Asli tataristonlik podpolkovnik Irek Magasumov Rossiya Qahramoni unvonidan mahrum etilgan Ukrainadagi urushda qatnashgan birinchi harbiy bo‘ldi. Bu haqda 26 iyun, chorshanba kuni «Agenstvo» internet-nashri xabar berdi.
Harbiy xizmatchi Luhanskda 18 yoshli Darya Kiselevani o‘ldirishda, shuningdek bezorilikda aybdor deb topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi «Biznes online» nashri erkakning advokatiga tayanib. Magasumov o‘z aybini tan olmadi, biroq marhumning onasidan «qo‘l ostidagilari ustidan nazoratni susaytirgani» uchun uzr so‘radi.
Qotillikni tan olgan xizmatdoshi ozodlikka chiqdi
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil avgust oyida Magasumov hamkasbi Pavel Yaskevich bilan Luhanskdagi «Panorama» kafesida dam olgan va u yerda ikki qiz bilan uchrashgan. Kafe yopilgandan so‘ng, Magasumov va Yaskevich o‘zining yangi tanishlariga Makarov to‘pponchasidan o‘q uzib ko‘rishni taklif qilgan, o‘qlardan biri Kiselevaga kelib tekkan. Avvaliga Yaskevich qotillikni tan oldi va ishda unga qarshi dalillar bo‘lgan, ammo keyinroq Magasumovga ayblov qo‘yildi va uning xizmatdoshi ozod qilindi, deb tushuntiradi «Biznes online».
Irek Magasumov Rossiya Qahramoni yulduzini 2023 yil avgust oyi boshida, fojiadan bir necha kun oldin Kremlda qabul qilib olgan. U o‘sha oyda hibsga olingan. Prokuratura Magasumovni nafaqat Rossiya Qahramoni unvonidan, balki podpolkovnik unvonidan ham mahrum qilishni talab etdi. Harbiyning o‘zi sudyadan urushga qaytish niyatini bildirib, harbiy unvonidan mahrum qilmaslikni so‘radi.
Yevgeniy Borisov ishi: mahrum qilinganidan keyin Rossiya Qahramoni unvoni tiklangan
2016 yilda Cheboksar sudi Yevgeniy Borisovni Rossiya Qahramoni unvonidan mahrum qilib, uni noqonuniy qimor biznesini tashkil etishda aybdor deb topib, olti yarim yil qamoq va 10 million rubl miqdorida jarimaga tortgan edi. Biroq, 2017 yilda Borisov unvonini tiklashga muvaffaq bo‘ldi va shartli ravishda ozod qilindi.