Ijtimoiy himoya milliy agentligi, YUNISEF va Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi (AQSh) hamkorligida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan 24 iyun kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, markaz ijtimoiy himoya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, mazkur jarayonda agentlik tizimidagi muassasalarga ilmiy-metodologik ko‘maklashadigan muassasa hisoblanadi.
Markazda ilmiy-tadqiqot ishlari, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish agentlik va Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari asosida kelishuvga ko‘ra tashkil etiladi hamda davlat tili yoki ingliz tilida olib boriladi.
Markazning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- ijtimoiy himoya va aholining ruhiy salomatligi sohasidagi muammolarni tadqiq etish hamda hal qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
- ijtimoiy himoya sohasida ish jarayonlarini tashkil etish metodologiyasini yaratishga ko‘maklashish orqali O‘zbekistonda professional ijtimoiy ish tizimini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash;
- ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish;
- Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish.
Xorijdan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilar Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi tomonidan, boshqa xodimlar, jumladan, mahalliy professor-o‘qituvchilar agentlik tomonidan markaz faoliyatiga jalb etiladi.