«Men Telegram'ga ishonmayman. Men ularning (Yevropadagi) foydalanuvchilari soni 42 mln ekaniga ishonmayman. Biz komissiyadagilar servis allaqachon 45 mlndan ortiq foydalanuvchiga ega ekaniga ishonchimiz komil. Yevrokomissiya ayni paytda biz surishtiruv boshlashimiz kerak yoki yo‘qligini tekshirmoqda», degan Yourovaning so‘zlarini keltirmoqda Süddeutsche Zeitung.
Yevropada qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, foydalanuvchilari soni 45 milliondan oshgan raqamli platformalar zararli kontent, xususan propagandaning tarqalishi hamda narkotrafik va kontrabandaga qarshi kurashish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishi kerak. Telegram esa Yevropa Ittifoqidagi foydalanuvchilari sonini 42 million deb ko‘rsatib, bu qonun messenjerga taalluqli emas deb hisoblayapti.
Yevropa qadriyatlari va ochiqlik bo‘yicha yevrokomissar Vera Yourova 2 iyun kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida Yevrokomissiya Telegram messenjerining YeIdagi foydalanuvchilari sonini tekshirishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, real foydalanuvchilar soni rasman e’lon qilingan 42 milliondan ko‘proq va Yevrokomissiya «Telegram'ni chuqurroq o‘rganishi»ga to‘g‘ri keladi.
Bungacha Yevropa Ittifoqi Telegram'ning qat’iy tartibga solinmaganini ta’kidlab, messenjerni dezinformatsiya tarqatayotganlikda ayblagan edi.
Xabarlar almashinuviga mo‘ljallangan messenjer kremlparast akkauntlarning dezinformatsiya tarqatishdagi asosiy quroliga aylanib bo‘lgan va bu feyk xabarlar bilan kurashish bosh masalaga aylangan yevropalik mulozimlarning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lmoqda, deb yozgan Bloomberg.
«Telegram'da dezinformatsiya ochiq va mutlaqo nazoratsiz tarqatilmoqda», – degan Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas. Kontentni o‘chirish uchun berilgan talabnomalar ko‘pincha e’tiborsiz qoldiriladi, degan u.
Yevropadagi rasmiylarga ko‘ra, Telegram propagandistik guruhlar o‘z informatsiyasini kengroq auditoriyaga yetkazish uchun kontentni faol ijtimoiy hamjamiyatlar orqali tarqatishga mo‘ljallangan o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
«Telegram turli rossiyaparast sub’yektlar, shuningdek, anchadan buyon denzinformatsiya tarqatib kelayotgan alohida shaxslar orasida mashhur, chunki kontentning moderatsiyasi amalda yo‘q», – degan Slovakiya Ichki ishlar vazirligi qoshidagi hibrid tahdidlarga qarshi kurashish markazi sobiq direktori Daniel Milo.
Yevropa Ittifoqi yaqinda Yevropa saylovlarida yovuz maqsadlardagi dezinformatsiya tarqalishiga xalaqit berish maqsadida noqonuniy va zararli kontentlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z vakolatlarini kengaytirib oldi.
Biroq, Telegram'ga kelganda bu choralar samarasiz — chindan samarali vositalarni faqat Yevropada 45 mln aktiv foydalanuvchilarga ega platformalarga qo‘llash mumkin. Telegram esa, yuqorida qayd etilganidek, YeIga a’zo davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 42 millionta ekanini bildirgan.