Dohadagi uchrashuv toliblar xalqaro tan olinishini yaqinlashtiradimi?

Jahon 15:24 / 30.06.2024 11813

30 iyun kuni Qatar poytaxti Doha shahrida BMT bosh kotibi shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchilarning ikki kunlik uchrashuvi boshlanadi. Uchrashuv oldiga qo‘yilgan vazifa — bu yo‘nalishdagi hamkorlikni «yanada izchil, muvofiqlashtirilgan va tizimli» qilish hamda Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati bilan bundan keyin qanday ishlashni hal qilib olishdir. BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, ushbu tadbirni nazorat qiluvchi Rozmari Dikarloning izohlashicha, undan yakuniy maqsad — «o‘zi va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashovchi, xalqaro hamjamiyatga to‘liq integratsiya qilingan, inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlarini, ayniqsa, ayollar va qizlar bo‘yicha majburiyatlarini bajaradigan» Afg‘onistonni yaratishdir.

Bu Dohada shunday formatdagi uchinchi uchrashuv — oldingilari 2023 yil mayida va 2024 yil fevralida o‘tkazilgan. Ulardan farqli ravishda, bu safargisida Afg‘onistonni nazorat qilayotgan «Tolibon» harakati vakillari ham ishtirok etmoqda. 2023 yilgi konferensiyaga toliblar taklif etilmagan, 2024 yil fevralda esa ularning o‘zi ishtirok etishdan bosh tortgandi, bungacha ular uchrashuvda o‘zlarini tanqid qiluvchi afg‘on huquqbonlari bo‘lmasligini va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv tashkillashtirilishini talab qilishgan, tashkilotchilar esa bunga ko‘nmagandi.

«Tolibon» harakati 2021 yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan — ular g‘arb koalitsiyasi bu yerdan qo‘shinlarini olib ketishi bilan mamlakat hududlarini o‘z nazorati ostiga olgandi. 2020 yil fevralida toliblar va AQSh Dohada kelishuv imzolaydi, unga ko‘ra, g‘arb o‘z qo‘shinlarini olib ketishi evaziga mamlakatda tinchlik jarayoni yo‘lga qo‘yilishi, toliblar esa «Al-Qoida» bilan hamkorlikni bas qilishi hamda rasmiy hukumat bilan muzokaralarga kirishishi ko‘zda tutilgandi. Amalda esa bunday bo‘lmadi — prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistondan BAAga qochib ketdi.

Toliblar kelishi bilan mamlakat rasman Afg‘oniston Islom Amirligi deb atala boshladi. Qator mamlakatlar toliblar rejimi tan olinishi uchun shartlarni ilgari surgan: inson huquqlariga, birinchi navbatda ayollar huquqlariga rioya etilishi, etnik va siyosiy jihatdan inklyuziv hukumat tuzilishi. Bu shartlarni toliblar bajarmadi.

2023 yilda BMT xavfsizlik kengashi Guterrishdan Afg‘onistondagi holat bo‘yicha mustaqil baho berishni so‘ragandi. U bunday bahoni o‘sha yil noyabrida taqdim etadi. «Ayni vaqtda vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, natijada xalqaro hamjamiyatning Afg‘oniston bilan munosabatlari asosan noaniqlik holatida qolmoqda va bu afg‘on xalqi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda», — deyilgan bosh kotib hisobotida. Unda Guterrish boshi berk ko‘chadan chiqish vazifasini qo‘ygan, Dohadagi uchrashuv ham aynan shu maqsadda tashkil etildi.

Toliblar Dohaga qanday shartlarda kelmoqda?

«Tolibon» bu safargi maslahatlashuvlarda ishtirok etishini iyun oyi o‘rtalarida tasdiqladi. Amirlik rasmiysi Zabihullo Mujohid kun tartibi bilan tanishib chiqqan mamlakat rahbariyati uchrashuv mamlakat manfaatlariga mos keladi deb topgan. «Asosiy va muhim mavzular Afg‘onistonga insonparvarlik yordami va Afg‘onistonda investorlar uchun imkoniyatlar yaratishdir. Shuningdek boshqa mavzular ham muhokama qilinishi mumkin, ammo ularning barchasi Afg‘oniston uchun foydali hisoblanadi», — deya uning so‘zlarini keltirgan TOLO News telekanali. Bunga qadar Mujohid toliblar ushbu konferensiyada ishtirok etish uchun o‘z shartlarini ilgari surayotgani haqidagi ma’lumotni asossiz deb atagandi.

BMT yana toliblarning tanqidchilari bo‘lgan tarafni taklif etgan: 2 iyul kuni Dohada Dikarlo va maxsus elchilar (tashkilotchilar 20 davlatdan diplomatlarni chaqirgan, ularning aksari ishtirok etishini tasdiqlagan) afg‘on fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashadi. Shuningdek, The Guardian qayd etishicha, toliblar biror afg‘on ayoli bu uchrashuvga qo‘yilmasligini talab qilgan. BMTdagilar tashkilot vakillaridan boshqa ayollar Dohadagi asosiy uchrashuvda ishtirok etmasligini tasdiqlagan — BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roza Otunbayeva 21 iyun kungi brifingda a’zo mamlakatlar muzokaralarga faqat erkak vakillarini yuborganini xabar qilgan. U toliblar Dohadagi muzokaralarda ilk bor ishtirok etishiga e’tibor qaratgan va kun tartibidan ayollarga aloqador bo‘lgan dolzarb masalalar, bank tizimlarini yo‘lga qo‘yish hamda narkotrafikka qarshi kurashish masalalari ham borligini ta’kidlagan. «Keling ular (toliblar) bilan gaplashishni boshlaylik», — degan Otunbayeva.

U toliblar ayollarga nisbatan joriy etgan cheklovlar Afg‘onistonning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan. 2022 yilda toliblar qizlarga maktabga borishni taqiqlagan va amalda ayollarning ta’lim olishini taqiqlagandi. «Bu cheklovlar mamlakatni «Tolibon»ning o‘zini o‘zi ta’minlash siyosatini amalga oshirilishi uchun o‘ta muhim bo‘lgan inson kapitalidan mahrum qiladi. Bu oltin boshlar mamlakatni tark etishiga yo‘l ochadi, bu esa Afg‘oniston kelajagiga putur yetkazadi. Ular amalda hokimiyatning legitimlik haqidagi da’volariga ham zarar yetkazadi. Va ular Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiyalashuviga olib keladigan diplomatik qarorlar qabul qilinishiga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda», — degan Otunbayeva va BMT ushbu taqiqlarni bekor qilishga chaqirishda davom etishini qayd etgan.

  • Toliblar Afg‘onistonni 1996 yildan 2001 yilga qadar ham boshqargan, mamlakatga g‘arb koalitsiyasi kuchlari kirib kelganidan keyin hokimiyatdan ketib, yashirin faoliyat olib bora boshlagandi. 2001 yilda mahalliy ayollar yana burqalarini yechishadi, qizlar esa maktabga qaytadi. 2011 yilda maktab o‘quvchilari orasida qizlar ulushi 65,6 foizgacha yetadi. Universitetlarda nafaqat talaba qizlar, balki o‘qituvchi ayollar ham paydo bo‘ladi. Ayollarga armiyada xizmat qilishga, avtomobil boshqarishga, sport bilan professional darajada shug‘ullanishga va hatto Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga (lekin 2008 yil Pekindagi o‘yinlarda qatnashgan Mehboba Adyar konservativ kayfiyatdagi vatandoshlari tomonidan qattiq tanqidga uchragan va hatto ekstremistlar tahdidiga uchragandi) ruxsat beriladi. Mamlakatning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani esa 2018 yil 26 yoshli Zarifa G‘afarini Maydonshahr shahri meri etib tayinlaydi.

BMTning konferensiyani ayollar ishtirokisiz o‘tkazishga rozilik bergani xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan tanqidlarni keltirib chiqardi. Human Righs Watch (HRW) BMT Dohada toliblarning shartlari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazish orqali «yangi tub»ga tushganini bildirdi. «Tolibon»ning zo‘ravonliklaridan eng ko‘p aziyat chekkanlar bir chetda qolmoqda va o‘z taqdiri BMTda muhokama qilinishidan chetlashtirilmoqda», — deyilgan bayonotda. Unda bu qaror BMT Xavfsizlik kengashining 2000 yilda qabul qilingan va ayollarning muhim xalqaro muhokamalardagi ishtirokini kafolatlaydigan 1325-sonli rezolyutsiyasiga zid kelishi qayd etilgan.

«Agar Doha-3 rejalashtirilganidek davom etsa, BMT afg‘on ayollarining o‘z huquqlari uchun kurashiga xiyonat qilib, zararli pretsedent hosil qiladi. «Tolibon»ni tinchlantirishga bunday sharmandalarcha urinish uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlaridan bosh ortgan BMT o‘z obro‘siga abadiy o‘chmas zarar yetkazadi», — deya xulosa qilgan HRW.

Xalqaro hamjamiyat toliblar rejimini tan oladimi?

BMTdagilar HRW tanqidini qabul qilmadi — u yerdagilar maxsus elchilar baribir ayollar huquqlari himoyachilari bo‘lgan guruh bilan uchrashishini aytishgan. BMTdagilar yana shuni qayd etgan: «Har qanday holatda ham tashkilot vakillari va elchilarning uchrashuvini «Tolibon»ni hukumat sifatida rasman tan olish yoki uni legitimlashtirish deb qabul qilinmasligi kerak». «Biz Afg‘oniston muammolarini hal qilish uchun ular bilan uchrashishimiz darkor, — degan 25 iyun kuni jurnalistlarga BMT vakili Stefan Dyujarrik. — <…> Afg‘oniston bo‘yicha barcha maxsus elchilar bir xonada bo‘lishi, bir narsani tinglashi, amaldagi rasmiylar bilan muloqot qilishi, barcha bir to‘lqinda bo‘lishi uchun bir narsa translatsiya qilingani yaxshiroq».

Rossiya toliblar bilan muloqot o‘rnatishning faol tarafdorlaridan biri sanaladi. Moskva «Tolibon»ni 2023 yilda terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan, harakat hamon mazkur ro‘yxatda qolmoqda, ammo 2024 yil mayida Adliya vazirligi va Rossiya TIV prezidentga toliblarni undan chiqarish mumkinligi to‘g‘risida hisobot bergan. «Ishonchimiz komilki, Afg‘onistondagi vaziyatni har qanday samarali hal qilish amaldagi rasmiylar ishtirokisiz imkonsiz», — degan 21 iyun kuni BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya maxsus vakili Vasiliy Nebenzya. U g‘arblik hamkasblarning ichki siyosiy parokandalik va mamlakatdagi iqtisodiy kollaps to‘g‘risidagi prognozlariga ters o‘laroq, de-fakto hukumat vaziyatni to‘g‘ri baholay olgani va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatni tiklashga e’tibor qaratganini aytgan. «Ular g‘arb yordamiga tayanmasdan, Afg‘oniston uchun mustaqil taraqqiyot yo‘lini qidirmoqda», — deya xulosa qilgan rossiyalik diplomat.

Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning hisoblashicha, dunyo toliblar bilan o‘zaro hamkorlik qilish zarurligini «tushunib yetmoqda». «Rossiya ancha oldinroq bu fikrga kelgandi. Hechdan ko‘ra kech yaxshi», — deya uning so‘zlarini keltirgan TASS.

AQSh Davlat departamenti o‘z vakillari xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda «Tolibon»ni Doha kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlariga jiddiy yondashish zarurligi»ga ishontirishda davom etish uchun Qatarga borishini bildirgan. 

Xitoy bu borada izoh bermagan. Ushbu mamlakatning maxsus vakili Yue Syaoyun faqat yopiq norasmiy uchrashuv bo‘lishini aytib, konferensiya natija berishiga umid bildirgan.

«Bu yerda ikki pozitsiya to‘qnashmoqda: bir tomondan, toliblarni tan olish masalasini ilgari surayotgan Rossiya va O‘zbekiston, boshqa tomondan — Afg‘onistonga gumanitar shartlar qo‘yayotgan g‘arb mamlakatlari, — deydi RBK bilan suhbatda politolog, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov. — O‘z navbatida, toliblar xalqaro hamjamiyatga o‘zlariga qarshi barcha da’volarga qaramay, Afg‘onistonda barqarorlikni kafolatlovchi kuch aynan o‘zi ekanini namoyish etmoqda».

Ekspertning fikricha, bu safargi yig‘ilishda oldinga siljish bo‘lishi mumkin — ko‘pchilik bundan manfaatdor. «Afg‘oniston Kaspiy mintaqasi, Markaziy Osiyodan Hind okeani portlariga energiya resurslari tranziti uchun davlat sifatida jiddiy qaraladi. Shimol — Janub yo‘laklari, transafg‘on yo‘lagi — bularni faqat toliblar jahon hamjamiyatining bir qismi bo‘lsa amalga oshirish mumkin, — deya qayd etadi Dubnov. — Ikkinchidan, toliblar ularning oldingi kelishida tan olinmagani uchun radikallashgandi. Tsivilizatsiya normalariga yaqinlashishi uchun «Tolibon» dunyo quchog‘iga kirishiga intilishimiz kerak».

Ayollar huquqlari masalasi esa, katta ehtimol bilan Dohada muhokama qilinadi, deya taxmin qiladi Dubnov. U yerda baribir huquq himoyachilari ham bo‘lishi xalqaro hamjamiyat bu mavzuni tashlab qo‘ymasligidan dalolat beradi; masala gap umumiy pozitsiyani ishlab chiqish haqida ketayotganida u qanchalik prinsipial bo‘lishida.

Ko‘proq yangiliklar: