Zominda “II Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi

O‘zbekiston 12:54 / 24.06.2024 6405

27-30 iyun kunlari Jizzaxning Zomin tumanida YuNeSKO va AYSESKO shafeligi ostida “II Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi.

Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, Xalqaro xay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari bo‘yicha baholanadi. G‘oliblari diplom, statuyetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Anjuman ochilish marosimida BMT Tinchlik instituti rektori R.Aravena, YuNeSKO Bosh kotibi o‘rinbosari G.Ramoz, YuNeSKO 42 Assambleyasi prezidenti M.Mikulesku, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari N.Seytimov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi S.Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti A.Raimqulova, xalqaro folklor tashkilotining Osiyo mintaqasi bo‘yicha Bosh kotibi M.H.Suk, Turkiy parlament assambleyasi raisi M.S.Er va boshqalar faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi kutilyapti. 

Ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan anjumanda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

Ma’lumot uchun, Xalqaro maqom san’ati anjumani birinchi marotaba 2018 yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan va uning ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: