«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini samarali tashkil etish, qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 5 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 210-sonli qarori tasdiqlangan.
Mazkur qarorga asosan, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi mazkur komissiyaning ishchi organlari etib belgilandi.
Shu bilan birga, ushbu qonunda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni davlat organlari va tashkilotlarda o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.
26 iyun kuni adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev rahbarligidagi O‘zbekiston Respublikasi «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni davlat organlari va tashkilotlarda o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari tomonidan mazkur qonunning mazmun-mohiyatini vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbar va mas’ul xodimlariga yetkazish hamda kelgusida o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.