Rossiyada Gershkovichning sudi boshlanmoqda: amerikalik jurnalist 20 yilga qamalishi mumkin

Jahon 12:33 / 26.06.2024 4410

Yekaterinburgda amerikalik jurnalist Evan Gershkovich qo‘lga olinganidan deyarli 15 oy o‘tib, uning ishi bo‘yicha sud yopiq eshiklar ortida boshlanadi. Gershkovich josuslikda ayblanmoqda - «FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan biri haqida davlat siri ma’lumotlarini to‘plagan. 32 yoshli amerikalik 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. 

Evan Gershkovichning ushlanishi

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yilning 29 martida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va keyinchalik josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalariga binoan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, nashr ham ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi. 

Gershkovich 2017 yildan beri Rossiyada yashagan

32 yoshli Evan Gershkovich 2017 yildan beri Rossiyada yashab, avvaliga The Moscow Times gazetasida, keyin AFP axborot agentligida, 2022 yil yanvaridan esa The Wall Street Journal’da muxbir bo‘lib ishlagan. Gershkovich Nyu-Yorkda sovet yahudiy emigrantlari oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi 1979 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib ketgan. 

Gershkovichning ehtimoliy almashtirilishi

Joriy yilning fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni «yaxshi niyat belgisi sifatida» ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi. 

The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Rossiya AQSh bilan mahbuslarni almashish ehtimoliga izoh berdi

Rossiyada hibsga olingan amerikalik jurnalist Evan Gershkovich ustidan sud jarayoni boshlanishidan bir necha kun oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Vashington bilan ehtimoliy mahbuslar almashinuviga izoh berdi. Ayni damda Moskva Qo‘shma Shtatlardan «taqdim etilgan g‘oyalarga javob kutmoqda», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov 19 iyun kuni chop etilgan TASS agentligiga bergan intervyusida.

«To‘p AQSh tomonida», deb ta’kidladi u. Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati Rossiya takliflaridan «yaxshi xabardor». «Men tushunamanki, bu g‘oyalarda nimadir amerikaliklarga to‘g‘ri kelmasa, bu ularning muammolari. Biz yondashuvlarimizni to‘liq asosli, oqilona va muvozanatli deb bilamiz», - deya qo‘shimcha qildi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari. 

Ko‘proq yangiliklar: