“Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasida namoyish etiladigan aksariyat ashyolar, shu jumladan, shatranj donalarining eng ko‘hna to‘plamlaridan biri va Afrosiyobdagi hashamatli 6 metrlik “Elchilar xonasi” devoriy surati Londonda ilk bor namoyish etiladi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Ipak yo‘li” ko‘rgazmasi uchun Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanayotgan 14 ta eksponatni taqdim etadi.
Ular orasida Markaziy Osiyoning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi ahamiyatiga dalolat bo‘luvchi Varaxsha saroyi alvon mehmonxonasining devoriy surati, qopqoqli suyakdon, so‘g‘d yozuvi tushirilgan kumush idish, Kofirqal’a xarobasiga oid ko‘za va boshqa noyob arxeologik topilmalar mavjud.
“Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasi 2024 yil 26 sentabrdan 2025 yilning 23 fevraliga qadar Britaniya muzeyidagi Sainsbury ko‘rgazmalar galereyasida namoyish etiladi.