Mo‘g‘uliston prezidentning tashrifi, O‘zbekistonga dam olishga kelgan teraktdan jabr chekkan rossiyalik bolalar, O‘zbekistonga xorijlik turistlar oqimi oshdi.
Mo‘g‘uliston prezidentining tashrifi
23 iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bugun Ko‘ksaroy qarorgohida rasmiy kutib olindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi.
Davlat tashrifi davomida jami 14 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston prezidentlari ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Tez fursatda Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonda savdo uylarini ochish va ikki mamlakat poytaxtlarida sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim va bozorlarga kirishni yengillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashga kelishib olindi.
Rossiyalik jabrdiyda bolalar O‘zbekistonda
O‘zbekiston “Krokus Siti”dagi terrorchilik aktidan jabrlangan oilalarning bolalarini qabul qildi
Rossiyadan kelgan bolalar ta’tilni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Anor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazadilar. Ularga tashkilotchilar tomonidan sport kiyimlari va zarur texnik jihozlari sovg‘a tariqasida ulashildi.
Rossiyalik bolalarning 14 kunlik ta’til paytida yaxshi dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, ular turli sport turnirlarida, mahorat darslarida qatnashadilar, bu yerda ularga taniqli sport ustalari dars beradi. Rasm chizish, raqs, teatr mahorati, musiqa, kompyuter sinfi, shuningdek kutubxona bolalar ixtiyorida bo‘ladi.
Bolalarning mazmunli hordiq olishi kun tartibidan suv sportlari festivali, qiziqarli kvestlar, komik estafetalar, xorijiy, mahalliy filmlar va spektakllar namoyishlari, shuningdek, video-tanlov o‘tkazish o‘rin olgan.
Qayd etib o‘tish kerak, “Anor” oromgohida avvalgi yilda ukrainalik bolalar ham hordiq chiqargan edi.
Zominda xalqaro festival
27-30 iyun kunlari Jizzaxning Zomin tumanida UNESCO va ICESCO shafeligi ostida “II Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi. Ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan anjumanda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, Xalqaro xay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari bo‘yicha baholanadi. G‘oliblari diplom, statuyetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro maqom san’ati anjumani birinchi marotaba 2018 yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan edi.
Mavzuga oid yana bir xabar: Zomin aeroportiga Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Airbus A320 samolyotida ilk sinov parvozini amalga oshirdi. Transport vazirligi xabariga ko‘ra, tez orada aeroportga o‘rta magistral samolyotlar muntazam parvoz qilishni boshlaydi.
Janubiy Koreyadan oltita tezyurar poyezd keltiriladi
Koreya Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida "O‘zbekiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi o‘rtasida 250 km/soat tezlikka mo‘ljallangan oltita tezyurar poyezdni yetkazib berish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Polshaning Kurier Kolejowy jurnalida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tezyurar poyezd KTX-Eum poyezdining o‘xshashi bo‘lib, u o‘z navbatida 430 km/soat tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan HEMU-430X tezyurar poyezdi negizida yaratilgan. Har biri yetti vagonli poyezd 389 o‘ringa ega bo‘ladi va VIP, biznes va ekonom klasslarni, shuningdek, ovqatlanish vagonini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonga taqdim etilayotgan tezyurar poyezd "Jaloliddin Manguberdi" deb nomlanadi. Ushbu tezyurar poyezd ishga tushgach, Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofa yetti soatda bosib o‘tilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonga turistlar oqimi oshmoqda
2024 yilning yanvar-may oylarida 2,8 milliondan ortiq chet el fuqarolari turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 248,2 ming nafarga yoki 9,6 foizga oshgan.
2024 yilning 5 oyida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolarining mamlakatlar kesimida soni bo‘yicha Tojikiston yetakchilik qilmoqda – 871,5 ming nafar.
Undan so‘ng yaqin qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston – 857 ming nafar, Qozog‘iston – 498,2 ming nafar, Rossiya – 289,6 ming nafar, Turkmaniston – 53,8 ming nafar turibdi.
Uzoq xorij davlatlaridan Turkiya – 42,1 ming nafar, Hindiston – 23,2 ming nafar, Xitoy – 22,8 ming nafar, Italiya – 15,3 ming nafar, Janubiy Koreya – 15,1 ming nafar turist bilan kuchli o‘nlikdan o‘rin olgan.
Qolgan boshqa barcha davlatlardan jami 148,7 ming nafar sayyoh O‘zbekistonga kelgan.