Rossiyaga g‘arb qurollari bilan zarbalar haqida
Philadelphia Inquirer kolumnisti Trudi Rubin bilan suhbatda Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydenning uzoq kutilgan qarori Ukrainaga chegara yaqinida to‘plangan Rossiya texnikalari ustiga zarba yo‘llashga imkon berishi — yaxshi ekani, ammo bu ham «shahar va qishloqlar boshqariluvchi aviabombalar (KAB) tomonidan yo‘q qilinishi muammosini hal qila olmasligi»ni aytgan.
«Bu [Baydenning ruxsati] taktik masalalarni hal qiladi, bu strategik qurol emas. Biz taktik qurollar bilan boshqariluvchi aviabombalar hamda ularning aviatsiyasi tug‘dirayotgan strategik muammolarga qarshi jang qila olmaymiz», — deya qayd etgan Zelenskiy.
Rossiyaning boshqariladigan bombalariga qarshi samarali kurashish uchun Ukraina qurolli kuchlariga Patriot kabi ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlarining o‘zidan tashqari yuqori masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalari ham shunchalik zarur, degan prezident.
«Patriot KABlarga qarshi kurasha olmaydi, — deya izohlagan Zelenskiy va Ukrainada Patriot tizimlari uchun raketalar yetarli emasligini ta’kidlagan. — Qisqa masofada siz yengasiz, uzoq masofada esa — rossiyaliklar sizni yengadi. Siz barcha raketalaringizni sarflaysiz, keyin esa ular shaharlarga, energetikaga zarba yog‘diradi — va siz yutqazasiz».
Zelenskiy o‘tgan haftaning o‘zida Rossiya Ukrainaga qarshi 800 dan ortiq boshqariluvchi aviabomba qo‘llaganini aytgan.
Ukrainlar prezidenti Oq uyni amerikaliklarning uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalaridan Rossiyaning ichkari hududlaridagi aerodromlari bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berishga undagan.
«Rossiya boshqariluvchi aviabombalarni uchirish uchun foydalanayotgan harbiy samolyotlar turadigan aerodromlarga qarshi uzoq masofali yechimlarni izlashimiz kerak. Ehtimol, bunda 300 kilometr masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalari qo‘l kelgan bo‘lardi. Men yana bir bor ta’kidlashni istardim — faqat bugun, — deya qayd etgan Zelenskiy. — Ammo ular katta raketalardan foydalanadigan va yanada uzoqroqda joylashgan aerodromlar ham bor. Ya’ni bugun bizga Rossiya Federatsiyasining ichki hududlari bo‘ylab ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat kerak».
Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarning boshqariluvchi o‘q-dorilardan Donetsk va Xarkiv oblasti eng ko‘p jabr ko‘rmoqda.
KABlarga qarshi havo hujumidan mudofaa vositalari bilan ham kurashish mumkin. Ammo Patriot tizimi uchun raketalar narxi juda qimmat, ular ko‘p miqdorda ishlab chiqarilmaydi va Ukrainaga ko‘p miqdorda yetkazib berilmaydi.
Rossiya bilan muzokaralar olib borilishi mumkinmi?
Bu intervyuda Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazilishi ehtimolini rad etmadi.
Bungacha u bir necha bor bunday muzokaralar o‘tkazish imkoniyati yo‘qligi haqida gapirgan, bundan tashqari, bu Ukraina qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yetakchisi bilan muzokaralarning yagona varianti — Qora dengiz g‘alla yo‘lagini tashkil etishni muhokama qilishda bo‘lgani kabi vositachilardan foydalanishdir.
«Bunday model birinchi marta g‘alla yo‘lagi misolida qo‘llangandi, o‘shanda Ukraina Rossiya bilan emas, balki BMT va Turkiya bilan kelishgandi. Ular, o‘z navbatida, biz bilan muzokaralar olib borish, keyin esa RF bilan tegishli shartnomani imzolashni o‘z zimmasiga olandi. Bu shunday ishlagan: o‘rtada BMT va Turkiya turgan ikkita bir xil kelishuv», — deya izohlagan Zelenskiy.
Uning fikricha, bunday sxemadan «hududiy yaxlitlik, energetika va kemachilik» bo‘yicha muzokaralarda ham foydalanish mumkin.
Bunda turli qit’alar vakillari bo‘lgan mamlakatlar vositachilik qilishi mumkin, deb hisoblaydi prezident.
«Bizning hamkorlar — nafaqat Yevropa va AQSh, balki boshqa qit’alar, jumladan Osiyoda, Tinch Okeani yo‘nalishida, shuningdek Afrika va Lotin Amerikasida bor. U yoki bu inqirozga yechim tayyorlaydigan vakillar bo‘lganida, keyin bu hujjat, agar u Ukrainani qoniqtirsa, Rossiya Federatsiyasi vakillari bilan muhokama qilinishi kerak. Hozircha biz faqat shunday modelga egamiz», — deya qayd etgan Zelenskiy.
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari so‘nggi hisobotida yozishicha, ayni vaqtda Putin faqat Kiyevning to‘la taslim bo‘lishini ko‘zda tutmoqda. U muzokaralar yo‘li bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi har qanday kelishuvga Rossiyaga kelgusidagi yurish amaliyotlariga tayyorlanishga imkon beruvchi mexanizm sifatida qaraydi.
Bunday sulh Rossiyaga o‘z kuchlarini tiklash va kengaytirish hamda mudofaa sanoatini kelgusidagi urushlarga to‘liqroq safarbar qilishga imkon beruvchi nafas rostlash vaqtini beradi, deya qayd etadi ISW.
G‘arb Ukrainaning g‘alabasini qanday tasavvur qiladi?
Philadelphia Inquirer kolumnisti Trudi Rubin Zelenskiydan AQSh prezidenti Jo Bayden chindan ham Ukrainaning g‘alabasiga ishonadimi deb so‘ragan.
Ukraina yetakchisi u bunga ishonishini aytgan, ammo Ukrainada va G‘arbda g‘alabani turlicha tushunishlarini qo‘shimcha qilgan.
«G‘arb uchun asosiy g‘alaba — Ukraina bosib olinishiga yo‘l qo‘ymaslik, Putinga o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish», — deya tushuntiradi Zelenskiy.
Uning fikricha, g‘arb mag‘lubiyatga uchragan taqdirda Rossiyada beqarorlik yuzaga kelishidan xavotirlanib, Ukraina to‘liq g‘alabaga erishishiga hissa qo‘shishni istamaydi.
«Barcha Putinsiz Rossiyada nimalar bo‘lishidan qo‘rqadi. Barcha vaziyat hozirgidan ham yomonroq bo‘lib ketishidan qo‘rqadi», — degan prezident va g‘arbning bunday xavotirlariga qo‘shilmasligini qayd etadi.
«Okkupatsiya qilinishimizga yo‘l qo‘yishmagani uchun ulardan minnatdormiz, ammo qoniqish kerak, adolat kerak, albatta, bu eng muhim qismlaridan biri. Agar bunday qoniqishga ega bo‘lmasak, o‘z yaqinlarini yo‘qotgan bu odamlarning barchasining ko‘ziga qanday qaraymiz?» — degan Zelenskiy.
Ekspertlar fikricha, Putin Kiyev g‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganiga qaramay, Rossiya o‘z maqsadlariga erishishi mumkin deb hisoblaydi, chunki g‘arbning yordami Ukraina urush boshida umid qilganidek keng ko‘lamli bo‘lib chiqmadi va bu Kremlning hisob-kitoblarida hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
U shuningdek, Ukrainaning haqiqiy g‘alabasini o‘zi qanday tushunishini aytib o‘tgan.
«Birinchi qism — Ukraina va ukrainlar to‘liq vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik… Urush yakunlanmas ekan, biz mustaqilligimizni saqlab qoldik deya olmaymiz. Kelgusi avlodlar xavfsizligiga erishish muhim, bunga tajovuzning takrorlanishi ehtimolini yo‘qqa chiqarish orqali erishiladi».
Zelenskiy agar Ukraina Yevropa ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lmasa, Rossiya tajovuzi tiklanishi xavfi saqlanib turishini ta’kidlagan.
«Biz Yevroittifoqda bo‘lishiz lozim — bu iqtisodiy xavfsizlik degani. Biz NATOda bo‘lishimiz lozim. Va bizda bular bo‘lmas, bu biz uchun katta xavf deganidir… Bu dushman qaytadi. U qanday qaytadi? Putin qiyofasidami — Putin qiyofasidamasmi, boshqa Kreml bo‘libmi, yigirma yildan keyinmi, qirq, ellik yildan keyinmi — men buni bilmayman. Bizga Ukrainaning kollektiv himoyasi kerak», — deya qayd etgan Zelenskiy.
Ayni vaqtda Shimoliy Atlantika alyansidagilar Ukrainani o‘z a’zosi sifatida qabul qilish niyati borligini tasdiqlaydi, ammo bu masala yaqin yillarda ko‘rib chiqilmaydi.
Urush yana qancha davom etadi?
Trudi Rubinning urush yana qanchaga cho‘zilishi haqidagi savoliga javoban Zelenskiy urush baribir yakunlanishini aytgan. Ukraina allaqachon iyunda Shveytsariyada o‘tkazilgan «Tinchlik sammiti»da ilk qadamni qo‘ygan.
U Kiyev tinchlik rejasi bo‘yicha hujjatlarni tayyorlashiga ishontirgan.
«Biz bu hujjat Rossiya vakillari stoliga yetib borishi va turli qudratli mamlakatlar bu urushni turli formatlar va muloqotlar orqali adolatli tarzda tugatishga harakat qilishi uchun hammasini qilishga urinib ko‘ramiz», — degan Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, urush barcha uchun ham to‘liq tugamaydi — bu tez bo‘ladigan ish emas.
«Ammo hujjat tayyorlanishi, masalalarning bir qismi o‘q bilan emas, muloqotning u yoki bu formatida hal qilishini mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
U shuningdek urush qancha davom etishi aniq bilmasligini, ammo shu yilning o‘zida nima ishlar qilish kerakligini bilishini aytgan.
«Biz hujjatni tayyorlashimiz kerak, biz ikkinchi sammitni shu yilda o‘tkazish uchun barchasini qilishimiz kerak. Biz bardosh berishimiz lozim. Va muzokaralar chog‘ida yuqorida bo‘lmasligi uchun dushmanni maksimal darajada kuchsizlantirishimiz kerak», — degan ukrainlar rahbari.
Shu bilan birga, tahlilchilar va harbiy ekspertlar xorijdan, birinchi navbatda AQShdan kelayotgan yordam hajmi va uning qisqarish tendensiyasini hisobga olgan holda, holdan toydirish urushida Ukrainaning istiqbollariga shubha bilan qarashadi. Vladimir Putin Ukrainada uzoq muddatli, «emaklab» hujum qilish amaliyotlari orqali g‘alaba qozonishdan umid qilmoqda, deb taxmin qiladi Urushlarni o‘rganish. Bu Putinni urushni cho‘zishga undaydi, bunday urush davomida Ukraina davlatchiligini yo‘q qilishga intiladi.
Aftidan, Putin Rossiya bosib olingan har qanday hududni ushlab qolishiga umid qilmoqda va urush qancha uzoq cho‘zilsa, Rossiya o‘zining hududiy da’volariga erishishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
Katta ehtimol bilan, Putin o‘z qo‘shinlari Ukrainada oylar davomida asta-sekin oldinga siljib borishi G‘arbdagilarni Rossiya ustidan harbiy g‘alabaga erishish imkoni yo‘qligi va Ukrainaning to‘liq mag‘lubiyatidan ko‘ra ma’lum hududlarni boy berish afzalroq ekaniga ishontirishiga umid qilmoqda, deyiladi hisobotda.