Ukraina qo‘shinlari Qrimga zarba berishda davom etadi

Jahon 13:02 / 25.06.2024 7464

Ukraina qo‘shinlari egallab olingan Qrimga zarba berishda davom etadi. Bu haqda 24 iyun, dushanba kuni o‘zining Telegram-kanalida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi. U yarimorolni «yirik harbiy lager va yuzlab to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy nishonlar joylashgan omborxona» deb atagan.

Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati keng ko‘lamli urush fonida Qrimda tinch aholi ortida yashirilgan harbiy nishonlarni qamrab olgan «tinch hayotning soxta belgilarini» yaratmoqda. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi yarimorol hududida yashashni va Qrimda dam olishni davom ettirayotganlarni «fuqaroviy okkupantlar» deb atagan.

Yarimorolga hujumlar davom etishini Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») rahbari Kirill Budanov tasdiqladi. The Philadelphia Inquirer nashriga bergan intervyusida u Qrimni Rossiyadan qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni to‘xtatish, Qora dengiz flotini yarimoroldan butunlay siqib chiqarish va Qrim ko‘prigini yo‘q qilish zarurligini aytdi. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi maqsadga Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari yordamida erishish mumkin. 

Sevastopolga raketa zarbasi

23 iyun, yakshanba kuni Sevastopolga beshta raketa uchirildi. Rossiya Mudofaa vazirligi zarba «AQSh tomonidan yetkazib berilgan, kassetali kallaklar bilan jihozlangan ATACMS operativ-taktik raketalari» tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. To‘rtta «havo nishoni» urib tushirildi, yana bir raketa havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining zarbasi natijasida parvoz yo‘nalishidan chetga chiqdi va shahar ustida portladi. 

Kassetali kallaklar bo‘laklarining qulashi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari bolalar edi. Qrim «hokimiyati» ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar soni 150 dan ortiq kishini tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: