Rossiya Ukrainadagi urushga yamanliklarni yollamoqda - The Financial Times

Jahon 10:11 2077

Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun yuzlab yamanlik erkaklarni yolladi, deb yozdi Britaniyaning Financial Times (FT) nashri 24 noyabr, yakshanba kuni. Nashrga ma’lumot taqdim etgan yamanlik yangi askarlarning so‘zlariga ko‘ra, isyonchi husiychilar guruhi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan noma’lum «sirli kompaniya» ularga katta maoshli ish va hatto Rossiya fuqaroligini va’da qilgan. Biroq Rossiyaga kelganlaridan so‘ng, ularni majburan armiyaga olib ketishgan va Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlab, urushga yuborishgan.

Kreml va yamanlik isyonchi husiychilar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda. Foto: Mohammed Huwais/AFP/Getty Images

FTʼning taxmin qilishicha, yamanlik askarlarni yollash 2024 yilning iyulida boshlangan. Jurnalistlar Nijniy Novgorodda yollanma askarlarni tanlash markazi rahbari tomonidan imzolangan shartnomalardan biri bilan tanishib chiqqan. Hujjatda 3 iyul sanasi ko‘rsatilgan. Gazetaning yozishicha, «Ukrainaga qarshi urushda asosan majburan jalb qilingan yamanlik yollanma askarlar paydo bo‘lishi, urushning chet eldan yanada ko‘proq askarlarni jalb qilayotganini ko‘rsatadi. Kreml esa to‘liq mobilizatsiyadan qochishga harakat qilmoqda». Shuningdek, nashr Moskva va husiychilar o‘rtasidagi «tobora mustahkamlanayotgan aloqalar»ga ham urg‘u bergan.

Yamanliklar urushga aldov yo‘li bilan jalb qilinmoqda

Urushga yollangan yamanliklardan biri Nabil FTʼga 200 yamanlikdan iborat guruhning a’zosi bo‘lganini aytgan. Ular Moskvaga sentabr oyida yetib kelishgan va frontga yuborilgan. Nabilning so‘zlariga ko‘ra, bu guruhdagi ayrimlar professional harbiy bo‘lgan, lekin ko‘pchilikda hech qanday tayyorgarlik bo‘lmagan.

Nabilning o‘zini Rossiyada «xavfsizlik» va «muhandislik ishi» sohasida manfaatli ish kutib turganini aytib yollashgan. U Rossiyada ishlab topadigan pullarini o‘qishni tugatib olishga sarflamoqchi edi.

FTʼning Abdulloh ismli yana bir yamanlik suhbatdoshiga ko‘ra, unga pilotsiz parvoz qurilmalari ishlab chiqariladigan joyda bir martalik 10 ming dollarga teng to‘lov va oyiga 2 ming dollar maosh taklif qilingan. U sheriklari bilan Moskvaga 18 sentabr kuni yetib kelgach, ularning barchasini aeroportdan to‘g‘ridan to‘g‘ri 5 soatlik masofadagi obektga olib borishgan, so‘ng Ukraina chegarasiga yetkazishgan. Qisqa harbiy tayyorgarlikdan so‘ng, ularni Rostov yaqinidagi harbiy bazaga yuborishgan.

Abdullohning ta’kidlashicha, ularni «odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi firibgarlar» urushga yetkazgan. Uning guruhidan ko‘pchilik allaqachon janglarda halok bo‘lgan.

Rossiyada «majburiy yollanma askarlar» soni ortmoqda

Avgust oyi oxirida Hindiston parlamenti deputati Vikramjit Singh Sahneyb 90 nafar hindistonlikning firibgarlik yo‘li bilan Rossiya armiyasi safiga yollanganini ma’lum qilgan. Ularning kamida sakkiz nafari halok bo‘lgan, jasadlari esa hozircha vataniga qaytarilmagan.

Sahneybning aytishicha, Hindiston fuqarolarini Rossiyaga ish taklifi bilan chaqirishgan, so‘ng tarjimonsiz shartnoma imzolashga majburlashgan. 2024 yil may oyida Hindiston Markaziy tergov byurosi odam savdosi bilan shug‘ullangan to‘rt kishini qo‘lga olganini xabar qilgan. Ular yoshlarni «Rossiyada ishlaysan», deb aldab, yollashda gumon qilingan.

2024 yil may oyida Shri-Lanka hukumati ham fuqarolarning Ukrainadagi urushga jalb qilinishi bo‘yicha tergov boshlagan. Orol davlatining ma’lum qilishicha, shu paytgacha 16 kishi halok bo‘lgan, 37 kishi yaralangan. Yana o‘ndan ortiq kishi asirlikda bo‘lishi mumkin. Shri-Lanka tashqi ishlar vaziri Taraka Balasuriya 455 nafar fuqaro bu borada shikoyat qilganini aytgan.

Nepal hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshiga kelib Rossiya armiyasi safida Ukrainada kamida 200 nepallik yollanma askar bo‘lgan. Nepal tashqi ishlar vaziri Narayan Prakash Saudning aytishicha, ulardan 100 nafarining joylashgan manzili hozircha noma’lum. Katmandu Moskvadan nepalliklarni yollashni to‘xtatishni va ularni uylariga qaytarishni talab qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: