Yevrokomissiya Amerikaning Apple texnologik korporatsiyasiga nisbatan YeI yirik onlayn-platformalar uchun yangi qoidalari buzilishi ehtimoli bo‘yicha tekshiruv boshladi. Bryusselda joylashgan idora 24 iyun, dushanba kuni ma’lum qilishicha, protsedura AQSh kompaniyasi foydalanuvchilarni Apple’ning shaxsiy App Store platformasidan tashqarida bepul dasturiy ta’minot takliflariga yo‘naltirish bo‘yicha o‘z majburiyatiga rioya qilyaptimi yoki yo‘qmi, shu masalani tekshiradi.
«Ishlab chiquvchilar hamjamiyati va iste’molchilar App Store do‘koniga muqobil variantlarga juda qiziqishmoqda. Biz Apple bu sa’y-harakatlarga putur yetkazmasligi uchun tekshiruv o‘tkazamiz», - dedi Yevropa Ittifoqining raqobat bo‘yicha komissari Margrete Vestager.
Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi Apple tomonidan mart oyida joriy qilingan ishlab chiquvchilar uchun asosiy texnologiya to‘lovining (Core Technology Fee, CTF) mutanosibligiga shubha qilyapti, u yil davomida har bir ilovaning birinchi o‘rnatilishi uchun 50 yevrosentni tashkil qiladi va Yevropa Ittifoqida 1 mln marta o‘rnatilganidan keyin undiriladi. Biroq, agar ishlab chiquvchilar o‘z ilovalarini faqat Apple Store orqali tarqatishda davom etsa, yangi to‘lov olinmaydi.
Apple YeIdagi qonunlarni buzmayotganini bildirdi
Agar Apple qonunga rioya qilmaganlikda aybdor deb topilsa, u global yillik tovar aylanmasining 10 foizigacha, takroriy qoidabuzarliklar uchun esa 20 foizgacha jarimaga tortiladi.
O‘z navbatida, Apple Yevropa komissiyasining shubhalarini rad etdi. Kompaniya so‘nggi oylarda yangi Yevropa qoidalariga rioya qilish uchun bir qator o‘zgarishlar kiritganini bildirdi. «Bizning rejamiz qonunga mos kelishiga aminmiz», deya ma’lum qildi korporatsiya.
Yevropa raqamli bozorlar qonuni
2024 yil mart oyidan boshlab Yevropa Ittifoqida yirik texnologiya kompaniyalari hukmron mavqeyini suiiste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymaslik va yangi o‘yinchilarning bozorga kirishiga ruxsat berishga qaratilgan Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (DMA) mavjud. Hozirgi vaqtda ushbu qoida oltita yirik texnologik kompaniyalarning 22 ta xizmatiga nisbatan qo‘llanadi. Bu beshta Amerika kompaniyasi - Alphabet, Amazon, Apple, Meta va Microsoft, shuningdek, Xitoyning ByteDance kompaniyasi.
Bu kompaniyalar, boshqa narsalar qatorida, o‘zining xabar almashish ilovalari raqobatchilar bilan o‘zaro ishlashini ta’minlashi va foydalanuvchilarga qaysi ilovalarni o‘z qurilmalariga oldindan o‘rnatishni hal qilish imkonini berishi talab etiladi. Ular raqobatchilarnikidan ko‘ra o‘z xizmatlarini ilgari surishi yoki foydalanuvchilarning oldindan o‘rnatilgan dasturiy ta’minot yoki ilovalarni o‘chirishiga to‘sqinlik qilishlari mumkin emas.
Mart oyi oxirida Yevropa komissiyasi Apple, Google va Meta kompaniyalari tomonidan ehtimoliy qonunbuzarliklar yuzasidan tergov boshlanganini e’lon qildi. Bundan tashqari, mart oyida Yevrokomissiya Apple’ni raqobatga to‘sqinlik qilgani uchun 1,8 milliard yevro jarimaga tortdi. AQShda Apple smartfonlar bozorini monopollashtirishda gumon qilinmoqda.