Bryussel: Gurjistonni YeIga qabul qilish jarayoni amalda to‘xtatildi

Jahon 08:43 / 28.06.2024 5377

Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Gurjistonning YeIga kirish jarayoni mamlakatda qabul qilingan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun tufayli amalda to‘xtatilganini ma’lum qildi. 27 iyun, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, bu qonun Yevrokomissiyaning Gurjistonga YeIga nomzod maqomini berish bo‘yicha tavsiyalaridan chetga chiqishdir

Hujjatda Gurjiston hukumati «Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lini xavf ostiga qo‘yuvchi va amalda qo‘shilish jarayonining to‘xtab qolishiga olib keladigan harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga» chaqiriladi. 

Gurjiston 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod davlat maqomini oldi. Shu hafta boshida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel YeI maqomni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. 

Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 

Gurjiston muxolifati Rossiyaning «chet el agentlari» haqidagi qonuni nusxasi deb ataydigan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun iyun oyi boshida kuchga kirdi. Gurjiston parlamenti raisi Shalva Papuashvili fuqarolar va muxolifatning keng ko‘lamli noroziliklari, shuningdek, prezident Salome Zurabishvilining veto qo‘yganiga qaramay, 3 iyun kuni uni imzoladi.

Qonun kuchga kirgandan so‘ng, Gurjiston Adliya vazirligi 60 kun ichida barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishi va 20 foizdan ortiq mablag‘ni xorijiy manbalardan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari elektron portalini yaratishi shart. Ular 2023 yil uchun moliyaviy hisobotlarini e’lon qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: