YeI va AQSh Rossiyaning Yevropa OAV saytlarini bloklaganini qoraladi

Jahon 09:26 / 26.06.2024 3971

Yevropa Ittifoqi Bryussel rus nashrlariga faoliyat yuritishni taqiqlaganiga javoban Moskva Rossiyada o‘nlab Yevropa ommaviy axborot vositalariga kirishni cheklab qo‘yganini qoraladi. 25 iyun, seshanba kuni Yevropa komissiyasi raisi o‘rinbosari, qadriyatlar va oshkoralik bo‘yicha Yevropa komissari Vera Yurova Rossiyaning ushbu javob choralari tushunarsiz ekanini ma’lum qildi. 

«Yo‘q, Rossiya harbiy doktrinasi doirasida dezinformatsiyani tarqatish uchun Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan targ‘ibot nashrlari mustaqil OAV bilan bir xil darajada turadigan narsa emas», deb yozadi u X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Davlat departamenti: Rossiya haqiqatdan qo‘rqadi 

Qo‘shma Shtatlarning ta’kidlashicha, Rossiya o‘nlab ommaviy axborot vositalariga kirishni to‘sib qo‘ygan holda, haqiqiy ma’lumotlar oshkor bo‘lishidan qo‘rqadi. «Bu Rossiya hukumati jurnalistikani bostirayotganining yana bir belgisidir, chunki o‘z xalqi Rossiya harakatlari haqidagi haqiqatni eshitishidan qo‘rqadi», dedi jurnalistlarga AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Metyu Miller. 

Rossiya Yevropaning 81 ta OAV ishini taqiqlaydi

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining 81 ta ommaviy axborot vositalari «ma’lumotlariga kirish cheklanishi» haqida e’lon qilgan edi. Yevropaning o‘nlab yirik nashrlari, jumladan, Germaniyaning Der Spiegel, Die Zeit va Frankfurter Allgemeine Zeitung, Ispaniyaning El Pais va El Mundo, Italiyaning La Stampa va La Repubblica, Fransiyaning Le Monde, Liberation va AFP, shuningdek, Politico va Euobserver umumevropa nashrlari bloklanadi. 

Moskvada bu qadam Rossiyaning RIA «Novosti», «Izvestiya» va «Rossiyskaya gazeta» nashrlariga Yevropa Ittifoqida «har qanday faoliyati» taqiqlanishiga «javob chorasi» deb ataldi. YeI kengashi may oyida ushbu ommaviy axborot vositalarini taqiqlagan, qaror 25 iyunda kuchga kirgan. Yevropa Ittifoqi ushbu nashrlar «Rossiya tashviqotini va Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlaydi», deya ma’lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: