Surxondaryoda prokuror pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 29 iyun kuni Surxondaryo viloyati prokuraturasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori “YeRS” MChJga suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalariga ko‘maklashish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Shuningdek, 29 iyun kuni Bosh prokuratura hamda DXX xodimlari ishtirokida yana bir tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro U.X. (tadbirkor), “BDK” MChJ rahbari A.T.ga o‘zining tanishlari J.Sh. (sug‘urta markazi direktori) va Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori orqali Jizzax viloyati ichki ishlar tergov organi ish yurituvidagi jinoyat ishi doirasida ijobiy ekspertiza xulosa olib berishga yordam berish evaziga 105 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Qayd etilishicha, tergov davomida prokuratura xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi.