AQSh sobiq birinchi xonimi Mishel Obama noyabrda bo‘ladigan prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasi nomzodi sifatida qatnashishi mumkin. Bu haqda AQShning qator nashrlari yozmoqda. Bunday mish-mishlar Jo Bayden 28 iyun kuni Donald Tramp bilan debatda juda yomon qatnashganidan keyin tarqaldi. 90 daqiqalik debat davomida Baydenda keksalik alomatlari sezilib qoldi va demokratlar uning chiqishini halokat deb qabul qilishdi.
Bayden hozircha nomzodini olmoqchi emas, u 30 iyun kuni chiqish qilib, saylovda qatnashishi, Trampni yengishini aytdi. Ammo barchasi avgustdagi demokratlar qurultoyida aniq bo‘ladi. Debatgacha Bayden partiyaning yagona nomzodi bo‘lishiga shubha yo‘q edi, chunki u praymerizda g‘olib bo‘lgan. Ammo debatdagi omadsizlikdan keyin demokratlar Bayden o‘rniga tetikroq nomzod izlay boshlagan. Xo‘sh, shunday bo‘lsa, uning o‘rnini kim egallashi mumkin?
Kamala Harris – AQSh vitse-prezidenti
Agar Baydenga amaldagi prezidentlik vaqtida nimadir bo‘lib, prezidentlik vakolatlarini bajara olmay qolsa, uning o‘rnini qonun bo‘yicha vitse-prezident Kamala Harris egallaydi. Bu jihatdan AQSh tarixidagi ilk ayol vitse-prezident «siyosiy merosxo‘r» hisoblanadi.
Uning nomzodini qo‘llovchi ikki muhim omil bor: birinchidan, Harris AQSh prezidentligi uchun kurashadigan ilk qora tanli ayolga aylanadi, bu tarixdagi ilk qora tanli prezidentni mamlakat tepasiga olib kelgan demokratlar qarashlariga mos. Ikkinchidan, demokratlar anchadan buyon ayol prezident saylash haqida orzu qilishadi va 2016 yil bu rejalari amalga oshishiga ham bir baxya qolgandi.
Shu bilan birga, Harrisning reytingi havas qilarli darajada emas. Bundan tashqari, Bayden jamoasida Harris Trampga qarshilik qila olmaydi deb hisoblashadi.
Gevin Nyusom – Kaliforniya gubernatori
Nomzodlar orasida eng mashhurlaridan biri – AQShdagi aholi soni va iqtisodiyoti bo‘yicha eng yirik shtat Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusondir. O‘zi bu shtatni kim boshqarmasin, uning reytingi yuqori bo‘ladi, hatto bu aktyor Arnold Shvarsenegger bo‘lsa ham. Chunki Kaliforniyaga gubernator bo‘lish AQSh prezidenti bo‘lishdan oson ish deb bo‘lmaydi. Mamlakatdagi eng liberal shtatlardan bo‘lmish Kaliforniya mustaqil davlat bo‘lganida, dunyodagi eng boy beshinchi mamlakatga aylanardi.
Nyusomning ismi doim Baydenning vorislari qatorida e’tirof etiladi. U yaqinda respublikachilar vakili bo‘limish Florida gubernatori Ron DeSantis bilan debat uyushtirdi. Bu debatni 2028 yildagi prezidentlik saylovi prevyusi deb atashdi. Uni odamlar orasida sepermashhur figura deb bo‘lmaydi, ammo ko‘zga tashlangulik nuqsoni ham yo‘q. Hatto respublikachilar uni bo‘lajak raqib deb qarashadi.
Grethen Uitmer – Michigan gubernatori
Baydenning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lganlar orasida yana bir qiziqarli nomzod. O‘sha gap, demokratlar anchadan buyon ayol prezident istayotgani Michigan gubernatori Grethen Uitmer uchun ustunlik berishi mumkin.
U an’anaviy tarzda biror partiyani yoppasiga qo‘llamaydigan «ikkilanuvchi» shtatdagi gubernatorlik saylovlarida ikki marta respublikachilarni 10 foizlab ortda qoldirib g‘olib bo‘lgan. Bu AQSh siyosati uchun jiddiy natija. Uning rahbarligida demokratlar 1980-yillardan buyon ilk marta qonunchilikda ko‘pchilikka ega bo‘lib, o‘zlari istagan ko‘plab qonunlarni qabul qilgan.
Mishel Obama – AQSh sobiq birinchi xonimi
Bayden debatlarda «qovun tushirgani»dan keyin uning o‘rniga qaralayotgan nomzodlarning birortasi undan mashhur emas, reyting masalasida ham maqtana olmaydi. Reyting va mashhurlikda Baydendan qolishmaydigan yagona nomzod – Mishel Obama. Ha, AQSh sobiq prezidenti Baraka Husayn Obamaning xotini.
Demokratlar jon deb hamon dadil va mashhur bo‘lgan Obamani Trampga qarshi nomzod deb ko‘rsatgan bo‘lishardi, ammo AQShda bir kishi ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmaydi. Shu bois, demokratlar Obamaning rafiqasi nomzodini juda faol muhokama qilishmoqda. Mishel prezident bo‘lgach, uyda nimalar qilishni eri bilan maslahat qilib ishlashi uchun emas, albatta, uning o‘zi amerikaliklar orasida juda mashhur.
Turmush o‘rtog‘i prezident bo‘lib ishlagan 8 yil davomida Mishel juda faol ijtimoiy faoliyat olib borgan va amerikaliklar orasida havas qilarli mashhurlikka erishgan. Ammo u siyosat bilan shug‘ullanmaydi, u asosan turli xayriya va ijtimoiy aksiyalarda faol qatnashadi. Ijtimoiy tarmoqlarda juda faol va yoshlar orasida mashhur. To‘g‘ri, uni eri kabi tvitterda 132 million odam kuzatmaydi, ammo tvitter va instagramdagi umumiy o‘quvchilari soni 80 millionga yaqin.
Mishelning faoliyati va reytingi bilan muammo yo‘q, asosiy muammo uning o‘zida. Mishel Obamadan bir necha marta saylovda qatnashasizmi, deb so‘rashgan va u yo‘q deb javob bergan. Hozir ham Mishel «demokratlarni qutqarish uchun» saylovga kirishish niyati borligi haqida hech qanday ishora yo‘q.
Respublikachilarning obro‘li vakillaridan biri, texaslik senator Ted Kruz debatdan keyin bir podkastda qatnashib Mishel Obama Baydenning o‘rnini egallashi haqida gapirdi. «Mishel Obama saylovlarda Jo Baydenning o‘rnini egallaydi. Buning imkoniyatini 80 foiz deb baholayman. Bayden shu qadar yomon qatnashdiki, demokratlar sarosimaga tushib qolishdi», dedi Kruz o‘z chiqishida.
Uning aytishicha, demokratlar Mishel Obama partiya nomzodi sifatida saylovda qatnashishi haqida avgustda o‘tadigan partiya qurultoyida e’lon qilishmoqchi.
Bayden prezidentlik saylovida poygadan chiqadigan bo‘lsa, uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan eng mashhur demokratlar shular. Turli nashrlarda yana boshqa nomzodlar ham keltirilmoqda, ular orasida qator shtatlar gubernatorlari va hatto Baydendan ham yoshi katta Berni Sanders bor. 82 yoshli Sanders Senatga yana 6 yilga saylanishni maqsad qilgan, ammo u uchinchi marta prezidentlik saylovida qatnashishga urinishi ehtimoldan yiroq.
Respublikachilarning «ketmoni uchmoqda»
Debatdan keyin AQShda demokratlar va liberallar qanchalik tushkunlikka tushgan bo‘lsa, respublikachilar shunchalik xursandchilikni boshlab yubordi. Ha, birgina chiqish bilan hech nima o‘zgarmaydi, Bayden amaldagi prezident sifatida hali vaziyatni tuzatishi mumkin deyishmoqda, lekin prezident butun Amerika ko‘z o‘niga qandaydir xato gap gapirgani yo‘qki keyin uni tuzatib ketsa. U ikki og‘iz gapni eplab gapira olmadi, demokratlar fojiasi mana shunda.
Shunday bo‘lsa-da, Bayden prezidentlik saylovida qatnashib, donorlarga g‘olib bo‘lishni va’da qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Bayden debatdan keyin oilasi bilan bu haqda gaplashib olgan va ular amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlashgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, Baydenni poygadan chiqishga faqat uning oila a’zolari ko‘ndirishi mumkin. Axir Baydenni kuch bilan poygadan chiqarib bo‘lmaydi, u praymerizni yutib bo‘lgan va partiya superdelegatlari unga ovoz berishga majbur.
Hozirgi mujmal holat respublikachilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Endi ular qonundagi imkoniyatlardan foydalanib, demokratlar yangi nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazishiga qarshilik qilishi ham mumkin. Axir yana yangi nomzod saylov kampaniyasi uchun soliqchilarning millionlab dollari ajratilishi kerak, respublikachilar shuni bahona qilib bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishadi.
Bundan tashqari, Bayden praymerizda yutib bo‘lgan. Endi yangi nomzod kelib 50 ta shtatning barchasidagi byulletenlarda nomi ko‘rsatilishi uchun yana qaytadan praymerizlar o‘tkazilishi kerakmi? Qizig‘i, AQSh qonunchiligida ham biror nomzodni praymerizdan keyin almashtirish holatida qanday yo‘l tutilishi haqida so‘z yo‘q, bu bo‘yicha aniq harakatlar ham belgilanmagan. Axir Amerika asoschilari konstitutsiya yozayotganda uch asr o‘tib qaysidir 81 yoshli nomzod CNN studiyasida dovdirab qolishini qayerdan ham bilishsin...