Bekobodda IIB binosidagi o‘lim holati bo‘yicha bir xodim qamoqqa olindi

O‘zbekiston 18:03 / 26.06.2024 22672

Bekobod shahri IIB binosida fuqaroning vafot etgani holati bo‘yicha bir nafar IIB xodimi qamoqqa olingan. Buni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

Kun.uz’ga intervyu bergan marhumning akasi ukasini IIB xodimlari uning ko‘zi oldida kaltaklab o‘ldirganini ta’kidlagan edi.

Aslida nima bo‘lgandi?

Joriy yilning 19 iyun kuni Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etdi. Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, 43 va 46 yoshli aka-uka qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.

Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektori tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.

43 yashar fuqaro Bekobod shahar IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va ko‘rikdan o‘tkazilganda vafot etgani aniqlangani qayd etilgan.

Ko‘z o‘ngimda kaltaklab o‘ldirishdi”

Voqea ishtirokchisi Dilmurod Yusupvaliyev Kun.uz’ga bergan intervyusida marhum ukasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani oqibatida vafot etganini aytgan.

“Bittasi mening ham shimimdan ushlab olgan. Yosh bola emasman, qo‘yib yubor, dedim. Ichki ishlar bo‘limiga birga ketdik. Darvozasidan kirishim bilan uchta xodim mening ham qo‘limni qayirib olib kirdi.

Ikkitasi ukamning qo‘lini qayirib turdi. Bittasi dubinka bilan urdi, bittasi qorniga tepdi, yana bittasi orqasidan urdi. Keyin ukam yiqildi. Tez yordam chaqiringlar, mazam qochyapti, dedi. Shu vaqtda meni ham urishdi, yiqildim. Tez yordam chaqiringlar, mazasi bo‘lmayapti, dedim, shu payt bittasi dubinka bilan qulog‘imga urdi. Ukamni 5-6 kishi bo‘lib yana urib tepa boshladi, hammasi yosh yigitlar ekan. Uchtasi oyog‘ining uchi bilan, bittasi oyog‘ining tagi bilan tepaverdi. “Nolovka” degan xonaning eshigi yonida urishdi”, degan u.

Holat nazoratga olingani aytildi

Rasmiylarga ko‘ra, fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga nazorat xati yuborilgan va unda holat qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlari ochiq va adolatli surishtirilishini ta’minlash so‘ralgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning xabar berishicha, hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olingan. Guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilmoqda.

“Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’i nazar, favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilari, shu jumladan, har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi”, deya ta’kidlagandi Shoxruh G‘iyosov.  

Ko‘proq yangiliklar: