Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining «Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3- va 4-bandlariga asosan xorijiy avtotransport vositalari respublika hududiga majburiyatnoma asosida kirib kelishi yoki tranzit o‘tishi belgilangan.
Biroq, bugungi kun amaliyotida respublikaning eksklav hududlariga xorijiy avtotransport vositalarini kiritish bojxona organlari tomonidan majburiyatnomani rasmiylashtirmagan holda amalga oshirilmoqda.
Respublikaning eksklav hududlarida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan bojxona nazorati o‘rnatilishi Qirg‘iziston va Tojikistonning eksklav hududlarida doimiy yashaydigan O‘zbekiston fuqarolariga ham soddalashtirilgan bojxona nazorati o‘rnatilishini ta’minlaydi.
Mazkur qaror loyihasida nizomning 2-1-bandi quyidagi tahrirdagi oltinchi xatboshisi bilan to‘ldirilmoqda: «O‘zbekistonning eksklav hududlariga olib kirilayotgan va tranzit o‘tayotgan xorijiy avtotransport vositalariga».