Jizzaxda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ADM Global kompaniyalar guruhi rahbari Daniyar Davletiyarov Kun.uz'ga intervyu berdi. U suhbat davomida ADM Jizzakh zavodi qanday tashkil etilgani, kompaniya nima uchun UzAuto bilan faqat yuqoriroq segmentlarda raqobat qila olishi, Lacetti o‘rniga shu klassdagi avtomobil taqdim etish rejasi va milliy avtobrend yaratish orzusi haqida so‘zlab berdi.
ADM Global kompaniyalar guruhi Kia, Chery, Haval, Hyundai Truck & Bus kabi avtomobil brendlarining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori hisoblanadi. Guruh tarkibida, shuningdek, Kia, Chery va Haval brendlari ostida yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi ADM Jizzakh zavodi ham faoliyat yuritmoqda.
ADM Global kompaniyalar guruhi rahbari Daniyar Davletiyarov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekiston avtomobil sanoatining buguni va kelajagi, mahalliy va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish strategiyalari haqida so‘zlab berdi.
«2014 yildan beri avtomobil biznesi sohasida ishlab kelamiz. Birinchi Lada avtomobillarini olib kirib, servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, salonlar ochishni boshlaganmiz va o‘zimizni yaxshi ko‘rsatganmiz. U paytda bozorda asosiy ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors edi. 2018 yilda avtomobil ishlab chiqarish qaroriga keldik. Tegishli idoralar bilan muzokaralar o‘tkazganmiz, maqsad O‘zbekistonda yig‘ish zavodini ochish edi. Utilizatsiya yig‘imini kamaytirish uchun O‘zbekistonda zavod qurishimiz kerak, deb hisoblab, hamkorlar bilan kelishganmiz. Kia, Lada, Renault kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, 2020 yilda zavod qurilishini boshlaganmiz», deydi Daniyar Davletiyarov.
O‘tgan yili ADM Jizzakh zavodining Jizzax viloyati sanotida ulushi 46 foizni tashkil qildi. Ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahalliylashtirish hisobiga 2024 yilda bu ko‘rsatkichni 80 foizga chiqarish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda avtomobil bozoridagi vaziyat haqida
— Biz bu bozorda 2019-2020 yilda ishni boshlagan bo‘lsak, 2021 yilda bozorga to‘liq kirib kelganmiz. U payt bozor boshqacha edi: talab kuchli, taklif esa kam. 2021 yilda 4 mingta, 2022 yilda 7 mingta, 2023 yilda 24 mingta mashina sotganmiz va xaridorlarga o‘z vaqtida yetkazganmiz. Masalan, hozirgi vaqtga kelib zavod qurish kerak bo‘lganda qurmasdim, chunki hozir bozor tushyapti. O‘tgan yili O‘zbekiston bo‘yicha jami 405 mingta avtomobil yetkazilgan.
Bu yil esa bozor tushyapti. Masalan, aprel oyida sotuvlar o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 11 foiz kam bo‘lgan. Hali bu tendensiya davom etadi, deb o‘ylayman. Lekin O‘zbekistonda avtomobilizatsiya kam, mingta aholiga 105 ta mashina to‘g‘ri keladi, AQShda bu 700 ta atrofida. Inflatsiya, bank kreditlari foizi balandligi hisobiga talab kamaygan. Hozirgi paytda bozorimizda raqobat kuchli, ko‘p brendlar kirib kelgan. Raqobat kuchli, lekin talab kamaygan ayni payt. 2024 yil oxirida 2023 yilga nisbatan 5-7 foiz tushadi. Lekin uzoq muddatli prognozga qarasak, masalan 2027 yilda yillik avtomobil xaridi 600-700 mingtaga yetadi.
Kelajak avtomobillari: elektromobilmi yoki benzin?
— Bizda bitta muammo bor hozir. Bir necha yildan keyin benzinda yuradigan avtomobillarga cheklov qo‘yilmaydimi? Hozir shu masala bo‘yicha murojaat qilyapmizki, strategiyani aniqlab beringlar deb. Agar cheklov bo‘ladigan bo‘lsa, biz hozirdan investitsiyamizni gibrid yoki elektromobillarga yo‘naltirishimiz kerak.
Bir necha yil oldin elektromobillar ishlab chiqarish kengayib ketadi, deyilardi. Lekin hozirgi tahlillarimizga ko‘ra, elektromobillar bozorning 15-20 foizini egallashi mumkin, yana 15-20 foizi gibrid, qolgani an’anaviy mashinalar bo‘ladi. Shuning uchun davlat bilan muzokaralar qilib, birga ishlab, tahlillar bo‘yicha investitsiyamizni qayerga yo‘naltirishni belgilab olishimiz kerak. Keyin bizga eksport qilish talabi qo‘yilgan, shu sabab biz eksport qilishimiz mumkin bo‘lgan qo‘shni va mintaqaviy davlatlar bozoriga ham qaraladi, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda hali ham an’anaviy dvigatelli mashinalardan foydalaniladi. Shuning uchun asosiy urg‘u, taxminan 75 foiz, baribir benzinda ishlaydigan mashinalarga bo‘ladi.
Ekologik stikerlar kiritish amaliyoti taklif etilyapti, biz bunga to‘liq qo‘shilamiz. O‘zim Qoraqalpog‘istonda tug‘ilib o‘sganim uchun ekologiya borasida ko‘p narsani, og‘riqli tomonlarini bilaman. Bu qaror bo‘yicha ham aniq bandlar ko‘rsatilsa, kompaniyalar ham shunga qarab moslashadi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalarga zavodlar tomonidan stikerlar berilishi kerak boshidan. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot bo‘lib, sertifikatsiyadan o‘tgani uchun stikerlarni zavodlar berishi vakolati taqdim etilishini taklif qilyapmiz hozir. Agar davlat Yevro-5 talabini qo‘ysa, biz shu bo‘yicha ishlab chiqarib, o‘zimiz stiker qo‘yib berolamiz. Hozir mashinalar 3 yil ichida yashil stikerda bo‘ladi va undan keyin yana sertifikatsiyaga borishi kerak. Biz shuni 5-10 yil qilishimiz ham mumkin.
Benzin sifati masalasi ham bor. Mashina Yevro-5 yoki Yevro-6 bo‘lsa-yu, yoqilg‘i Yevro-2 yoki Yevro-3 bo‘lsa, tutuni Yevro-5 niki bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun standartlar ikki tomonlama, parallel ketishi kerak.
Raqobat va monopoliya haqida
— Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida raqobat kuchli. Bojxona import stavkasi 15 foizgacha tushirildi, dvigatel kuchiga qarab hisoblanadigan normalar ham tushdi. Dvigateli 1 litrgacha bo‘lgan mashinalar stavkasi nolga teng. 1,2 litrgacha 5 foiz. Shuning uchun raqobat kuchli hozir bozorimizda.
Monopoliya deymiz, bunaqa atashga o‘rganib ham qolganmiz. Bir tomondan to‘g‘ri ham, chunki biror kompaniya bozorda 40-50 foizdan baland ulushga ega bo‘lsa, avtomatik tarzda monopoliya hisoblanadi.
Ikkinchi tomondan bugun O‘zbekistondagi rasmiy to‘rtta zavod: bizning zavod, BYD zavodi, Asaka Motors, UzAuto Motors o‘rtasida deyarli farq yo‘q, ishlab chiqarish bir xil. Albatta, «O‘zavtosanoat» 30 yildan beri rivojlanib kelayotgan davlat tashkiloti bo‘lgani uchun hozirgi kunda ularga tenglashish bizga qiyin, chunki shuncha yillardan beri ular qo‘llab-quvvatlangan. Bugun biz ham raqobatlashishimiz, bir xil model ishlab chiqarishimiz mumkin, lekin mustaqil tashkilot sifatida ularga tenglashish bizga qiyin. 30 yildan beri ular butun zanjirni yo‘lga qo‘yib bo‘lgan. Ularning narxiga tenglashish juda qiyin, masalan biz hozir Cobalt yoki Onixʼga o‘xshagan mashina ishlab chiqaramiz desak, bu narxda ishlab chiqara olmaymiz.
Lekin boshqa segmentlarda raqobatga to‘liq tayyormiz. Masalan, D segmentdagi sedanlar: Malibu va bizning K5 bor. Joriy yilning 4 oyi davomida biz 2000 taga yaqin K5 sotdik. Rasmiy ma’lumotlarga qaralsa, shu vaqtda Malibu 500 yoki 600 dona sotilgan. Bu segmentda biz ulardan ko‘p avtomobil sotyapmiz.
Hozir Tracker bilan deyarli bir xil segmentdagi Sonet modelini ishlab chiqarishni boshladik. O‘ylaymanki, har bitta mahsulot o‘zining xaridoriga ega. Modellar bir-biridan farq qiladi: biri uzunroq, biri kaltaroq, biri turbo dvigatelli, biri oddiy atmosferali.
Hozir S segmentdagi Lacetti bozordan chiqib ketyapti, shuning o‘rniga biz shu toifadagi birorta model taqdim qilishga harakat qilyapmiz.
O‘zbekistonda mashinalar narxi
— Qaysidir davlatda arzon yoki qimmatligi haqida gapirish hammaga oson. Masalan, eng arzon avtomobil ishlab chiqarish hozir Xitoyda. Tasavvur qiling, Xitoyda bitta model 1 mln dona chiqsa, O‘zbekistonda 400 mingta ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlar ikkalasida deyarli bir xil. U yerda barcha qismlar o‘zida ishlab chiqaradi, davlat to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, aylanma mablag‘ uchun davlat krediti foizi 1 foiz, bizda bilasizmi bu qancha – 10 foiz.
Har bir davlatning bozori uchun o‘z talabi bor. Xitoyda ishlab chiqarilgan mashina O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi. Bizning sertifikatsiyamiz qo‘shni davlatlar bilan deyarli bir xil. Chunki bir-birimizga eksport qilamiz. Masalan, Xitoy mashinalari xavfsizlik bo‘yicha bizning mashinalardan pastroq. Agar ular bizga to‘g‘ri keladigan mashina ishlab chiqarsa, tannarxi oshadi ularning ham.
Demoqchimanki, O‘zbekistonda ishlab chiqargan hamyonbop mashinani boshqa davlatlarda topish qiyin (texnik jihatdan bir xilini). Xitoy mashinalar texnik jihatdan bir xil emas bizniki bilan, shu sabab arzon.
Milliy avtobrend yaratish
— O‘zbek milliy avtomobil brendini yaratish orzumiz. Shuncha mutaxassislar bor, zavodlar qurilyapti bizda, bunday bozorni asrab qolish kerak. Kimdir endi shu milliy brendni yaratishi kerak – biz shu yo‘ldamiz. ADM Global kompaniyamiz logistika, avtomobil ishlab chiqarish kabi sohalarda faoliyat olib boradi. Endi injiniringda ham ishimizni olib boryapmiz.
Milliy brend yaratishni oldinroq qilish kerak edi. Hozir brendlar ko‘p bozorda, shu sabab qiyin, barchasi bilan raqobat qilish kerak. Bir-ikki yilda O‘zbekiston brendi bilan avtomobil taqdim qilmoqchimiz, 5-6 yilda esa elektromobil taklif qilmoqchimiz.
Umuman olganda, UzAuto'ning Ravon brendi bor bu borada. Lekin hozir bu borada ishni davom ettirishmayapti. Biz endi shu narsaga erishmoqchimiz. UzAuto bilan birgalikda qilishimiz ham mumkin, ularda katta mutaxassislar bazasi bor. Nasib etsa, milliy brendimiz eksportda ham xaridorgir brend bo‘ladi.