"O‘zbekiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Zufar Narzullayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Polshaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari "Polsha davlat temiryo‘llari" (PKP S.A.) aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Dariush Grayda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda temiryo‘l tashuvlari sonini oshirish, jumladan o‘zaro imtiyozlar taqdim etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Dariush Graydaning aytishicha, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Polsha Yevropa Ittifoqiga raislikni boshlashi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.
Muzokaralar yakunida "Polsha davlat temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, "O‘zbekiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya va modernizatsiya qilish jarayoniga polshalik ekspertlarni jalb qilish, mamlakatda yuk ko‘tarish uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini hamkorlikda amalga oshirish to‘g‘risida kelishib olindi.