Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov Zaporijjya rayoni Volnyansk shahri o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida yetti nafarni tashkil etayotgani haqida ma’lum qildi.
«Dushman Zaporijjya oblasti Volnyansk shahrida 7 kishini o‘ldirdi. Qurbonlarning ikki nafari — bolalar. Yaralanganlar soni 10 nafarga oshdi», — deya yozgan Fedorov telegram-kanalida.
Rossiyaning Volnyansk bo‘ylab zarbasi oqibatida 36 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan, ulardan to‘qqiz nafari bolalar.
Ikkita ko‘p qavatli uy va 12 ta savdo binosi shikastlangan, 7 ta avtomobil butunlay yonib ketgan.
Fedorovning ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlardan 12 nafari shifoxonada qolmoqda.
«Tibbiyot xodimlari ulardan olti nafarining ahvolini og‘ir deb baholagan. Shifoxonaga yotqizilganlar orasida oskolkadan jarohatlanganlar, kontuziyaga uchraganlar, tana qismlari singanlar, travmatik amputatsiya qilinganlar bor, — deya yozgan Fedorov o‘z telegram-kanalida. — Yaradorlardan bir nafari homilador ayol va to‘qqiz nafari bolalar».
Yakshanba kuni Zaporijjya oblastida motam kuni bo‘ldi.
Rossiya tomoni hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan, bu borada tasdiqlangan boshqa ma’lumotlar yo‘q.
Ukraina odamlar halok bo‘lishi va hududlar boy berilishini yordam taqdim etishdagi kechikishlar tufayli yuzaga kelgan o‘q-dori hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tanqisligi bilan bog‘laydi, Volodimir Zelenskiy esa urushda g‘olib bo‘lish uchun bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirgan.
«Bizga kerak bo‘lgan qarorlarni tezlashtirish kerak. Qaror qabul qilishdagi har qanday kechikish bu urushda odamlar hayotini yo‘qotish demakdir», — degan ukrainlar yetakchisi.
Zelenskiy yana bir bor havo hujumidan mudofaa tizimlari so‘radi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan haftaning o‘zida Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi 800 dan ortiq boshqariluvchi aviabombalar qo‘llagani, shu tufayli Ukraina Rossiyaning jangovar samolyotlarini doimiy joylashuv bazalarida yo‘q qilish uchun zamonaviy vositalarga ehtiyoj sezayotganini aytgan.
Ukraina tarafdorlari bir necha bor uning g‘arbdagi hamkorlarini, birinchi navbatda AQShni Ukrainaga Rossiya hududidagi obektlarga zarba berishga qodir bo‘lgan tizimlarni yetkazib berishni istamagani, shuningdek yetkazib berilgan qurollardan bunday zarbalar berishni taqiqlagani uchun tanqid qilgandi.
Zelenskiy g‘arbdagi hukumatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilishdan tiyilgan, ammo Ukraina ushbu bombalarni tashuvchilarni, xususan rossiyaliklarning jangovar samolyotlarini yo‘q qila oladigan vositalarga juda muhtoj ekanini ta’kidlagan.
«Bizga [hamkorlar tomonidan tashlanadigan] shunday qadam kerak», — deya yozgan Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «odamlarni himoya qilishga yordam beradigan aniq qarorlar kerak».
«Katta masofadagi nishonlarga zarba berish va zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi — Rossiyaning har kungi terrorini to‘xtatish uchun asosdir. Buni tushunadigan barcha hamkorlardan minnatdor bo‘laman», — deya yozgan Zelenskiy.
G‘arblik hamkorlar Ukrainaga uzoq masofaga zarba beruvchi ayrim qurollarini yetkazib bergan, jumladan, fransuzlarning Scalp raketalari, inglizlarning Storm Shadow raketalari va amerikaliklarning ATACMS raketalari allaqachon harbiy harakatlarda qo‘llanmoqda, shuningdek AQShning Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi shaharlarni raketa zarbalaridan himoyalashda qo‘l kelmoqda.
Ammo bunday yetkazmalar ma’lum cheklovlar bilan amalga oshiriladi, xususan Ukraina chegaralaridan tashqarida qo‘llashga doir cheklovlar qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Ukraina uchun qurol yetkazib beruvchi asosiy mamlakat bo‘lgan AQShdan yordam oqimi — 2024 yil boshida milliy xavfsizlikka doir qonun loyihasi bo‘yicha Oq uy va Kongress o‘rtasida yuzaga kelgan bahslar tufayli to‘xtab qolgan va qariyb to‘rt oy davomida yangi qurollar kelmagandi.
Yakunda qonun aprel oyida qabul qilindi, mayda esa havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda katta masofaga harakatlanuvchi raketalar yana oldingi chiziqlarga yetib bora boshladi, lekin bu miqdor ukrain harbiylari ehtiyojlarini qoplay olmayapti. 25 iyun kuni anons qilingan navbatdagi harbiy yordam paketi hozircha ajratilmadi.