Putin Kimga sovg‘a qilgan Aurus’da Janubiy Koreya detallari bo‘lgan - Reuters

Jahon 14:10 / 28.06.2024 21265

Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inga KXDRga tashrifi chog‘ida sovg‘a qilgan Aurus limuzinining ko‘plab qismlari import qilingan, deb xabar berdi Reuters 28 iyun, juma kuni. Avtomobilni ishlab chiqaruvchi Aurus Motors kompaniyasi Kim o‘z mamlakatining «asosiy dushmani» deb atagan Janubiy Koreyadan import qilingan millionlab dollarlik ehtiyot qismlardan foydalanadi. Bu Rossiyaning G‘arb texnologiyalariga qaramligi davom etayotganidan dalolat beradi, deya qayd etadi Reuters. 

2018 yildan 2023 yilgacha Aurus avtomobillari va mototsikllarini yig‘ish uchun agentlik tomonidan ko‘rib chiqilgan bojxona hujjatlariga ko‘ra, Rossiya chet eldan kamida 34 million dollarlik asbob-uskunalar va butlovchi qismlarni olgan. Janubiy Koreyadan qariyb 15,5 million dollarlik avtomobil kuzov qismlari, sensorlar, dasturlashtiriladigan kontrollerlar, kalitlar, payvandlash uskunalari va boshqa butlovchi qismlar keltirildi. Ehtiyot qismlar Xitoy, Hindiston, Turkiya va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan ham kelgan. 

Aurus Motors uchun xorijdan yetkazib berish Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumidan keyin ham davom etdi, 2022 yil fevralidan buyon qariyb 16 million dollarlik asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar import qilindi, jumladan, 5 million dollar miqdorida Janubiy Koreyadan. Aurus Motors va uning bosh direktori Andrey Pankov Reuters agentligining kompaniya avtomobillarida xorijiy detallar, jumladan, Janubiy Koreyadan kelgan qismlardan foydalanilayotgani haqidagi so‘rovlariga javob bermadi. 

Janubiy Koreya firmalari - Aurus uchun asosiy importchilar

Aurus kompaniyasi Tataristonda 2021 yilda rasmiy ishlab chiqarishni boshladi. 2024 yilda u Sankt-Peterburgdagi sobiq Toyota zavodida qo‘shimcha ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. 2024 yil fevral oyida Aurus LLC AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Janubiy Koreya firmalari Aurus uchun eng yirik yetkazib beruvchilari qatoriga kiradi, jumladan sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchi Kyungki Industrial Co, kuzov qismlari ishlab chiqaruvchi BYT CO LTD va akkumulyatorlar yetkazib beruvchi Enertech International Inc. Rossiya avtomobil ishlab chiqaruvchisi uchun uskunalar Italiyaning plastik qismlar ishlab chiqaruvchi Industrie Ilpea Spa hamda Hongkongning Rain Electronics kompaniyasi tomonidan ham taqdim etilgan.

Kyungki Industrial Co rasmiysi kompaniya Aurus LLC’ga ehtiyot qismlar yetkazib berganini va buni davom ettirayotganini tasdiqladi. Kompaniya ehtimoliy sanksiyalardan xavotirda emas, dedi matbuot kotibi va qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi. Boshqa kompaniyalar Reuters so‘rovlariga javob bermadi. 

Sovet paytidagi ZIL limuzini kabi retro uslubda ishlab chiqarilgan Aurus Senat Rossiya prezidentining rasmiy avtomobilidir va Putin tomonidan 2018 va 2024 yillardagi prezidentlik inauguratsiyasida foydalanilgan. Hammasi bo‘lib kompaniya to‘rtta avtomobil modelini ishlab chiqaradi. Ularning narxi 46,625 million rubldan boshlanadi. Rossiyaning Autostat tahliliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Aurus Rossiyada 107 ta mashina sotgan. 

Ko‘proq yangiliklar: