Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bunda dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.
Bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2 tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urug‘lik yetkazib beriladi.
Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamg‘arma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga o‘rgatiladi.