«4 soatda 6 ta uxlatadigan ukol qilishgan» – Toshkent shahridagi 4-bolalar shifoxonasidan onalar norozi

Jamiyat 12:00 / 23.06.2024 13346

Tahririyatga Toshkent shahri Shayxontohur tumani Bog‘ko‘cha dahasida joylashgan shahar 4-bolalar klinik shifoxonasida davolanayotgan bolalarning onalaridan murojaat kelib tushdi. Unda shifoxonaga olib borilgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam yomonligi, kasalxonada davolanish uchun yetarli sharoit yo‘qligi aytilgan. Kun.uz muxbiri shifoxonaga borib, onalar bilan suhbatlashdi.

19 iyun kuni 6 oylik chaqalog‘ini shifoxonaga olib kelgan Madina Usmonova reanimatsiya bo‘limida bolasining issig‘ini tushira olishmayotganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, chaqalog‘iga bronxopnevmoniya tashxisi qo‘yilgan, bolasi 10 kun oldin isitmalashni boshlagan. Bu yerda kelishdan oldin xususiy klinikada davolangan. Isitmasi tushavermagach, shahar 4-bolalar klinik shifoxonasiga olib kelgan.

«Olib kelganda farzandimning isitmasi 38,5-39 daraja edi. Shifoxona qabulxonasiga kirganimning o‘zidayoq yotaymi-yotmaymi deb ikkilandim. Juda abgor holatda edi. Bizning tumanga qaragani uchun shu yerga kelishga majbur bo‘ldim. Farzandim reanimatsiyada yotibdi, birorta zamonaviy texnika yo‘q, chaqaloqlar o‘tgan asrda qolib ketgan temir krovatlarda yotishibdi. Sematika bo‘limida 3 kun yotgan bo‘lsam ham bolamning issig‘i tushmadi», – deydi ayol.

Jahona Mirvohidova ham farzandini 19 iyun kuni shu shifoxonaga olib kelgan. Uning chaqalog‘i 9 oylik bo‘lib, unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

«Kelgan kunim jonlantirish bo‘limiga olib kirishdi. 4 soat ichida isitmasini tushirish uchun qatorasiga 6 ta analgin qilishdi, lekin issig‘i tushmadi. Bosh shifokor biror marta kelgani yo‘q. Endi 5-sonli shahar shifoxonasiga yo‘llanma yozib berishlarini kutyapmiz, bolamni o‘sha yerga olib bormoqchiman», – deydi u.

Farzandini 20 iyun kuni shifoxonaga olib kelgan Munisa Husanova ham yuqoridagi ayollarning gaplarini takrorladi. U ham bolasini oldin xususiy shifoxonada davolatgan. 4-shahar bolalar klinikasiga esa issig‘i tushmagani sabab olib kelgan.

«Bolamni 40 daraja isitma bilan olib kelgandim. Tomog‘idan beryapti deyishdi. Reanimatsiyaga olib kirib ketib, ertalab isitmasi tushdi, 37,4 deb qaytarib berishdi. Lekin termometrda o‘lchasam 38,5 ekan. Nega bunaqa bo‘ldi deb so‘rasam, hozir tushgan edi deb o‘zlarini oqlashdi. Hozir SAMPIga olib keldik», – deydi 9 oylik chaqaloqning onasi.

Bundan tashqari, ayollar shifoxonadagi boshqa sharoitlardan ham norozi. Ular rakovinalar yaxshi ishlamayotgani, issiqda xonani sovitishning iloji bo‘lmayotgani, bino eskirib, abgor holatga kelib qolganini aytishgan.

«Tomlari qulab tushgudek bo‘lib turibdi. Binoni ko‘rgan kishi uni poytaxtdagi bolalar shifoxonasiga o‘xshatmaydi. Axir poytaxtda aholi ko‘payib boryapti, shifoxonalar bemorlar bilan to‘lyapti. Nega yangi bino qurish haqida o‘ylashmayapti?» – deydi Madina Usmonova.

Ko‘proq yangiliklar: