“Nomingizga olingan kredit 2 oy ichida uziladi” degan va’daga ishonib, chuv tushganlarning aksariyati – ishsiz va daromadsiz. Shunga qaramay, banklar ularga katta summada qarz bergan. Hatto hech qayerda ishlamaydigan talabaga ham 293 mln kredit chiqarilgan. Xo‘sh, qanday qilib? Kun.uz surishtiruvining ikkinchi qismida shu haqda so‘z boradi.
Elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi “ZTY Car Energy” va boshqa avtosalonlar egalarining firibgarlik jinoyatlariga oid mavzuni davom ettiramiz. Bu gal 200 dollarga aldangan hamyurtlarimizning kredit sirtmog‘iga ilinishlarida banklarning roli qanday bo‘lganiga e’tibor qaratildi.
Ko‘rsatuv avvalida “ZTY Group” kompaniyasi qanday qilib shuhrat qozongani va o‘zini odamlarga ishonchli kompaniya sifatida ko‘rsata olgani haqida qisqacha to‘xtalsak. 2022 yil apreliga kelib, “ZTY Group” elektromobil olish, sotish, uni quvvatlash va servis xizmatlari yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniya sifatida piar aksiyalar o‘tkaza boshlaydi.
Turli ommaviy axborot vositalari, blogerlar va boshqa mashhur kishilar bunga jalb etiladi. Hatto, mazkur kompaniyaning o‘sha vaqtdagi Ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olgani bular orasida eng ishonchlisi bo‘lsa ajab emas. Tan olib aytish kerak, bunday ko‘rsatuvlar hatto Kun.uz'da ham berilgan. Bunda saytning reklama bo‘limi tomonidan kompaniya hujjatlari tekshirilganida hech qanday kamchilik aniqlanmagan.
Endi fuqarolarni boshi berk ko‘chaga yetaklagan katta miqdordagi kreditlar ishsiz va doimiy daromadsiz kishilarga qanday qilib osongina berib yuborilganini 4 ta bank va ularning mijozlari misolida birma bir ko‘rib chiqamiz. Ro‘yxatimizda: Milliy bank, Asia Alliance Bank, Ziroat bank va Turonbank bor.
Milliy bank
Fotima Yasinjonova 2023 yilning 24 noyabr kuni “Ev Sky” avtosaloni bilan BYD rusumli avtomobil 407 mln 550 ming so‘mlik shartnoma imzolaydi.
Ayni shu kuni Yasinjonova nomiga Milliy bankning Bektemirdagi bank xizmatlari markazidan, 60 oyda qaytarish sharti bilan, 2023/670-sonli avtokredit shartnomasi rasmiylashtiriladi. Kredit miqdori – 203 mln 775 ming so‘m.
Bankka o‘zini o‘zi band qilganlik haqidagi ma’lumotnoma va kredit ta’minoti sifatida kreditni qaytmaslik xataridan sug‘urta polisi taqdim qilingan. Qizig‘i, avtosalon va bank bilan bo‘lgan shartnoma ham, o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham aynan 2023 yil 24 noyabr kuni olingan. Hammasi bir kunda, juda tez va oson.
Fotima Yasinjonovaga ko‘ra, u pasport ma’lumotlarini avtosalon egalariga bergan bo‘lgan. Shular asosida avtosalondagilar barcha hujjatlarni tayyorlab, bankka taqdim qilgani, mijoz shunchaki borib tayyor qog‘ozlarga imzo chekib kelgani aytiladi.
Boshqa bir jabrlanuvchi Sadoqat Jalilova ham Milliy bankdan xuddi shuncha – 203 mln 775 ming so‘mlik avtokredit olgan. U bankning Yakkasaroydagi markaziga topshirgan o‘zini o‘zi band qilganlik ma’lumotnomasi va “Ev Sky” avtosalonining shartnomasi 9 noyabrda, sug‘urta va bank shartnomalari esa bir kun o‘tib, 10 noyabrda olingan.
Ya’ni bir kun farqni hisobga olmasa, ikkala mijoz bir sutka ichida ham avtosalon bilan shartnoma tuzib, ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ham bankdan kredit olishga ulgurgan.
Asia Alliance Bank
Dildora Shabilova 2023 yil 3 noyabr kuni “Green-Watt” MChJ bilan avtomobil yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomasini tuzgan. 6 noyabr kuni Asia Alliance Bank'ning Fayzobod BXMdan 282 mln 975 ming so‘m miqdorda kredit olgan. Uning ham kredit shartnoma muddatlari o‘zini o‘zi band qilganlik ma’lumotnomasini olganlik vaqti bilan bir kunga to‘g‘ri kelgan.
Xuddi shu MChJ bilan shartnoma imzolagan Ravshan Sodiqov esa bankning Shayxontohur BXM mijozi hisoblanadi. U oddiy talaba, hech qayerda rasman ishlamaydi, daromadi ham yo‘q. Hatto o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan ham o‘tmagan. Shunga qaramay, unga 293 mln 454 ming so‘m iste’mol krediti ajratilgan.
Ziroat bank
Begzod Aminov 2024 yil 27 aprel kuni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, bunda o‘zini buyurtma asosida tovarlarni yetkazib beruvchi shaxs deb ko‘rsatgan. Bungacha esa u rasman ishsiz, daromadsiz edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yili 13 dekabrda u Ziroat bankdan 240 mln so‘m miqdorda qarz olishga muvaffaq bo‘lgan va summalarni “Quwwat Motors” MChJ rasmiylariga o‘tkazib bergan.
Turonbank
Oddiy talaba yigit Sherzod Mirsobitov 2023 yil 29 sentabrda Turonbankning Do‘rmon bank xizmatlari ofisidan 454 mln so‘mlik, uy bekasi Dildora Latipova 30 noyabrda Yashnobod BXMdan 260 mln so‘mlik avtotransport uchun iste’mol krediti olgan. E’tiborlisi, ularning ikkisi ham na rasman ishlaydi, na o‘zini o‘zi band qilgan. Biroq bular inobatga olinmay, tijorat banklari tomonidan ularga yirik summada qarzlar berilavergan.
Banklar nima deydi?
Avval aytganimizdek, banklarning ichki tartibiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ham kredit paketlari mavjud. Uni berish qonunga zid emas. Ammo jarayonda yuqoridagi holatlar e’tiborga olinishi kerak edi. Xo‘sh, banklar qarz berishda mijozlarning risklilik darajasini qanchalik o‘rgangan, nima uchun hatto o‘zini o‘zi band qilmagan ishsiz, daromadsiz odamlarga katta summada kredit ajratilgan hamda nima sabab mijozlarni sudga bergan Milliy bank va Asia Alliance Bank undiruvni sug‘urta kompaniyalariga emas, mijozlarga qaratmoqda? Shu savollarga javob olish uchun Kun.uz shu 4 ta bank bilan bog‘landi.
Aytish kerak, tahririyat dastlabki materialni tayyorlash chog‘ida ham banklardan, xususan, Milliy bank va Ziroat bankdan izoh so‘ragan, qolaversa, Asia Alliance Bank'ning mijozlaridan biri bilan bo‘lgan sudda tinglovchi sifatida ishtirok etib, bankning huquqshunosi bilan ham suhbatlashgan. Ammo yuqoridagi birorta savollarga javob ololmagandi.
Keyinchalik, Milliy bank matbuot xizmati avvalgi javobini takrorlab, to tergov jarayonlari tugab, sud bo‘lmaguncha ma’lumot berolmasligini, bunga ruxsat yo‘qligini ma’lum qildi.
Asia Alliance Bank vakillari esa intervyu formatida izoh bera olishlarini, savollarga tayyorgarlik uchun biroz vaqt kerakligini ta’kidladi. Kun.uz muxbiri kredit tashkilotidan savollarga javob olish uchun boshqaruv ofisida bo‘lib, mas’ullarning tayyorlanishini yarim soatlar atrofida kutdi. Jarayonda suhbat uchun joy ham qidirib, endi masalani hal qilganimizda, Chakana kreditlash boshqarmasi boshlig‘i v.b. Jahongir Do‘stbekov intervyu berolmasligini, bank yozma ravishda rasmiy munosabat taqdim qilishini aytib qoldi. Lekin hozircha bu munosabat berilgani yo‘q.
Ziroat bankning marketing bo‘limi vakillari esa vaziyat huquqshunoslar, bo‘lim boshliqlari tomonidan o‘rganilayotgani, aniq ma’lumot keyin berilishini aytdi. Lekin bu tijorat banki ham hali rasmiy izoh berganicha yo‘q.
Turonbank esa yuqorida misol tariqasida keltirilgan holat bo‘yicha tushuntirish berdi. Unga ko‘ra, mijozlarning risklilik darajasini hal qilish masalasi kredit summasining 30-40 foizli qismini boshlang‘ich badal sifatida kiritish talabi qo‘yilganidan boshlangan. Shartnoma talabiga ko‘ra, mijozlar berilayotgan qarzning bir qismini to‘lash majburiyatini olgan va uni to‘lagan ham.
Izohga ko‘ra, Turonbank haqiqatan ham rasman ishsiz, daromadsiz va o‘zini o‘zi band qilmagan fuqaroga iste’mol kreditini ajratgan. Qayd etilishicha, bank tomonidan jismoniy shaxslarga birlamchi va ikkilamchi bozordan elektromobil va gibrid avtotransport vositalarini sotib olish uchun “EkoGreenCar” nomli avtokreditni ajratish to‘g‘risidagi nizom qabul qilingan. Ayan shu nizom asosida uy bekasiga 260 mln so‘m miqdorida kredit shakllantirilgan.
Tijorat muassasasining rasmiy saytidagi xabarga ko‘ra, Turonbank har qanday markadagi elektromobil yoki gibrid mashinalar uchun 4 yil muddatga 660 mln so‘mgacha “EkoGreenCar” avtokreditini ajratadi.
“Avtokredit birlamchi va ikkilamchi bozordagi mashinalar uchun ajratiladi. Asosiysi, rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlar ham rasmiylashtirishi mumkin”,– deyiladi xabarda.
Kun.uz holat bo‘yicha Markaziy bank munosabati bilan qiziqib, regulyatorning matbuot xizmati bilan ham bog‘landi. Ammo Markaziy bankdan izoh bo‘lmadi.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Ish doirasida 200 nafardan ko‘p fuqarolar jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan. Qamoqqa olingan 6 kishi orasida bank xodimlari ham bor-yo‘qligi esa noma’lum bo‘lib qolmoqda, Ichki ishlar vazirligi bu masalaga tergov yakuni bo‘yicha aniqlik kiritilishini bildirdi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Nizomjon Toshpo‘latov.
Montaj ustasi Sherzod Egamberdiyev.