizliklar uyushtirilgan. Jahl otiga mingan turklar ko‘chalarda suriyalik migrantlarni tutib urishgan. Fuqarolar suriyalik migrantlar to‘plangan gettolarga bostirib kirishgan. Ularga tegishli avtomobillarni ag‘natib, yoqishgan. Do‘konlariga hujum qilishgan. Uylar va do‘konlarga o‘t qo‘yilgan. O‘t o‘chiruvchilarning mashinalarini o‘rab olib, voqea joyiga kiritishmagan.

Hukumat norozilik namoyishlarini bostirish uchun qo‘shimcha kuchlardan foydalangan. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqayaga ko‘ra, Qaysarida 67 kishi hibsga olingan.

Suriyaning muxolifatchi kuchlar nazorati ostidagi shimoliy qismlarida ham bunga javoban noroziliklar bo‘lib o‘tgan. Ular shaharlarda osig‘liq turgan Erdo‘g‘an suratlari va Turkiya bayroqlarini yirtishgan, yoqishgan va toptashgan. Turk harbiylariga hujumlar qilishgan. Hattoki bir joyda Kirpi harbiy mashinasini egallab olishgan.

Masalan, Suriyaning Afrin shahrida ko‘cha janglarida 7 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda.

Turkiya Suriya shimolidagi qurollangan muxolif guruhlar nazorati ostida bo‘lgan hududlarda mobil internet aloqasini to‘liq uzib qo‘ygan, deb xabar beradi Sky News Arabic.

Turkiya armiyasi aksilturk isyonni bostirish uchun Suriya shimoliga qo‘shimcha kuchlar jo‘natgan. Chegaradagi barcha o‘tkazish darvozalari yopilgan. Barcha davlat xizmatchilari va hukumat mulozimlariga shimoliy Suriyani zudlik bilan tark etish buyurilgan.

Suriyaliklarning e’tirozidan xabar topgan turklarning bir guruhi chegaradagi O‘nchupinar darvozasi tomonga yo‘nalgan. Ular Suriyaga kirib, o‘sha yerda suriyaliklarning ta’zirini berib qo‘yishga harakat qilishgan.

Suriyaliklarga qarshi reydlar Hatay, Antaliya, G‘oziantep, Ko‘nya, Qaysari kabi shaharlarda bo‘lib o‘tgan. Hatayning Rayhonli shahrida minglab mahalliy aholi ko‘chaga to‘planib, «Mamlakatda migrantlarni ko‘rishni istamaymiz», deb baqirishgan.

Qrimda nima gap?

Sevastopolga to‘rt kishini hayotdan olib ketgan raketa zarbasi berilganidan so‘ng rossiyaliklar Qrimga turlar sotib olishdan voz kechishda davom etishmoqda, deyiladi Rossiya turindustriya ittifoqida. Talab 25–30 foizga pasaygan.

Umumiy hajmda pasayish kuzatilayotgani bilan, yarimorolda dam olish istagida bo‘lganlar soni o‘tgan yilgidan ko‘proq, garchi hafta ichida bronlar o‘sishi 52 foizdan 34 foizgacha pasaygan.

«Gar yil boshida bizda Qrimga talab uch barobar oshgan bo‘lsa, hozir o‘sish 1,7–1,8 barobar. Fikrimcha Sevastopol va yarimorolning g‘arbiy qismidan turistlarning sezilarli kamayishi kuzatiladi», — degan «Inturist» kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Darya Domostroyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Inturist»ga bronlarni Sevastopoldan Yalta, Alushta, Gaspra va Sudakka almashtirish to‘g‘risida so‘rovnomalar kelib tushmoqda. Chunki odamlar bu joylarni xavfsizroq deb hisoblashmoqda.

Rossiya turoperatorlar assotsiatsiyasining prognoz qilishicha, shu hafta oxirigacha yaqin kunlari uchun Qrimga safarlarning 3 foizi bekor qilinadi. Bir necha kun avval assotsiatsiya yarimorolda 300 ming rossiyalik dam olayotganini xabar qilgan edi.

Zelenskiy muzokaralar haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan tinchlik muzokaralarini faqat vositachilar orqali o‘tkazishi mumkinligini aytdi.

«Ukraina yechimga olib boradigan modelni topishi mumkin. Bunday model birinchi marta g‘alla yo‘lagi misolida qo‘llangan, o‘shanda Ukraina Rossiya bilan emas, balki BMT va Turkiya bilan olib borgan. O‘z navbatida, ular biz bilan kelishish, keyin RF bilan tegishli kelishuvni imzolash mas’uliyatini zimmasiga olgan edi.

Xuddi shu tarzda, turli qit’alardagi davlatlar muayyan inqirozga yechim tayyorlayotganida, hududiy yaxlitlik bo‘yicha ham, energetika bo‘yicha ham, kemachilik bo‘yicha ham tegishli modeldan foydalanish mumkin. Keyin esa bu hujjat, agar u Ukrainani qoniqtirsa, Rossiya vakillari bilan ham kelishilishi kerak», degan Zelenskiy.

Zelenskiy «hozircha faqat shunday model» borligini ta’kidlagan.

Ta’qibdan qutulgan Tramp

AQSh Oliy sudi dushanba kuni Donald Trampni u prezidentlik chog‘ida sodir etgan rasmiy xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortib bo‘lmasligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Lekin xususiy ishlari uchun unga nisbatan chora ko‘rilishi mumkin, deb yozadi Reuters.

Shunday qilib, sudyalar uchtaga qarshi konservativ qanotning 6 ta ovozi bilan ustun holda, yana saylovga o‘z nomzodini qo‘ygan sobiq prezidentning uni 2020 yilgi saylovlardagi xatti-harakatlari uchun jinoiy ta’qib qilishdan immunitet taqdim etish to‘g‘risida noyabr oyida bergan talabnomasini rad etish to‘g‘risidagi quyi instansiya sudining qarorini bekor qilgan.

«Biz hokimiyat bo‘linishining konstitutsiyaviy strukturasiga asoslanib, prezidentlik hokimiyati tabiati sobiq prezident lavozimda bo‘lib turgan chog‘ida jinoiy javobgarlikka tortilishga nisbatan ma’lum bir immunitetga ega bo‘lishini taqozo etadi, degan xulosaga keldik», — deyiladi Oliy sud qarorida.

Endi Trampning ishi quyi instansiya sudiga ko‘rib chiqishni davom ettirish uchun jo‘natiladi, degan Oliy sud vakili.

Ko‘proq yangiliklar: