Sog‘liqni saqlash vazirligining «Yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatilishini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.
Yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning o‘zida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) ko‘rsatish tartibi tasdiqlanmoqda.
Ushbu buyruq tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston hududida yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga yagona birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.
Buyruq loyihasiga ilova qilingan «Yo‘l transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatilishini tashkil etish tartibi»da birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladigan holatlar va ushbu holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish ketma-ketligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning o‘zida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) ko‘rsatishdan, shuningdek yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyda, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Birlamchi shoshilinch yordam voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarligidan o‘tgan shaxslar tomonidan ko‘rsatiladi. Bunda birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart bo‘lgan zarur tibbiy ashyolardan foydalaniladi.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan quyidagi shaxslar kiradi:
- ichki ishlar xodimlari;
- harbiy xizmatchilar;
- milliy gvardiya xodimlari;
- favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari;
- avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar.
Birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatuvchi shaxs avval ushbu yordamni ko‘rsatish uchun quyidagi sharoitlarni baholaydi:
- shaxsiy hayoti yoki sog‘ligiga tahdid qiluvchi omillarni aniqlash;
- yordam ko‘rsatiladigan shaxs hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid qiluvchi omillarni aniqlash;
- hayot yoki sog‘liqqa tahdid qiluvchi omillarni bartaraf etish;
- jabrlangan shaxslar sonini aniqlash;
- jabrlangan shaxs(lar)ni sog‘liq va hayotga xavfsiz joyga ko‘chirish.
Birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatuvchi shaxs jabrlanganning holatini quyidagi mezonlar bilan aniqlaydi:
- hayotga xavf soluvchi qon ketishini aniqlash;
- hushida ekanligini aniqlash;
- nafas olayotganini aniqlash.