O‘zbekistonda hukm surayotgan yoz jaziramasi sharoitida poyezdlarning harakatlanish tezligi cheklanmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ma’lum qildi.
“Harorat ko‘tarilishi natijasida yer usti temir yo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘ladi. Shu bois, yo‘lovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi. Natijada poyezdlar harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi mumkin.
Harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilgan poyezdlarda esa sovutish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkin”, – deyiladi xabarda.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.