O‘zbekistonda intellektual mulk obektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 12:30 / 21.06.2024 1155

Senat yalpi majlisida “Intellektual mulk obektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatda jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini ta’minlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish hamda fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini ta’minlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Muhokama qilingan qonun bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk obektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: