Ukrainada qozog‘istonlik jurnalistga suiqasd qilgan shaxslar aniqlandi 

Jahon 20:40 / 21.06.2024 5435

Ukraina tergovchilari Kiyevda qozog‘istonlik muxolifatchi jurnalist Aydos Sodiqovga suiqasd uyushtirgan shaxslarni aniqlaganini ma’lum qildi. 

Ukraina Bosh prokuraturasi saytida Qozog‘istonning ikki fuqarosi – 1988 yilda tug‘ilgan Oltoy Jakanboyev va 1991 yilda tug‘ilgan Meyram Qoratoyevga nisbatan gumon e’lon qilindi. 

Gumon matnida aytilishicha, ular 2 iyun kuni Kiyevga kelib, Sodiqov ustidan kuzatuv o‘rnatgan. Mashina sotib olib, jabrlanuvchining sayohat yo‘llari haqida ma’lumot to‘play boshlagan. 

Shuningdek, ular ovoz o‘chirgichli to‘pponcha sotib olib, jinoyat sodir bo‘lgan joy yaqinidagi kvartirani ijaraga olgan. Suiqasd sodir etilgan kuni ular Sodiqov yashayotgan uyga mashinada borgan. Qoratoyev uni kiraverishda to‘pponcha bilan kutib turgan, Jakanboyev esa atrofdagi vaziyatni kuzatgan. 

Sodiqovning mashinasi kiraverishda to‘xtaganidan so‘ng, Qoratoyev unga yaqinlashib, jabrlanuvchining boshiga o‘q uzgan. Jinoyat joyini tark etgach, yigitlar qurolni Kiyev hayvonot bog‘iga uloqtirishgan. 

Gumonlanuvchilar jinoyat sodir etilgan kuni Moldova bilan chegarani kesib o‘tgan, ular xalqaro qidiruvga berilgan, deb xabar berdi Ukraina Milliy politsiyasi. 

Kiyev sudi ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi sirtdan ehtiyot chorasini tanladi. 

Bundan tashqari, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar 2 iyun kuni Ukraina hududiga Polsha orqali kirib kelgan. 

Qayd qilinishicha, tergovga qadar tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchilarni ushlash choralari ko‘rilmoqda. 

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi 21 iyun kuni Meyram Qoratoyev ichki ishlar organlaridan 2019 yilning yanvarida bo‘shatilgani va hozir politsiyachi emasligini ma’lum qildi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev huquq-tartibot idoralariga gumonlanuvchilarning manzilini aniqlashni topshirdi. 

Qayd etilishicha, Qozog‘iston tomoni Ukraina huquq-tartibot idoralari bilan, jumladan, Interpol orqali hamkorlik qilishga tayyor. 

18 iyun kuni Kiyevda qozog‘istonlik muxolifatchi jurnalist Aydos Sodiqovga suiqasd uyushtirildi. Sodiqov og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. 

Aydos Sodiqov bir necha bor Qozog‘iston hukumatini tanqid qilgani, shuningdek, 2022 yil yanvaridagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni rossiyaparastlikda ayblagan keskin tanqidlari bilan tanilgan. 

U 2014 yilda qochqin maqomini olgan va Ukrainaga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: