Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘zbekiston 18:30 / 22.06.2024 2442

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, shuningdek, ularni aniqlash va tergov qilish uslublarini takomillashtirishga qaratilgan raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish maqsadida «Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish nazarda tutilgan. Institut raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqot va ishlanmalar markaziga aylanishni maqsad qilgan. 

Qarorning asosiy jihatlari: 

1. Institutga raqamli kriminalistika sohasida sud-tibbiy ekspertiza va tadqiqotlar o‘tkazish vakolati beriladi; 

2. Kiberjinoyatlarni tergov qilish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi. Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirishda “katta hajmli ma’lumotlar” (Big Data) tahlili, sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi; 

3. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq etishda amaliy yordam ko‘rsatiladi; 

4. Raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazish usullari ishlab chiqiladi va takomillashtiriladi; 

5. Kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish usullari ishlab chiqiladi; 

6. Raqamli kriminalistika sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi; 

7. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik kengaytiriladi. 

Qarorda «Raqamli dalillarning yagona reyestri» – idoralararo avtomatlashtirilgan tizimni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Reyestr raqamli dalillarni, jumladan, fotosuratlar, video va audio yozuvlar, elektron hamyonlar haqidagi ma’lumotlar, kripto-aktivlar manzillari, IP-manzillar va jinoyatlarning boshqa raqamli izlarini to‘plash, qayd etish, saqlash va tahlil qilish uchun mo‘ljallangan.

Ko‘proq yangiliklar: