YeI Kiyevga Rossiya aktivlaridan tushgan 1,4 mlrd yevro daromadni beradi

Jahon 10:47 / 25.06.2024 2031

Vengriya hukumati qarshiligiga qaramay, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan foydadan 1,4 milliard yevroga yaqin harbiy yordam taqdim etadi. Bu qaror 24 iyun, dushanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ma’qullandi, dedi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Uchrashuv oldidan Borrel Kiyevga mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qaror «har qanday to‘siqlardan o‘tib ketishi» kerakligini ta’kidladi. Budapesht bu jarayonga to‘sqinlik qila olmaydi, chunki Vengriya ilgari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan foydani saqlab qolish bo‘yicha dastlabki kelishuv yuzasidan ovoz berishda betaraf bo‘lgan va shuning uchun u «bu puldan foydalanish qarorini qabul qilishda ishtirok etmasligi kerak». Vengriya vetosidan qochishga imkon bergan holat - mablag‘lar Yevropa Ittifoqi soliq to‘lovchilaridan tushmagan. 

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina oladigan mablag‘ miqdori hali aniqlanmagan, biroq diplomatlarga ko‘ra, u 1,2 yevrodan 1,4 milliard yevrogacha bo‘lgan. Ushbu mablag‘lar Kiyevga Ukrainaga yordam fondi (UAF) orqali beriladi. 

YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 14-paketi tasdiqlandi 

Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy harakatlar uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan 14-sanksiya paketini ma’qulladi. Bu haqda kengashning 24 iyun kuni chop etilgan press-relizida aytiladi. Tez orada yangi sanksiya choralari va ro‘yxatlari rasman e’lon qilinadi. «Ushbu chora-tadbirlar Rossiya iqtisodiyotining energetika, moliya va savdo kabi qimmatli tarmoqlarini nishonga olishga mo‘ljallangan va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishni yanada qiyinlashtiradi», — deyiladi press-relizda.

Yangi sanksiyalar paketining asosiy bandlaridan biri Rossiya suyultirilgan tabiiy gaziga (STG) taalluqlidir: bundan buyon uchinchi davlatlar uchun mo‘ljallangan rus STGni Yevropa portlari orqali qayta eksport qilish mumkin emas. Biroq, Rossiya Federatsiyasidan Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘ziga STG yetkazib berishni taqiqlash joriy etilmagan. Shuningdek, neft va neft mahsulotlari narxlari chegarasini chetlab o‘tish uchun foydalanilgan Rossiya flotining 27 tankeriga, xususan, qurol-yarog‘ yoki Ukraina donini tashishda foydalanilgan kemalarga nisbatan ham sanksiyalar e’lon qilindi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi 55 jismoniy va 61 yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Yuridik shaxslar yoki kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat majmuasini (HSM) to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlagani uchun ro‘yxatga kiritilgan: gap uchinchi mamlakatlar - Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va BAA kompaniyalari haqida ham ketyapti.

Ko‘proq yangiliklar: