Avvalroq, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida joylashgan 16-bog‘chada tarbiyachi bolalarni oyoq kiyimi bilan urgani va u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida xabar bergandik.
Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, tarbiyachi K.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110- moddasi (qiynash) 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 20 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni shippak bilan urgani tasvirlangan videolavha tarqalgan.
Ishchi guruh tomonidan holat o‘rganilganda bolalarni oyoq kiyim bilan urgan ayol G‘allaorol tumanidagi 16-bog‘cha tarbiyachisi ekani aniqlangan. 2024 yil 19 iyun kuni tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
O‘zbekistondagi bog‘chalarda tarbiyachilarning bolalarga kuch ishlatishi va qiynashi tez-tez uchrab turadi. Avvalroq, Chirchiqda bog‘cha tarbiyachisi bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ygandi.
Toshkentda tarbiyachi bola bilan qo‘pol munosabatda bo‘lib, qo‘lini ko‘kartirgan, boshqa bir tarbiyachi bolani urib, haqoratlagan, Xorazmda bolalarning yuziga urgan va ularning qo‘llariga igna sanchgandi.