G‘arbiy sohildagi yangi manzilgohlar rejasi, Eron va Fransiyadagi saylovlar - kun dayjesti

Jahon 14:18 / 01.07.2024 5328

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azodagi ikki uyga aviazarbasi natijasida kamida 8 kishi halok bo‘ldi.

Falastinning WAFA axborot agentligining xabariga ko‘ra, Isroil harbiy havo kuchlari G‘azo shahridagi ikkita turar joyga aviazarba bergan. Kamida 8 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ulardan tashqari, ko‘plab insonlar jarohatlangan.

Xabarga ko‘ra, Ad-Daraj mavzesidagi Abu Qumayllar oilasiga tegishli uy va As-Sabra mavzesidagi Quvaydarlar oilasiga tegishli uylarga bombalar tashlangan.

Halok bo‘lganlar va yaradorlarning aksariyatini ayollar va yosh bolalar tashkil etadi.

Bundan tashqi Isroilga tegishli pilotsiz parvoz qurilmasining As-Sabra mavzesidagi transport vositasiga kelib urilishi ham ko‘plab qurbonlar va yaradorlarga sabab bo‘lgan.

Falastinga zug‘um tingani yo‘q. Isroilning moliya vaziri Betsalel Smotrich O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida amalga oshiriladigan yangi okkupatsion rejani e’lon qildi.

Uning aytishicha, Falastinni tan olgan davlatlar katta xatoga yo‘l qo‘yishgan.

«Biz G‘arbiy sohilda Isroil uchun 5 ta yangi manzilgoh quramiz. Ularning har birini Falastinni davlat deb tan olgan mamlakatlar sharafiga nomlaymiz», — degan Smotrich.

Erondagi saylovlar

Ibrohim Raisiyning fojiali halokatidan so‘ng Eronda muddatidan avval o‘tkazilayotgan prezidentlik saylovi g‘olib ikkinchi turda aniqlanadigan bo‘ldi. Birinchi turda nomzodlarning hech biri 50 foizdan ko‘proq ovoz jamg‘ara olmagan.

Birinchi turda Islohotchilar qanotidan yagona nomzod, etnik ozarboyjon Mas’ud Pezeshkiyon 42,5, konservatorlar qanotidan nomzod Said Jaliliy esa 38,5 foiz ovoz jamg‘argan.

Saylovda ishtirok etgan yana ikki nomzod — Muhammad Baqir G‘olibof va Mustafo Purmuhammadiyga saylovchilarning kamroq qismi ovoz berishgan.

Eron Ichki ishlar vazirligining saylov shtabi mamlakatning 9-prezidentini aniqlovchi 14-saylov mamlakat ichida 59 mingdan ziyod, yana xorijdagi 95 ta davlatlardagi saylov uchastkalarida o‘tgan 14-prezidentlik saylovlari g‘olibi endi ikkinchi turda aniqlanishini e’lon qildi.

Saylovning ikkinchi turi 5 iyul juma kuni o‘tkaziladi. Unda Mas’ud Pezeshkiyon va Said Jaliliy g‘oliblik uchun kurashadi. Saylovchilarning oddiy ko‘pchilik ovozini jamg‘argan nomzod Eronning 9-prezidenti deb e’lon qilinadi.

Darvoqe, armanlar Pezeshkiyonning ehtimolli g‘alabasidan tashvishga tushib qolishgan. Armanistonlik eronshunos Janna Vardanyan uning g‘olib chiqishini istamasligini aytgan.

«O‘tmishda islohotchilar vakili bo‘lgan etnik ozarboyjon Pezeshkiyon armanlarga qarshi ko‘plab bayonotlar bergan, xususan Qorabog‘ mojarosi chog‘ida ham. Peshezkiyon shuningdek bir necha bor etnik qartadan foydalangan va turkiy tilli guruhlar manziliga loyal bayonotlar bergan, Sharqiy Ozarboyjon viloyatida turkiy tilli maktablar ochishga chaqirgan».

Qizil dengizdagi vaziyat

Husiychilar Gretsiya kemasini qanday nishonga olganligi videokadrlarini e’lon qilishdi.

«Transworld Navigator» kemasiga Qizil dengizda 23 iyun kuni hujum uyushtirilgan edi. Kemaga hujum «To‘fon» deb nomlangan pilotsiz boshqariladigan kamikadze katerlari yordamida uyushtirilgan. Isroildagilar bunday kamikadze katerlar Yamanning oddiy pilotsiz parvoz qurilmalari va raketalariga nisbatan karrasiga xavfliroq ekanini qayd etishgan.

AQSh va G‘arb davlatlari tomonidan Qizil dengizda kemalar harakati xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, bu hech qanday natija keltirmagan va husiychilar Isroilga yo‘l olgan kemalarga hujum qilishning yangidan yangi usullarini o‘ylab topmoqda.

Dunyodagi eng yirik dengizda tashuv kompaniyalari eng qisqa va qulay yo‘ldan voz kechib, Afrikani aylanib suzishga o‘tgani AQSh va G‘arb davlatlarining dengiz xavfsizligini ta’minlay olmasligidan dalolat beradi.

Fransiyadagi saylovlar

Fransiyada Yevroparlamentga o‘tkazilgan saylovlarda partiyasi yutqazganidan so‘ng mamlakat parlamentini tarqatib yuborib, muddatidan avval saylovlar belgilagan Emmanuel Makronning partiyasi yana mag‘lubiyatga uchradi.

Parlament saylovlarining birinchi turida ultrao‘ngchilarning «Milliy uyushma» partiyasi 34,2 foiz to‘plab birinchi o‘rinni egallagan, deb xabar beradi respublika ichki ishlar vazirligi.

Ikkinchi o‘rinda so‘l partiyalar koalitsiyasi «Yangi xalq fronti» 29,1 foiz ovoz to‘plagan.

Emmanuel Makronning bir necha partiyalardan iborat «Respublika uchun birgalikda» bloki 21,5 foiz to‘plagan.

Shunday qilib, birinchi turning dastlabki yakunlariga ko‘ra, «Milliy uyushma» parlamentdagi 577 ta o‘rindan 240–270 o‘rinni egallaydi va bu partiyaga nisbiy ko‘pchilikni taqdim etadi. «Yangi xalq fronti» so‘l kuchlar bloki 180–200 deputat o‘rnidan umid qilsa bo‘ladi. Makronning koalitsiyasi esa 160 ta o‘rnidan ajralgan va 60 tadan 90 tagacha joyga egalik qilishi mumkin.

Hali saylovlarning ikkinchi turi ham bo‘ladi. 7 iyul kuni ham o‘tadigan saylovda fransuzlar 577 deputat uchun ovoz berishlari kerak bo‘ladi.

Beshinchi respublika tarixida ilk marta saylovlar bu qadar qisqa muddatlarda o‘tkazilmoqda. Parlament tarqatilgach, partiyalar bor-yo‘g‘i uch hafta ichida nomzodlarini ilgari surib, saylovoldi tashviqotini o‘tkazishga majbur bo‘lishgan.

Shunisi e’tiborliki, saylovlarda davomat 69 foizni tashkil etgan va Fransiya uchun bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qizig‘i, Emmanuel Makron fransuzlarni Marin Le Penning ultrao‘ng partiyasiga qarshi «keng, ochiq demokratik va respublika mitingi»ga chorladi. Makronga ko‘ra saylovda davomatning yuqoriligi fransuzlarning siyosiy vaziyatni aniqlashtirib olishga ishtiyoqlari kuchliligini ifodalaydi.

Allaqachon Fransiya shaharlarida saylov natijalaridan norozilar ko‘chaga chiqib ketishgan. Mashinalar yoqilgan. Politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlangan.

Ukrainaga yordam

NATO Ukrainaga yangi birlashgan harbiy yordam missiyasini taklif etadi. Alyansning Vashingtonda bo‘lib o‘tilishi kutilayotgan navbatdagi sammitida Ukrainaga barcha harbiy yordamni boshqarish uchun yangi qarorgoh taklif etiladi.

Bu Ukraina xavfsizligini uzoq muddatli ta’minlash bo‘yicha alyansning majburiyati kafolati bo‘ladi va Kiyevning alyansga bo‘lajak a’zoligi uchun «ko‘prik» bo‘lib xizmat qiladi, deb yozadi The New York Times nashri bir nechta yuqori martabali mulozimlarga asoslanib.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Markaziy Yevropaning ayrim davlatlari 9-11 iyul kunlari Vashingtonda o‘tadigan NATO sammitida Kiyevga a’zolik bo‘yicha muzokaralar taklif etilishidan umidvor edi. Buning o‘rniga alyans Germaniyada uzoq muddat uchun barcha turdagi yordamlarni muvofiqlashtiruvchi missiya tuzish haqida e’lon qiladi, degan NATO va AQShning yuqori martabali shaxslari.

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur qadam Kiyevning ittifoqchilariga ham, g‘arb davlatlari urushni qo‘llashdan charchashini kutayotgan Moskvaga ham «kuchli signal» bo‘ladi.

Maxsus missiya yaratish g‘oyasi AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasiga tegishli. Shu yo‘l bilan alyans Kiyevga to‘laqonli a’zolik o‘rniga tosh bosa oladigan nimadir taqdim etmoqchi.

Yangi missiya Ukrainaga harbiy yordam taqdim etayotgan davlatlarning koalitsiyasi bilan birlashtiriladi. Endi tashabbus ittifoqchi davlatlarda ukrainalik harbiylarni tayyorlash, ikkitomonlama xavfsizlik kafolatlari kelishuvlarini imzolash va harbiy texnika va qurol-aslahalarni jo‘natishni o‘z nazoratiga oladi. Missiya Germaniyaning Visbaden shahridagi AQSh harbiy obektida joylashadi, katta ehtimol bilan uni amerikalik general boshqaradi. U NATOning AQSh va Yevropadagi bevosita bosh rahbari general Kristofer Kavoliga bo‘ysunadi.

Ko‘proq yangiliklar: