Bayden saylov poygasidan chiqmoqchi emas va g‘alaba va’da qilmoqda

Jahon 11:32 / 01.07.2024 7694

82 yoshga qarab ketayotgan prezident Nyu York hamda Nyu Jyersidagi bir necha fandrayzing tadbirlariga tashrif buyurgan. Saylov kampaniyami uchun mablag‘ yig‘ishdan tashqari Jo Bayden CNN kanalida o‘tkazilgan prezidentlik debatida sodir bo‘lgan voqealar haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishga harakat qildi.

Tadbirlardan birida chiqish qilarkan, Bayden shuni tan oldi: «Bu mening eng yaxshi oqshomim emasdi, ammo Trampda ham».

«Sizga va’da beramanki, biz bu saylovlarda g‘olib bo‘lamiz», — degan u.

Shundan keyin AQSh prezidenti debatlardan keyin demokratlarda shubhalar paydo bo‘lganini to‘g‘ri tushunishini aytib, kurashishni to‘xtatmaslikka chaqirdi.

Debat chog‘ida u shu qadar ishonchsiz ko‘ringan va yaxshi gapira olmagandiki, bahslashuv yakunlanishi bilan liberal sharhlovchilar va polittexnologlar birin-ketin uning o‘rniga boshqa nomzodni ilgari surish taklifi bilan chiqa boshladi. Ulardan aksarining fikricha, agar Bayden ikkinchi muddatga nomzod bo‘lishdan qaytmaa, bu Donald Trampning muqarrar g‘alabasini anglatishi mumkin.

Vakillar palatasining demokratlardan bo‘lgan sobiq spikeri Nensi Pelosi BBC bilan suhbatda Baydenning debatdagi chiqishi «uncha yaxshi bo‘lmagani»ni aytgan, palataning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha sobiq direktori Keyt Bedingfildning bu chiqishdan «hafsalani pir bo‘lgan».

Bayden jamoasi vakillari debatlar ko‘ngildagidek o‘tmaganini inkor etmaydi, ammo u o‘z joyini boshqa nomzodga bo‘shatib bermasligini ta’kidlagan.

Demokratlarning saylovoldi shtabi rahbari Jyenifer O’Malli Dillon debatdan keyin o‘tkazilgan so‘rovlar «saylovchilar fikri o‘zgarmagani»ni ko‘rsatayotganini bildirgan.

Televizion debatdan keyin butun Amerika bo‘ylab saylovchilar ikki nomzod borasida ham xavotirlarini bildirmoqda

«Bu OAVdagi bo‘rttirilgan baholar reyting vaqtincha pasayishiga sabab bo‘lishi bilan bog‘liq ilk holat emas», — degan u.

Nyu Jyersi gubernatori, Demokratik partiya vakili Fil Merfi mablag‘ yig‘ish bo‘yicha marosimga tashrif buyurgan va Jo Baydenga shunday degan: «Biz 1000 foizga siz bilanmiz».

Sobiq prezident va Jo Baydenning yaqin do‘sti Barak Obama esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «ba’zida yomon debatlar ham bo‘lib turishi» haqida yozgan.

«Bu saylovlar — butun umr oddiy odamlar uchun kurashgan insonning faqat o‘zi haqida qayg‘uruvchi bilan kurashidir», — deya yozgan Obama.

Debatdan bir necha soat o‘tib Tramp tarafdorlaridan biriga buni o‘z kampaniyasi uchun «katta g‘alaba» deb hisoblashini aytgan.

«Jo Baydenning muammosi yoshida emas, — degan 78 yoshli Tramp. — Gap uning layoqatsizligida. U ochiqchasiga layoqatsiz».

Baydenning chiqishi siyosat bilan shug‘ullanmaydiganlarda ham yoqimsiz taassurot qoldirgan.

Demokratlarning ko‘p yillik tarafdori Lori Gregori BBC bilan suhbatda debatlarni shunchaki kuzata olmaganini aytgan va shunday savol qo‘ygan: «Nahotki, bu mamlakatimiz qodir bo‘lgan eng yaxshisi?»

Respublikachi Kristal Mayyers-Barber esa debatlarni kuzatish og‘ir bo‘lgani va «Tramp juda ishonchli hamda prezidentlarga xos ko‘ringani, Bayden esa juda zaif bo‘lib ko‘ringani»ni aytgan.

Liberal taraf bo‘lgan Data for Progress tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, debatni kuzatgan yoki u haqda o‘qigan saylovchilarning 62 foizi unda Tramp g‘alaba qilgan deb hisoblashini bildirgan. Faqat 30 foiz kishi Bayden g‘alabasi haqida gapirgan.

Hatto demokratlar orasida ham Jo Baydenni saylovdagi nomzodlik o‘rnini bo‘shatib berishga chaqiruvchilar bor. Fotoda - Baydenning Nyu Yorkka tashrifi vaqtida yakkalik miting uyushtirgan namoyishchi

Boshqa so‘rovlar paydo bo‘lguniga qadar aynan mablag‘ yig‘ishda Jo Bayden qanchalik qo‘llovga egaligi yoki qanchalik yo‘qotishga uchraganini bilib olish mumkin.

Saylovoldi shtabi boshlig‘i Jyenifer O’Malli Dillon bergan ma’umotga ko‘ra, debat o‘tkazilgan payshanba kuni kechqurundan juma kuni kechgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 27 mln dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan.

«Payshanba kuni kechqurun o‘tkazilgan debatdan keyin kamar ichkarisidagilarning barchasi Jo Bayden yutqazdi deb hisoblamoqda. Ammo ikkilanuvchi shtatlar bo‘yicha ma’lumotlar boshqa narsani so‘zlamoqda», — degan u.

«Kamar ichi» — bu amerikacha ibora bo‘lib, birinchi navbatda AQSh federal hukumati amaldorlari, uning pudratchilari va lobbichilari hamda ularni yorituvchi ommaviy axborot vositalari uchun muhim bo‘lgan masalalar doirasini anglatadi. «Kamar» deb AQSh poytaxti Vashingtonni o‘rab turuvchi I-495 shossesiga aytiladi.

«Nomzodlar payshanba kuniga qadar ham minimal farq bilan harakatlanayotgandi va shundan buyon kuzatilayotgan barcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra ular hali ham bir-biriga juda yaqin», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Ko‘proq yangiliklar: